Yaqin Sharqda nima gap? 29-iyul tafsilotlari

  • Amerika Ovozi

Qohiraning Tahrir maydoni, Misr

MISR

Misr poytaxti Qohiraning Tahrir maydoni bugun o'n minglab odamlarga to'lgan. Ular islohotlarni jadallashtirib, zo'ravonliklarda qo'li borlar ustidan sud jarayonini tezlatishni talab qilmoqda. Da'vatlar orasida Misrda islomiy tuzumni o'rnatishga qaratilgan chaqiriqlar ham yangragan.

Bu o'rtada mamlakat sobiq rahbari Husni Muborak ustidan sud kuni aniqlangan. Jarayon 3-avgust kuni Qohirada o'tadi. Muborak korrupsiya va namoyishchilarni o'qqa tutishga buyurganlikda ayblanmoqda. U bilan birga ikki o'g'li, sobiq ichki ishlar vaziri Habib al-Adli va yana olti safdoshi sud qilinadi.

83 yoshli Muborak va al-Adli aybdor deb topilsa, o'limga mahkum etilishi mumkin. Jarayon televideniye orqali namoyish etiladi.

SURIYA

Bugun Suriyada ham namoyishlar. Janubdagi Daraa shahrida xavfsizlik kuchlari ularga qarshi o'q va ko'zni yoshlantiruvchi gaz ishlatgan. Latakiyada ham namoyishchilar o'qqa tutilib, biri o'lgan.

Minglab suriyaliklar ham davlat rahbari iste'fosini talab qilmoqda. G'arb Bashar al-Assad hukumatini insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblamoqda.

Kecha sharqdagi Deyr al-Zour shahrida ikki odam o'ldirilgan. Jami so'nggi to'rt oyda salkam 1600 kishi nobud bo'lgan.

YAMAN

Yamanda juma namozidan so'ng odamlar ko'chaga chiqib, namoyish qilmoqda. Ular mamlakatni 33 yildan beri boshqarayotgan prezident Ali Abdulla Solihning iste'fosini talab qilmoqda. Davlat rahbari hali ham Saudiya Arabistonida muolaja olmoqda.

Kecha poytaxt Sano yaqinida askarlar harbiy tayyorgarlik markaziga hujum qilgan qabilaviy kuchlar bilan olishgan.

Mudofaa vazirligining bildirishicha, o'ndan ortiq askar o'lgan, isyonchilar Sano xalqaro aeroportini qo'lga olishga harakat qilgan. Hukumat tayyorgarlik markaziga hujumlarda al-Isloh diniy muxolif partiyasini ayblamoqda.