Amerikalik professor: Markaziy Osiyo - turlicha yo'nalishda ketayotgan besh real davlat

Bishkek, 2013

Mustaqil davlat sifatida deyarli chorak asrlik tajribaga ega mamlakatni tashqi dunyo nimalarga qarab baholashi mumkin? Barqarorlik, iqtisodiy ko'rsatkichlar va ishsizlik darajasi, tirikchilik, ta'lim va umummadaniyat. Davlat va xalqlarni qiyoslash ko'p hollarda adolatsiz ko'rinadi, chunki hammaning o'z bosib o'tgan yo'li, hukumatlar belgilagan tamoyili va rahbari bor.

Yaqinda Jorjtaun universitetida mintaqa haqida ma'ruza qilgan AQSh Mudofaa universiteti professori Rojer Kangas (Roger Kangas) tahlilicha, har bir respublika oldida qator imkoniyatlar bor - tanlash imkoniyatlari - ba'zilari yaxshi, ba'zilari yomon.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Markaziy Osiyoga yondashuvini yangilashi kerak, deydi professor Rojer Kangas - Navbahor Imamova

Your browser doesn’t support HTML5

Central Asia: What's Next? Conference @Georgetown - Dr. Roger Kangas, National Defense University

"Har biri real davlat", - deydi Kangas. "Har birining o'z yutug'i, muammosi, manfaati va xatolari bor. Bir-biridan ustun jihatlari bor. Har biri o'ziga xos yo'nalishda. Shu sabab ularni alohida emas, ko'proq bitta mintaqa sifatida ko'rish ish bermasligi mumkin. Chunki, ular o'z kelajagini turlicha tasavvur qiladi".

Professor Kangas fikricha, chet elda bilim olib qaytayotgan yoshlar mintaqaning tayanchidir. Ular albatta vatanda qiynaladi, o'zi xohlagan ishini topish va xorijda o'rganganlarini mahalliy muhitda tatbiq etish oson emas. Lekin atroflarida o'zlariga o'xshagan odamlar ko'paygani sari sharoit yangilanishi tabiiy. Kimdir eski muhitga moslashishga majbur bo'lar, lekin olimning kuzatishicha, chet elda bilim olgan va malaka oshirgan shaxs baribir boshqacha o'ylay boshlaydi, yondashuvi o'zgaradi.

Axborot oqimining cheklangani, erkin ma'lumot olish qiyinligi sabab mintaqa ahli asosan rus manbalariga tobe. G'arb, xususan Amerika va Yevropa haqida yanglish tasavvurlar hukmron.

Masalan, deydi professor Kangas, "Islomiy davlat" AQShning Rossiyaga qarshi to'qimasi, fitnasi deb qaraladi. Markaziy Osiyoda hatto ziyolilardan bunday gaplarni eshitasiz, deydi ekspert. Kulasiz, ammo bu tasavvurlarga qo'l siltab keta olmaysiz, chunki ularning ta'siri chuqur, deydi Kangas.

Jorjtaundagi ma'ruza asosan Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas'ul diplomatlar, mintaqashunoslar, jurnalist va professorlar uchun edi. Kangas o'z safdoshlarini regionga nisbatan qarashlarida qotib qolmaslikka chaqirdi.

To'g'ri, deydi u, mintaqa bitmas-tuganmas muammolar o'chog'idek tuyuladi; taraqqiyot faqat qog'ozda-yu, so'zda hamma narsa orqaga ketgandek. Izchil izlanishlar olib borish imkoniyati cheklangan. Biroq mintaqa yangilangan, globallashgan va bu jarayonni to'xtatish yoki unga to'siq qo'yish mumkin emas, deydi professor.

Amerikaning asosiy xatosi, deydi Kangas, mintaqadan siyosiy instrument sifatida foydalanib kelayotgani. Markaziy Osiyo hamisha qayergadir yo'l, qandaydir maqsad uchun vosita, qaysidir strategik manfaat uchun vaqtincha hamkor. AQSh Xitoy va Rossiyadek yirik qo'shnilar bilan bellashishni xohlamasligi, mayli ular mintaqa bilan aloqani yaxshilayversin, Vashington uzoqdagi sodiq hamkor bo'lib qoladi, deb bong urushi mumkin, biroq ishonch masofa tanlamaydi. Amerika mintaqa ahli ishonchini qozonishi, yaxshi va yomon kunlarida unga ko'maklashishga shay ekanini isbotlab berishi lozim, deydi professor.

Albatta bu ish aytishga oson, qilishga qiyin. G'arb siyosatdonlari bilan gaplashsangiz, ularning ham Markaziy Osiyo rahbarlariga nisbatan o'z shikoyat va nolalari bor. Diplomatlar shu paytgacha ko'plab usul va imkoniyatlar ishga solinganini aytadi. AQSh har bir mamlakatda o'z tajribasiga ega, tegishli saboqlar olgan.

Xo'sh, hozir Amerika oldida Markaziy Osiyodagi rolini kuchaytirish, mintaqa ahli ishonchini oqlash uchun qanday yo'llar bor, deya so'raymiz professor Kangasdan.

Rojer Kangas AQSh Mudofaa universiteti professori, mintaqashunos

Markaziy Osiyo aslida turli yo'nalishda ketayotgan, o'ziga xos manfaat va imkoniyatlarga, o'tmish va tajribaga ega besh real davlat. Amerika, deydi u, har bir mamlakatda o'ziga va mezbon davlatga ma'qul 2-3 maqsadni belgilab olib, astalik bilan harakat qilishi kerak. Keskinlik samara bermaydi, deydi professor. Vashingtonga yana bir maslahat: ta'lim sohasini quvvatlang, shuningdek, AQShda bu mintaqani o'rganayotganlarga yordamni oshiring.
AQSh Mudofaa universiteti professori Rojer Kangas tahlili

Amerika ko'p hollarda haddan tashqari qattiq harakat qiladi, deydi ekspert, Amerika asossiz muhabbat istagan odamga o'xshaydi shu jihatdan. Natijaga qarang: AQShga nisbatan munosabat salbiy, unga bosim va shart orqali ishni bitiradigan tomon sifatida qarashadi. Diplomatlar elchixonalarga tiqilib qolgan, mezbon davlatni yaxshi tushunmaydi, tushunsa ham samarasi yo'q; tashkilotlarning faoliyati cheklangan. Har qanday muhitda, Amerika o'zi uchun 2-3 muhim maqsadni belgilab olishi va ularga erishish uchun kim bilan qanday ishlashi kerakligini bilishi zarur. Ulkan loyihalar bilan chiqish shart emas, millionlab dollar ham kerak emas. Kichikroq, arzonroq programmalar bo'lsin, lekin samara bersin.

"Katta masalalarga ko'z yuming, demayman. Ularga e'tibor berish kerak. Biroq bu e'tibor sarmoya talab qiladi. Faqat moddiy emas, intellektual resurs. AQSh hukumati mintaqani o'rganayotgan, mintaqa bilan aloqalarni kuchaytirishda xizmat qilayotgan mutaxassislarni, talaba va faollarni quvvatlashi lozim. Markaziy Osiyoni chuqur biladigan odamlar kerak. Demak, ta'limga ko'proq pul sarflang".

"Hozir ham kuchli mintaqashunoslarimiz ko'p. Ularni tinglang. Ular sizga amaliy takliflar berishi mumkin. Mablag' yo'q, deb umidsizlanish kerak emas. Bor mablag' bilan ham ko'p ish qilish mumkin. Mintaqa dardini tinglang, o'z xalqingiz fikrini tinglang. Ilm ahliga tayaning".