AQSh Eron yadro kelishuvidan chiqadimi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson

AQSh Prezidenti Donald Tramp saylov kampaniyasi paytida ham, davlat rahbari sifatida ish boshlagandan keyin ham avvalgi ma'muriyat davrida tuzilgan Eron yadro bitimini keskin tanqid qilib keladi. Ayni paytda Oq uy Vashingtonning bitimda qanday shartlar bilan qolishi haqida qonunchilar bilan muzokara olib bormoqda. Bu haqda Davlat kotibi Reks Tillerson "AP" axborot agentligiga intervyu berdi.

Tillersonga ko'ra, AQShning kelishuvda qolish shartlariga kiritiladigan o'zgartirishlar kelasi haftadayoq e'lon qilinishi mumkin.

O'zgarishlar Eronning yadro faoliyatiga cheklovlarni yanada oshirish haqida bo'lishi kutilmayapti, ammo bitim ijrosini nazorat qilish bo'yicha AQShga ko'proq vakolat berilishi mumkin.

"Tuzatiladi yoki bekor qilinadi"

"Prezident bitim kamchiliklarini tuzatishini yoki uni butunlay bekor qilishini aytgan, - dedi Tillerson. - Biz tuzatish haqida Tramp bergan va'dani bajarish jarayonidamiz".

Jurnalist bilan intervyu davomida Erondagi namoyishchilarni qo'llab-quvvatlamagani uchun Tillerson Yevropa Ittifoqini tanqid qildi.

Davlat kotibiga ko'ra, Tramp Eron haqida hali tugal qarorga kelmagan. U kelasi hafta Eronning yadro kelishuviga to'g'ri rioya qilayotganini tasdiqlashi kerak. Oktabr oyida Tramp bitimni qayta tasdiqlashdan bosh tortgan edi.

Shunga qaramay, u yana uch oyga sanksiyalarni to'xtatib turishga qaror qildi. Prezident bitim taqdiri haqidagi so'nggi qarorga keyinroq kelishini aytgan edi. Ayni paytda u Kongressdan kelishuvni qayta tasdiqlash tartibiga o'zgartirish kiritishni so'ramoqda. Oq uy rasmiylarining aytishicha, har uch oyda bitimni qayta tasdiqlash Trampga yoqmayapti.

Kongress bilan ishlash

Bitimni tuzatish masalasida Tramp ma'muriyati qonunchilar bilan faol ishlamoqda, dedi Tillerson. Agar Kongress tez orada masalani ko'rib chiqishga rozi bo'lsa, dedi davlat kotibi, Tramp sanksiyalarni yana qoldirishi mumkin.

Qisqa muddat ichida Kongress bilan kelishuvga erishish mushkul vazifa. Kongressdagi yordamchilardan biri Oq uy va qonunchilar o'rtasidagi muloqotda jiddiy siljish borligini aytdi, ammo hali yakuniy matn bo'yicha kelishuv mavjud emas.

Takliflar

Qonunchilar taklif qilayotgan o'zgartirishlardan biri prezident kelishuvni qayta tasdiqlab turishi kerak, degan bandni olib tashlash yoki uni tasdiqlash uchun belgilangan oraliq muddatni uzaytirish. Bunday o'zgartirishlar qabul qilinishi uchun Kongressdagi respublikachilarning aksariyati uni qo'llab-quvvatlashi kerak.

Eronlik namoyishchilarga yordam

Tramp eronlik namoyishchilarga yordam berishni ham va'da qildi. Ko'makning qanday shaklda va qachon berilishi aniq emas. Ayrim Yevropa mamlakatlari ham bu masalada AQSh bilan hamfikr. Lekin Yevropa Ittifoqi yaxlit tashkilot sifatida namoyishchilarni himoya qilib chiqmadi.

"Yevropa Ittifoqi mamlakatda islohotga chaqirayotgan ovozlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha aniq mavqega ega emasligidan hafsalamiz pir bo'ldi", - dedi Tillerson.