Shimoliy Koreya raketa sinovlariga tayyorlanmoqda

Pxenyan 2009-yilda ham uzoq masofaga uchadigan raketalarini sinab ko’rgan va orbitaga o’z sun’iy yo’ldoshini yuborganini e’lon qilgan edi.

Seuldan muxbirimiz Stiv Xermanning xabar berishicha, Koreya yarimorolida vaziyat yanada taranglashgan. Pxenyan harbiy mashqlarga zo’r bermoqda.

Janubiy Koreya qo’shni davlatni sun’iy yo’ldosh uchirish bahonasi bilan atom quroli tashiydigan yangi sistemani sinab ko’rishni rejalaganlikda ayblamoqda.

Shimoliy Koreya davlat telekanali namoyish etgan tasvirlarda armiya, harbiy-dengiz floti va havo kuchlari birgalikda tayyorgarlik ishlari olib borayotgani ko’rsatiladi.

Bugun Seulda favqulodda majlis qilgan prezident Li Myung-Bakning matbuot kotibi Park Jeng-Xa deydiki, Shimoliy Koreya provakatsion harakatlar qilmoqda.

Pxenyan xavfli qadamlar qo’ymoqda, deydi Park Jeng-Xa. Uning qo’lidagi ballistik raketa texnologiyasi yadroviy qurollarni tashishga mo’ljallangan. Janubiy Koreya AQSh, Yaponiya, Xitoy va Rossiya hamda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda chora ko’radi, deydi rasmiy.

Kelasi hafta yadroviy xavfsizlik bo’yicha Seulda xalqaro sammit o’tishi kutilmoqda.

Qo’shma Shtatlar, Rossiya va Yaponiya ham Pxenyanning xatti-harakatlarini qoralab, uni BMT qo’ygan cheklovlarni buzmaslikka undagan.

Seulda Koreya urushini xotirlab o'rnatilgan yodgorlik... Janubiy Koreya nazarida qo’shni davlat sun’iy yo’ldosh uchirish bahonasi bilan yadroviy sistemani sinab ko’rmoqchi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun nazarida Shimoliy Koreya o’zboshimchalik qilib, qashshoq aholini chetdan berilayotgan yordamdan ayirishi mumkin, jumladan oziq-oqvatdan.

Pxenyan kelasi oyda o’z raketalarini sinab ko’rishi borasida Xalqaro Fuqaroviy Aviatsiya Tashkiloti va boshqa xalqaro organlarni ogohlantirgan.

Aeronavtika sohasi egalari shundan xavotirdaki, Shimoliy Koreya uzoq masofaga uchadigan raketalar bo’yicha yetarlicha tajribaga ega emas. Sinov maydoni Janubiy Koreyadan 140 kilometr, Filippindan esa 190 kilometr narida bo’ladi. Yaponiya agar bu raketalar uning hududida ko’rinsa, urib tushirishini bildirmoqda.

Pxenyanning eng yaqin hamkori Xitoy ta’biricha ham bu sinov mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka raxna soladi.

Shimoliy Koreya esa ilm-fan bobida erishgan yutuqlarini xalq va butun dunyoga ko’z-ko’z qilishga haqli ekanini uqtirmoqda.

Davlat televideniyesida bu haqda so’zlagan yoshlardan biri, Texnologiya universiteti talabasi Xvang Chung Xyuk ushbu sinov olmashumul voqea bo’ladi deydi.

Texnologik taraqqiyot tomon intilishga haqqimiz bor, deydi talaba, Shimoliy Koreya olimlari ishlab chiqqan sun’iy yo’ldosh texnologiyalari yoshlarga ilhom beradi va ularni ham kelajakda o’z qo’llari bilan shunday vositalar yasashga undaydi.

Pxenyan 2009-yilda ham uzoq masofaga uchadigan raketalarini sinab ko’rgan va orbitaga o’z sun’iy yo’ldoshini yuborganini e’lon qilgan edi.

Xalqaro hamjamiyat o’shanda uning harakatlarini qoralagan va Shimoliy Koreya yanada yakkalanib, tashqi yordam ko’lami pasaygan edi.

Mustaqil kuzatuvchilarning xulosa qilishicha, Pxenyan o’tkazgan yirik sinovlarning birortasi ko’zlangan natija bermagan, lekin hukumat buni tan olmaydi.