Obama amerikaliklarni terror tahdididan xavotir olmaslikka chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Amerika xalqini terror tahdidlari haqida xavotir olmaslikka chaqirdi. Hukumat xavfsizlikni ta'minlash uchun barcha choralarni ko'rmoqda va xalq Shukronalik bayramini qo'rqmasdan nishonlashi mumkin, dedi u.

Kecha prezident Oq uyda milliy xavfsizlikka mas'ul rasmiylar bilan majlis qildi.

"Parijdagi terror xurujlaridan so'ng amerikaliklarning xuruj ehtimolidan tashvishlanishi tabiiy hol, biroq aksilterror, razvedka va huquq-tartibot idoralari bunga yo'l qo'ymaslikka harakat qilmoqda", - dedi Obama.

Unga ko'ra, odamlar xushyorlikni yo'qotmasligi kerak. Biror narsa shubhali ko'rinsa, darrov xabar bering, dedi prezident.

Milliy xavfsizlik bilan shug'ullanuvchi mutasaddilarning hisobot berishicha, Amerikada xuruj tahdidi yo'q.