Rossiya-Ukraina urushi bo'ladimi yoki yoq?

  • Amerika Ovozi

Payshanba kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefonda gaplashgan. Zelenskiy Baydenga harbiy yordam uchun minnatdorchilik bildirgan. Ayrim manbalarga ko’ra, AQShdan 45 ta samolyotda jami 200 million dollarlik qurol kutilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 28-yanvar, 2022-yil


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, vahimaga o’rin yo’q, biroq har bir ehtimolga tayyor turish kerak.

“Biz dalillarga qarayapmiz. Puxta o’ylab harakat qilyapmiz. Moskvaga faqat ikki yo’ldan biri borligini tushunutirishga urinyapmiz. Kelishmovchiliklarni tinch yo’l bilan hal qilish uchun diplomatiya va muloqot yo’li bor yoki agressiya yo’li. Agressiyani tanlashsa, jiddiy oqibatlari bilan yuzlashishadi”, - dedi Blinken.

Rossiya Ukrainaga hujum qilish niyati va rejasi yo’qligini bildirarkan, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, G’arb Ukrainani Rossiya bilan urushga gijgijlamoqda.

"Amerikaliklar ularning rusofob tashabbuslarini qo’llab-quvvatlayotgan Yevropadagi malaylarini ishga solib, ziddiyatlarni kuchaytirish uchun Zelenskiy va uning rejimidan foydalanishyapti. Vashingtonning asl maqsadi Ukraina taqdiri emas. Ularga Rossiya Federatsiyasi atrofidagi ziddiyatlarni qizdirish muhimroq”, - dedi Lavrov.

Uning aytishicha, amerikaliklar va anglo-sakson mamlakatlargina Kiyevdan diplomatlari oilalarini chiqarmoqda. Demak, deydi Lavrov, ularning boshqalar bilmaydigan narsalardan xabari bor.

“Balki biz ham diplomatlarimiz xavfsizligi uchun ehtiyot choralarini ko’rishimiz kerakdir”, - dedi vazir.

Qo’shma Shtatlar Rossiyaga qarshi og’riqli sanksiyalar bo’yicha ittifoqchilari bilan maslahatlashayotganini bildirmoqda. Rossiyadan Germaniyaga neft uzatishi ko’zda tutgan “Shimoliy oqim-2” quvurini to’xtatish shulardan biri.

“Germaniya bilan shu haqda gaplashyapmiz. Bir narsani aniq aytamanki, agar Rossiya Ukrainani bosib olsa, “Shimoliy oqim-2” loyihasi to’xtatiladi”, - dedi AQSh davlat kotibining siyosiy masalalar bo’yicha o’rinbosari Viktoriya Nuland.

Uning avstriyalik hamkasbi Aleksandr Shallenbergning aytishicha esa, hali ishga tushmagan quvurga sanksiya qo’yish bilan Rossiyani Ukrainaga hujumdan qaytarish mumkin.

Lavrovning aytishicha, Rossiyaga qolsa urush bo’lmaydi, biroq Moskva manfaatlarining poymol etilishiga, inkor etilishiga yo’l qo’ymaydi.

"Prezidentimiz “agar Yevropada bizni qoniqtiradigan xavfsizlik kafolatlariga doir muzokaralar ish bermasa, chora ko’ramiz, harbiy rahbarlarimiz taklifi asosida qaror qabul qilaman” deb aytgan. Choralar qanday bo’lishiga kelsak, hozir vazirliklar va davlat idoralari AQSh va NATO javoblari asosida takliflar hozirlamoqda”, - dedi Lavrov.

Putinning bugun Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan virtual muloqotda aytishicha, AQSh va NATO Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari bo’yicha talablarining asosiy punktlarini e’tiborsiz qoldirgan.

Milliy majlisga qilgan yillik murojaatida Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko uningmamlakati yoki Rossiya bevosita hujumga uchrasagina, urush yuz berishi mumkin, dedi.

“Kollektiv G’arbga javobimni bermoqchiman. Ularni “Belarus hududida rus qo’shinlaribo’ladimi” degan savolga javob qiziqtirmoqda. Agar mamlakatimiz bosqinga uchrasa, yuzminglab rus qo’shinlari yuz minglab beloruslar bilan muqaddas zaminni himoya qiladi”, - dedi Lukashenko.

Rossiya qo’shma harbiy mashg’ulotlar uchun qo’shni mamlakatga askarlari va harbiytexnikasini olib kirmoqda.