AQShda arzon yonilg'i turlari kashf etilmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika tabiiy gaz sanoatidagi o'zgarishlar/US natural gas industry

AQShda tabiiy gaz qazib chiqarishning kengayishi ko’plab avtotransport egalari uchun yoqilg’i xarajatlarining kamayishiga xizmat qilmoqda. Ammo tabiiy gazdan foydalanish hamma shtatlarda ham yaxshi yo’lga qo’yilmagan.
Amerikaliklar atrof-muhit ifloslanishining oldini olishga va energiya xarajatlarini qisqartirishga zo’r beradi. Ammo neftga qaram avtomobil sanoatida o’zgarishlar sust.

Oklaxoma shtati bu borada ancha oldinda. Etel Kleytonning mashinasi arzon va toza siqilgan tabiiy gazda yuradi.

“Faqat pulni tejamaysiz. Atrof-muhit uchun ham yaxshi. Motorni ham ancha toza saqlaydi”, - deydi Kleyton.

Mahalliy gaz ishlab chiqaruvchi kompaniyalar sharofati bilan Oklaxoma atrofida siqilgan tabiiy gaz quyish shoxobchalari ko’p. Hatto ular soni shtat tashqarisida ko’paymoqda, deydi Kleyton.

“Maxsus navigatorlar sizni ana shunday yoqilg’i shaxobchalariga olib boradi. Hozir ancha yaxshi”, - deydi u.

Ammo mutaxassislar fikri har xil. Amerika Neft instituti bosh iqtisodchisi Jon Felmining aytishicha, butun mamlakatda infrastrukturasi qurilmaguncha siqilgan tabiiy gaz benzin o’rnini egallashi qiyin.

“Muammo shundaki, mamlakatdagi 170 ming yoqilg’i quyish shoxobchasi kichik biznes egalariga tegishli. Ular tabiiy gaz quyish imkoniyatini beruvchi texnologiya uchun, masalan, 200 ming dollar sarflash imkoniyatiga ega emas”, - deydi iqtisodchi.

Felmiga ko’ra, suyultirilgan tabiiy gazga o’tish orqali yuk tashuvchi kompaniyalar ko’p iqtisod qiladi, ammo ularni ishlab chiqarish qimmat.

“O’rtacha katta yuk mashinasini suyultirilgan gazga o’tkazish 80 ming dollar ko’proq xarajat degani”, - deydi Felmi.

Ayni paytda tabiiy gazdan kamroq tutun chiqaradigan va mavjud avtomobil hamda yoqilg’i quyish infrastrukturasiga mos yoqilg’i olish ustida ham tadqiqotlar olib borilmoqda.

Nyu-Jersida joylashgan “Primus yashil energiya” kompaniyasi yaqinda ana shunday yonilg’ini kashf etdi. Kompaniya hozir uni tijoriy maqsadda keng ishlab chiqarish uchun zavod qurmoqda.

Jorj Boyajian – loyiha rahbari.

“Yangi yonilg’i turning moliyaviy va iqtisodiy jihatdan, shuningdek, iste’molchilar tomonidan birdek qabul qilinishi uning tabiati o’zgarmasligiga bog’liq”, - deydi Boyajian.

Uning so’zlariga ko’ra, ular kashf etgan yonilg’i uchun avtomobillarning motorini yoki mavjud infrastrukturani o’zgartirishga hojat yo’q.

Chunki yoqilg’iga qo’shilgan katalist sulfat va benzin kabi ifloslantiruvchi moddalarni yo’q qiladi, deydi u.

“Transport yoqilg’ilari uchun qo’yilayotgan yangi talab va standartlarga Primus gazolini to’la javob beradi”, - deydi Boyajian.

Hozircha tabiiy gaz eng maqbul yoqilg’i manbai hisoblansa ham, bioyonilg’ilardan olinadigan sintetik gaz ham qo’l kelishi mumkin, deydi tadqiqotchi.

Ammo bunday arzon yoqilg’ilarning neft o’rnini egallashi uchun kamida 10 yil kerak bo’ladi.