Amerika musulmonlari Tramp davriga tayyorgarlik ko'rmoqda

  • Amerika Ovozi

"Tramp rasizm va o'zga fikrni qabul qilmaslik asosida kampaniya olib bordi. Buni pul qilish mashinasi aylantirdi. Qo'rqinchli", - deydi Michigan shtati qonunchisi Abdulla Hammud.

Amerikadagi musulmonlar yangi prezident davriga tayyorgarlik ko'rmoqda. Tramp saylovoldi kampaniyasi davrida musulmonlarni mamlakatga yo'latmaslikka da'vat qilgan edi. Qo'shma Shtatlar musulmon aholisi Tramp qanday o'zgarishlar qilishini o'ylab vahimada.

Michigan shtati, Diyerborn shahrida saylov kunini tomosha qilgan musulmonlar uchun natija kutilmagan bo'ldi.

"Tramp rasizm va o'zga fikrni qabul qilmaslik asosida kampaniya olib bordi. Buni pul qilish mashinasi aylantirdi. Qo'rqinchli", - deydi Abdulla Hammud.

Michigan shtati qonunchilik palatasi vakili xavotirini yashirmaydi.

"Tafovutni qarang. Diyerborn tarixida ilk bor arab amerikalik musulmon qonunchi etib saylandim. Mamlakat tizgini esa Trampning qo'liga o'tdi", - deydi u.

Hammudning aytishicha, unga ovoz bergan fuqarolar ayni paytda prezident etib Trampni sayladi.

"Qo'rqinchlisi shundaki, bugun g'alabamni nishonlasam, ertaga hijob taqqan onam va singlimga ko'chada ehtiyot bo'lishni maslahat beraman", - deydi u.

Oysha Nur vahimaga berilmasdan, arab amerikalik jamoa huquqlarini himoya qiluvchi mutaxassis sifatida ishini davom ettirish qarorida qat'iy.

"Gapiring. Kim ekaningizni namoyish eting. Qochadigan odam yo'q. Bi bizning ham yurtimiz. Shu davlat taraqqiyoti uchun hissa qo'shayapmiz", - deydi u.

Noshir Osama Siblaniy so'zlariga ko'ra, ko'plab musulmonlar Xillari Klintonga ovoz berdi, lekin uning nomzodidan norozilik ham kuchli edi.

"Saylovdan odamlarning hafsalasi pir edi. Musulmonlar yoki arab jamoasi orasida biror nomzodga xayrixohlik bor edi, deb o'ylamayman. Ular Trampni yoqtirmagani uchun Klintonga ovoz berdi", - deydi Siblaniy.

Siblaniy respublikachi. Biroq uningcha, bu partiya xalq bilan orani buzib bo'lgan. Prezidentlikka saylangan Tramp va Kongressni egallagan respublikachilar ana shu muammoga yechim izlashi kerak bo'ladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 10-noyabr, 2016-yil