Obama Osiyo-Tinch okeani bo'ylab 9 kunlik safarda

  • Amerika Ovozi

Gavayi prezident Obama uchun ona shtat, AQSh rahbari o'sha yerda katta bo'lgan.

Prezident Barak Obama bugun Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo’ylab 9 kunlik safarini boshladi. AQSh rahbari avvalo Gavayi shtatida o’tayotgan iqtisodiy forumda qatnashib, sakkiz mamlakat bilan erkin savdo zonasini yaratish xususida muhokama olib boradi.

Osiyo-Tinch okeani Iqtisodiy Hamkorligi Tashkilotiga a'zo davlatlarning rahbarlari Xonoluluda muzokaralar olib bormoqda

Avstraliya, Bruney, Chili, Malayziya, Yangi Zelandiya, Peru, Singapur va Vyetnam bu borada kelishuv imzolash istagini bildirgan. Bugun Yaponiya ham unga qo’shilishini ma’lum qilgach, Xitoy ham qiziqish bildirishi mumkin degan taxminlar bor.

Prezident Obama anjumandan so’ng Avstraliya, undan keyin esa Indoneziyaga yo’l oladi. Kuzatuvchilar deydiki, safardan asosiy maqsad mintaqadagi ittifoqchi davlatlarga dalda berish, Qo’shma Shtatlar bu yerda yetakchi rol o’ynashda davom etadi deb ishontirish. Xitoyning tobora o’sib borayotgan harbiy-iqtisodiy salohiyatini hisobga olganda, bu nihoyatda muhim deb ko’riladi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Gavayi shtatida o'tayotgan forumda so'zga chiqib, Xitoy hukumatini iqtisodiy islohotlarni jadallashtirishga va o'z fuqarolarining haq-huquqlarini to'la ta'minlashga undadi.

Xillari Klinton Gavayi Universitetida so'zlamoqda, 10-noyabr 2011

"Xitoyning dollarga nisbatan doimo past yuradigan valyutasi - yuan qiymatini rahbarlar emas, bozor belgilashi zarur. Inson huquqlari bobida ham konkret qadamlar tashlang. Barqarorlik va o'sishning garovi bu",- deydi Klinton.

AQSh Xitoyga ko'proq mahsulot eksport qilishni, raqobat adolatli bo'lishi uchun sharoit yaratilishini istaydi.

Xitoy o'z navbatida Amerikadan ilg'or texnologiya va sarmoya so'ramoqda.

Agar Xitoy islohotdan qochmasa, deydi Klinton, mushtarak maqsadlarga erishsa bo'ladi.

Klinton Tibetdagi ahvol, xususan hukumatdan norozilik belgisi sifatida buddistlar o'ziga o't qo'yayotgani masalasini ham ko'tardi. Bu yili 11 ruhoniy shu tariqa hayotdan ko'z yumgan.