Belarus Rossiyaning Ukrainadagi urushiga sherikmi?

  • Amerika Ovozi

Rossiyaning eng yaqin ittifoqchisi Belarus Ukraina urushida bevosita qatnashmasa-da, Moskva uning hududidan Ukrainaga zarba berishda foydalanib turadi. Rossiyaga minglab sanksiyalar qo’ygan G’arb davlatlari Belarusni ham jazosiz qoldirgani yo’q.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 5-sentabr, 2022-yil

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiyaning maxsus harbiy amaliyotini qo’llab-quvvatlasa-da, askarlarini qo’shni mamlakatga kiritishga ruxsat bermadi.

“Belarus qo’shinlari Ukraina chegarasidan o’tib, Rossiyaga yordam bergani yo’q. Nazarimda, bunga sabab shuki, harbiylar shunday bo’lgan taqdirda Lukashenkoga belorus askarlarining katta qismi Ukraina tarafiga o‘tib ketishi mumkinligini aytgan bo’lishi mumkin. Shu narsa Lukashenkoni to’xtatib turibdi”, - deydi Germaniyaning Marshal jamg’armasidan Alevtina Snigir.

Belarusda 2020-yil avgustida Lukashenkoga qarshi boshlangan ommaviy namoyishlar bir necha oydan so’ng qattiq bostirilib, 1300 ga yaqin odam qamoqqa olindi. Fevral oxirida Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritganida beloruslar yana namoyish qo’zg’atdi, muxolifati esa Ukrainaga yordam berishga kirishdi.

“Temir yo’l partizanlari harakat qildi. Ular rus qo’shinlarining Ukraina chegarasi tomon olg’a siljishini sekinlashtirishga harakat qildi. Har safar rus aviatsiyasi Belarusdan havoga ko’tarilganida yoki raketa otilganida mahalliy axborot resurslaridan biri ukrainlarni bundan xabardor qilib, ularga javob qaytarishga va yashirinishga imkon yaratadi”, - deydi belorus muxolifati a’zosi Valeriy Kavalevskiy.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Ukraina tarafida yuzlab beloruslar jang qilmoqda.

Belarusning bu urushda Rossiyaga xayrixohligi Ukraina bilan aloqalarning yomonlashishiga olib keldi, G’arb Minskga sanksiyalar qo’ydi.

“Rossiya Lukashenkoga hokimiyatda qolish uchun ko’p yordam qilyapti. Unga katta moliyaviy yordam uzatildi, Belarus havo to’lqinlarini nazorat qilish uchun jurnalistlar yuborildi. Ikki mamlakat harbiylari yaqindan hamkorlik qilyapti. Rus razvedkasi Belarusda faol harakatlanyapti. Ruslar Lukashenkoni to’liq nazorat qilyapti”, - deydi AQShning Belarusdagi sobiq elchisi Kennet Yalovits.

Rossiya Belarusga qarshi tashqi hujumning oldini olish uchun bu mamlakatda yadro qurollarini joylashtirgani, belorus harbiy samolyotlari yadro qurollarini tashishga moslashtirilgani ma’lum.