Xalqaro hamjamiyat Qirg'izistonni tiklash uchun 1,1 milliard dollar va'da qildi

  • Amerika Ovozi
Pulning bir qismi O'sh va Jalol-Obod shaharlarini tiklashga, qolgani esa energetika infratuzilmasi, bank va qishloq xo'jalik sektorlarini jonlantirishga sarflanishi ko'zda tutilgan.

Bugun Bishkekda o'tgan xalqaro donorlar anjumanida so'nggi bir necha oy davomida etnik va siyosiy zo'ravonliklardan zarar ko'rgan Qirg'iziston tiklash uchun 1,1 milliard dollar yordam puli ajratilishi haqida e'lon qilindi.

Prezident Roza Otunbayeva 1,2 milliard dollar so'ragan edi.

Uning aytishicha, O'sh iqtisodiyotini tiklash uchun 100 million dollar, O'sh va Jalol-Obodda vayron bo'lgan uylarni qayta qurish uchun esa 350 million dollar kerak.

Pulning yana bir qismi energetika infratuzilmasini tiklash, bank va qishloq xo'jalik sektorlarini jonlantirishga sarflanadi, deydi u. Ma'lum bo'lishicha, 600 million dollar yil oxirigacha, qolgani esa kelasi 30 oy davomida ajratiladi.

BMTning Qirg'izistonda gumanitar ishlar bo'yicha koordinatori Nil Uokerning aytishicha, janubdagi xunrezliklardan jabr ko'rganlarni oziq-ovqat, kiyim-kechak, boshpana, dori-darmon va ta'lim bilan ta'minlashga qaratilgan dasturlar uchun 96 million dollar zarur.

Otunbayeva "tiklanish loyihalari ustidan qattiq nazorat o'rnatiladi" deya donorlarni ishontirgan.

"Mamlakatda tinchlik va barqarorlik qaror topsagina, ijtimoiy va iqtisodiy o'sish bo'ladi", - deydi u.