AQShga Iroqning nefti kerak emas, deydi Pentagon rahbari

  • Amerika Ovozi

AQSh va Iroq mudofaa vazirlari - Jim Mattis va Irfan al-Hiyaliy, 20-fevral, 2017

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis Iroqqa safar qilib, Bag'doddagi rahbarlar bilan muzokara olib bordi. "Islomiy davlat" ga qarshi kurash - asosiy maqsad, deydi Mattis.

Jurnalistlar bilan gaplashar ekan, iste'fodagi general Amerika strategiyasini tushuntirishga urindi.

Musul shahridan Iroq kuchlari "Islomiy davlat"ni quvib chiqargan lekin janglar davom etmoqda. AQSh Bag'dodni quvvatlaydi, deydi Mattis.

"Hammamiz, Amerika, umuman olganda, gaz va neft uchun haq to'laymiz. Ishonchim komilki, kelajakda ham to'lashda davom etamiz. Biz Iroqning neftini tortib olmoqchi emasmiz", - deya javob berdi Mudofaa vaziri bu borada tushgan savolga.

Vashington Iroq osoyishta va farovon yashashini, terroristlar makoni bo'lmasligini istaydi, deydi Mattis, o'tmishda AQSh yo'l qo'ygan xatolarni tan olar ekan.

VIDEO: Amerikaga Iroq nefti kerakmi? Mudofaa vaziri Jim Mattis yo'q, deya javob berdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Mattis: 'We’re not in Iraq to Seize Anybody’s Oil'

Mattis Bag'dodda Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy hamda AQShning bu mamlakatdagi qo'mondoni general-leytenant Stiven Taunsend bilan muloqot qilgan.

Prezident Donald Tramp Pentagon rahbaridan "Islomiy davlat"ga qarshi reja tuzishni so'ragan. Bu reja shu oy oxirida taqdim etilishi kutilmoqda.

Mattis deydiki, AQSh harbiylari Iroq kuchlariga yordamchi vazifasida qoladi.

Abadiyning aytishicha, Musuldagi harbiy harakatlar murakkab lekin samarali kechmoqda. Shaharning har bir qismi uchun alohida reja mavjud. Bu nozik jarayonda Amerika madadi juda zarur, deydi bosh vazir.

Janglarda Iroq maxsus kuchlari, armiya, federal politsiya, shuningdek, mahalliy jangchilardan iborat otryadlar ham ishtirok etmoqda.

BMT Musul aholisi o'qqa olinmasin, fuqarolar huquqlari poymol etilmasin va ular uchun zarur oziq-ovqat va dori-darmon uchun yo'llar ochiq tursin, deya talab qilmoqda. Iroq hukumati qo'ldan kelgan barcha chorani ko'rayotganini bildiradi.