AQSh senatorlari Afg'onistonda, strategik hamkorlik muhokamada

  • Amerika Ovozi

Senator Jon Makkeyn

AQSh senatori Jon Makkeyn yetakchiligidagi delegatsiya kecha Afg'onistonga borgan. Guruh tarkibida yana besh senator bor. Ular prezident Hamid Karzay bilan uchrashishgan.

AQSh va Afg'oniston strategik hamkorlik haqida bitimga qo'l qo'ymoqchi. Makkeyn shartnoma may oyidagi NATO sammitidan oldin imzolanadi degan umidda. Afg'oniston Bagram qamoqxonasini o'z nazoratiga o'tkazib, NATOning tungi reydlariga chek qo'ymoqchi.

Biroq senator Makkeyn nazarida tungi amaliyotlar xalqaro qo'shinlar xavfsizligini ta'minlash uchun muhim.

AQSh qonunchisining aytishicha, xalqaro qo'shinlarni Afg'onistondan 2014-yilda chiqarish qarori toliblar bilan muzokarani qiyinlashtiradi, chunki jangarilar koalitsiya mamlakatni tark etganidan so'ng hokimiyatni yana qo'lga olmoqchi.

Afg'on rasmiylarining bildirishicha, bugun janubdagi Qandahor shahrida bir odam o'zini politsiya mahkamasi yonida portlatib, kamida bir posbonni o'ldirgan, 4 kishi yaralangan. Xuruj kimning ishi ekani ma'lum emas, ammo o'tmishda asosan toliblar politsiyachilarga hujum qilgan.

Mamlakat g'arbidagi Hirot viloyatida esa Italiya zobitlariga tegishli BTR kanalga ag'anab, uch nafari halok bo'lgan.