Trampga ovoz berishga ahd qilgan saylovchilar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Respublikachilar partiyasi konservativ saylovchilarni ruhlantirib hamda bir qarorga kelmagan fuqarolarni o’z tomoniga og’dirib, Donald Trampning 2016-yilgi g’alabasini takrorlashga harakat qilmoqda.

Respublikachilar qurultoyida Donald Tramp Oq uyga yagona nomzod sifatida qayta tasdiqlandi. Lekin 2016-yilda unga oson bo’lmagan.

“Shtatimizda unga ko’pchilik ishonmagan”, - deydi Eymi Nyuton.

Buni ham ko'ring Xavfsizlik va erkinlik: Respublikachilar partiyasidan va'dalar

Yuta – Amerikada eng konservativ shtatlardan biri. Bu shtat delegati Nyuton 2016-yilda senator Marko Rubioni quvvatlagan edi. Saylovda Trampga ovoz bermagan.

“U bergan va’dalarini bajarishiga ishonmaganman”, - deydi Nyuton.

To’rt yilda uning fikri o’zgardi.

“U chigal masalalarni hal qilishdan qo’rqmaydi. Masalan, Yaqin Sharq tinchlik muzokaralarini oling. Tramp kun tartibiga olib chiqqan mavzularga yaqqol misol bu”, - deydi suhbatdosh.

Oskar Brok qurultoyda Tennessi delegati sifatida qatnashib, Tramp nomzodi uchun ovoz berganidan mag’rur. U ham 2016-yilda avvaliga Rubioni quvvatlab, so’ng Trampga ovoz bergan.

“U yangi g’oyalar bilan, yangi yondashuv bilan siyosatga keldi. Oxirgi 20 yilda siyosatdan oyog’i uzilmagan rahbarlardan juda farqli”, - deydi Brok.

Uning ta’kidlashicha, pandemiyaga qadar prezident kuchli iqtisodiy o’sishni ta’minladi. “Pyu” tadqiqot markazi so’roviga ko’ra, saylovchilarning 80 foizi iqtisodiyotni eng muhim masala deb biladi.

Tramp tarafdorlari, Oregon shtati

Brendi Snayps ham Tramp tomonida. 2016-yilda u senator Ted Kruz nomzodini yoqlagan, biroq o’g’li onasini Tramp yig’iniga olib borgan.

“U fikrini ochiq ayta oladigan, boshqalardan farqli nomzod ekanini eshitgandim. Uning g’alaba qilishini bilganman”, - deydi o’g’li Mo Snayps.

Uning onasiga Trampning Xitoy bo’yicha siyosati ma’qul.

“Xorijiy davlatlar bilan muayyan shartlar asosida hamkorlik bizga foyda keltirishi mumkin. Hamma narsa Amerikada ishlab chiqarilishi shart emas. O’ylab chiqilgan, puxta qarorlar qilish lozim”, - deydi Brendi Snayps, Shimoliy Karolina shtati delegati.

Tramp olib borayotgan siyosat hamda iqtisodiy ahvol uni yana to’rt yilga saylashga asos bo’la oladimi? Amerikaliklar 3-noyabrda ovoz berish orqali bu savolga javob beradi.