Breaking News

Respublikachilar qurultoyda: AQShda iqtisod qalay?


Respublikachilar qurultoyi Shimoliy Karolina shtatining Sharlot shahrida o'tmoqda

Respublikachilar partiyasi Shimoliy Karolina shtatining Sharlot shahrida saylovoldi qurultoyi o'tkazar ekan, amerikaliklarni Prezident Donald Trampga ovoz berishga undamoqda. Pandemiya bois demokratlar singari respublikachilar ham tadbirni cheklangan tarzda va asosan virtual o'tkazmoqda. Qurultoyda amaldagi prezident va vitse-prezident yana Oq uyga nomzodlar sifatida tasdiqlanadi.

Qurultoyning birinchi kunida so'zga chiqqanlar, jumladan Prezident Tramp va kongressmen Mett Gaetz fikricha, agar saylovchi demokratlarni tanlasa, Amerika jar yoqasiga boradi.

"Ular sizning qurolingizni tortib oladi, qamoqxonalarni bo'shatishadi, uyingizdan chiqa olmaysiz, jinoyatchilar qo'shningiz bo'ladi", - deydi Gaetz.

Bu bilan u muxolifatni liberal siyosatda hamda pandemiyadan chiqish uchun keskin choralar ko'rishga tayyorlikda, xususan qattiq karantin joriy etishni ko'zlayotganlikda ayblaydi.

Respublikachilar demokratlarni Amerikani "bedarvoza" davlatga aylantirish, "kelgindilar" uchun imkoniyatlarni kengaytirish, jinoyat va jinoyatchilarga yengil qarash va qurol nazoratini kuchaytirishga harakat qilayotganlikda tanqid qilib keladi.

O'tgan hafta demokratlar qurultoyida agar Tramp qayta saylansa, AQSh jar yoqasiga boradi, degan xavotirlar qayta-qayta yangragan edi.

Unda liberallar konservatorlarni Amerikani xalqaro hamjamiyatdan uzoqlashtirganlikda, pandemiyaga nisbatan samarali choralar ko'rmaganlikda va mamlakatni boshi berk ko'chaga yetaklayotganlikda ayblagan edi.

BMTdagi sobiq elchi Nikki Heyli nazarida AQShni irqchi jamiyat deya tasvirlash noto'g'ri.

"Men oq va qora tanlilar orasida dunyoga kelgan jigarrang qizman", - deydi Heyli, hind muhojirlar farzandi.

Uning fikricha, AQSh hamon imkoniyatlar makoni va madaniy rang-baranglik chuqur ildiz otgan mamlakat. Adolat uchun kurashish kerak albatta, deydi Heyli, lekin Amerikada adolat yo'q deyish asossiz.

Tramp qayta saylanishiga ishonishini qaytadi. Uningcha, ko'pchilik saylovchilar unga ovoz beradi. Demokratlar nomzodi Jo Bayden yutsa, deydi prezident, saylov adolatsiz kechgan bo'ladi.

Aksariyat amerikaliklar bu safar ovozni pochta orqali berishi kutilmoqda. Prezident esa bu jarayonga shubha bilan qaraydi. Lekin saylov mutaxassislari bunday ovoz berish ishonchli deya eslatib turibdi.

Qurultoyda so'zlagan respublikachilar Tramp, demokratlar tasvirlaganidek, irqchi emas, aqlsiz emas, noqobil emas, Amerikani yakkalayotgani yoki davlatga tahdid solayotgani yo'q, deya bong urmoqda.

"Iqtisod kuchayadi"

Prezident Trampga ko'ra, pandemiya sabab iqtisod vaqtincha orqaga ketdi, koronavirus chekinishi bilan vaziyat yaxshilanadi. Demokratlarda, xususan ularning nomzodi Jo Baydenda bu borada reja yo'q, deydi Tramp.

"Bayden iqtisodni ochmaydi, yopadi. Biz ish o'rinlari yaratishda davom etmoqdamiz. Uch oydan beri odamlarga faqat imkoniyat yaratayapmiz. To'qqiz milliondan oshiq ish o'rni ochdik. Misli ko'rilmagan yutuq, rekord. Aksiya bozorida ham progress. Demak, buyog'iga ahvol yaxshilanaveradi", - deydi Tramp.

Uni rasman nomzod sifatida ko'rsatayotgan respublikachilar nazarida Trampga iqtisodiyot kelajagini ishonsa bo'ladi.

"Pandemiyagacha iqtisod juda kuchli edi", - deydi Jon Styuard, Shimoliy Karolina shtati delegati.

"Ishsizlik darajasi juda past edi. Qimmatbaho qog'ozlar bozorida vaziyat ijobiy edi. Pandemiya vaqtinchalik muammo, u tugaydi va bizneslar yana oyoqqa turadi. Saylovchi bir narsa haqida o'ylashi kerak: iqtisodni kim tezroq va samarali tiklay oladi?"

Prezident Tramp respublikachilar qurultoyida, Sharlot, Shimoliy Karolina, 24-avgust, 2020
Prezident Tramp respublikachilar qurultoyida, Sharlot, Shimoliy Karolina, 24-avgust, 2020

Qurultoyda uyidan turib qatnashayotganlar ham Prezident Trampni bugungi muammolarda ayblamaydi. Pandemiya uning xatosi emas, deydi bu faollar.

"Odamlar prezidentni bu borada qoralamayapti. Pandemiyaga nisbatan choralarda tanqid qilishayotgani rost", - deydi Sara Reydi-Jouns.

Shimoliy Karolinaning bu qismida mehmonxonalar va restoranlar qurultoy sabab biznes sal siljiydi, deya umid qilayotgan edi. Lekin odam oz. Shunday bo'lsa-da, tadbirkorlar kelajakka optimizm bilan qaramoqda.

"Iqtisodiy ahvol u qadar og'ir emas. O'sishga tayyormiz", - deydi Vinay Patel, yirik otel tarmog'i egasi.

"Talab bor, daromad ozroq bo'lsa ham kelib turibdi. Men Prezident Tramp siyosatidan roziman. Agar prezident kamroq tvit qilib, ko'proq ishiga e'tibor bersa, o'tgan bir yarim oydagi yutuqlarning o'zi uning nimaga qodir ekanini yaqqol namoyon etadi".

Demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Bayden deydiki, Donald Tramp prezidentlikni eplay olmadi va aynan uning aybi bilan millionlab amerikaliklar ishsiz qoldi, minglab fuqarolar nobud bo'ldi
Demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Bayden deydiki, Donald Tramp prezidentlikni eplay olmadi va aynan uning aybi bilan millionlab amerikaliklar ishsiz qoldi, minglab fuqarolar nobud bo'ldi

Biroq xizmat ko'rsatish sektori eng katta zarba yegan soha. Millionlab ish o'rinlari shu jabhada boy berildi. Restoranlar, kafelar yopilmoqda. Amerikada pandemiya davrida ishsiz qolganlarning uchdan bir qismi aynan xizmat ko'rsatish sektorida mehnat qilgan.

"Pandemiyadan chiqmas ekanmiz, iqtisod olg'a siljimaydi. O'zimizni aldayapmiz. Xalq, davlat sifatida qanday chiqish haqida bosh qotirishimiz kerak", - deydi Tom Sasser, biznes egasi.

Prezident Trampga ko'ra esa AQSh pandemiyadan chiqmoqda. Qanaqasiga, deydi muxolifat va norozi amerikaliklar, koronavirusni yuqtirganlar olti millionga yetdi. Kasallikdan o'lganlar 200 mingga yaqinlashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG