Rossiya: Aviahalokatda omon qolganlar yo'q

  • Amerika Ovozi

Rossiyaning Sochi shahridagi aeroportdan havoga ko'tarilgan harbiy samolyot bir necha daqiqadan so'ng Qora dengizga quladi. Uning bortida 92 kishi, jumladan mamlakatga mashhur harbiy ansambl a'zolari bo'lgan.

Mudofaa vazirligi qirg'oqdan 1,5 kilometr narida samolyot qoldiqlari va jasadlar topilgani haqida xabar tarqatdi. TU-154 (Tupolev) samoloyoti tongda Sochidan Suriyaga yo'l olayotgan edi, bir necha daqiqadan so'ng radardan g'oyib bo'lgan.

Fojiaga nima sabab bo'lgani noma'lum. Uchuvchilardan biror nosozlik haqida signal kelmagan, deydi rasmiylar. Dengizda qutqaruv ishlari davom etayapti. Yo'lovchilardan birortasi omon qolmagan.

Layner bir guruh harbiylar qatorida Aleksandrov Ansambli a'zolarini Suriyadagi harbiy bazaga Yangi yil tantanalarida ishtirok etish uchun olib ketayotgan edi, deya bildiradi Rossiya Mudofaa vazirligi.

Yo'lovchilar orasida rossiyalik mashhur shifokor, xayriya ishlari bilan tanilgan Yelizaveta Glinka, shuningdek, to'qqiz jurnalist ham bo'lgan. Glinka Suriyadagi kasalxonalardan biriga tibbiy yordam eltayotgan edi.

Prezident Vladimir Putin qurbonlarning oila a'zolariga hamdardlik izhor etdi.