Breaking News

Bayden Putinga ham sanksiya qo'yilishi ehtimolini hisobdan chiqarmayapti


Arxiv surat. Ukrainalik askarlar sharqdagi bo'lginchilar egallab turgan hudud chegarasida
Arxiv surat. Ukrainalik askarlar sharqdagi bo'lginchilar egallab turgan hudud chegarasida

Rossiya Ukraina chegarasida qo’shinlari sonini oshirar, qo’shni Belarusga ham harbiy mashqlar uchun askarlarini yuborar ekan, AQSh Prezidenti Jo Bayden Amerika va NATOning Sharqiy Yevropadagi harbiy salohiyatini oshirishga tayyor ekanini aytdi, biroq Ukrainaga qo’shin yubormasligini ta’kidladi.

Xalqaro hayot - 26-yanvar, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:32 0:00

“Prezident Putinga buni aniq yetkazganman – agar Ukrainaga kirsa, oqibatlari o’ta yomon bo’ladi – iqtisodiy sanksiyalardan tashqari sharqiy frontda - Polsha, Ruminiya va boshqa joylarda NATO qo’shinlari sonini oshiramiz”, - dedi Bayden.

Jurnalistlar Rossiya prezidentiga ham sanksiya qo’yish ehtimoli haqida so’raganida Bayden ijobiy javob berdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Putin sanksiyalardan azob chekmaydi, biroq AQSh shu yo’ldan borsa, munosabatlarning buzilishiga sabab bo’ladi.

AQShda ayrim qonunchilar Rossiyaning yuqori lavozimli rasmiylarini qora ro’yxatga kiritib, ularning xorijdagi mulki va pullarini muzlatishni taklif etmoqda, biroq Peskovga ko’ra, Rossiya mulozimlarining xorijda na mulki, na puli bor, chunki Rossiya qonunlari buni man qiladi.

Rossiyalik ayrim siyosatchilar AQSh sanksiya qo’llasa, u bilan diplomatik aloqalarni uzishga chaqirmoqda.

Urush ehtimoli haqida bong urayotgan AQSh Kiyevdagi diplomatlariga oilalarini Ukrainadan chiqarishni buyurdi. Britaniya, Avstraliya, Germaniya ham shunday qilishga qaror qildi.

Ayrim ukrainalik rasmiylar bu mamlakatlarni shoshma-shosharlikda ayblamoqda.

"Xotirjam bo’lishimiz kerak. Matbuotda ko’pirtirilib tasvirlanayotgan vaziyatni aslida ko’rayotganimiz yo’q”, - deydi Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov.

Seshanba kuni Berlinda Germaniya va Fransiya rahbarlari uchrashib, sanksiyalar masalasida hamfikr ekanini aytdi. Emmanuel Makron juma kuni Putin bilan gaplashishini bildirdi.

Bugun Parijda Ukraina sharqidagi vaziyatni muhokama qilish uchun “Normand formati” ishtirokchilari bo’lgan Ukraina, Rossiya, Germaniya va Fransiya vakillari muzokara qildi.

Bugun Madridda Finlyandiya rahbari bilan uchrashgan Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches ham Rossiyaga qarshi jazo choralari haqida gapirdi.

Finlyandiya Bosh vazirasi Sanna Marinning aytishicha, uning mamlakati NATO a’zosi emas, alyansga hamkor, a’zo bo’lishga imkoni bor, biroq hech bir mamlakat, jumladan Rossiya bu masalani Finlyandiya uchun hal qilishiga haqqi yo’q.

Bu o’rtada Rossiya keyingi oy Belarusda rejalangan harbiy mashg’ulotlar uchun artilleriya, aviatsiya va desant kuchlarini qo’shni mamlakatga olib kirmoqda.

“Belarusdagi qo’shinlar meni xavotirga solmoqda. Ukrainaga hujum uchun ular qulay joylashgan. Putin maqsadiga urushsiz yetish uchun hiyla qilyaptimi, yo’qmi, aytish qiyin”, - deydi Vashingtondagi “Kvinsi mas’uliyatli davlatchilik instituti” eksperti Uilyam Xartung.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, uning mamlakati AQShdan shu hafta Rossiyaning xavfsizlik kafolatlariga doir takliflariga yozma javob kutmoqda.

“AQSh va NATOdan konstruktiv javob olinmagan taqdirda Rossiya tegishli choralar ko’radi. Masala yechimi uzoqqa cho’zilmasligi uchun Ukrainadagi vaziyat va Rossiya xavfsizligiga doir muzokaralarga Yevropa Ittifoqi yoki Yevropada xavfsizlik va hamkorlik ittifoqini jalb qimaganmiz”, - dedi Lavrov Rossiya Davlat Dumasiga bergan hisobotida.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba AQShning Rossiya murojaatiga javoblari bilan tanishib chiqib, ulardan qoniqishini aytdi.

“Ukrainaning pozitsiyasi inobatga olingan, bizda AQSh javoblariga e’tiroz yo’q”, - dedi u.

Rossiya Amerikaning javoblaridan qoniqmasa, qanday chora ko’rishi mumkin?

Ko’plarni hozirmana shu narsa o’ylantiryapti.

Ukraina hisobiga ko’ra, chegarada 127 ming rus askari bor, biroq, deydi vazir Kuleba, buuning mamlakatiga bostirib kirish uchun yetarli emas. “Rossiya vahima uyg'otmoqchi”, deydiu.

Amerikalik siyosatshunos Andrea Kendal-Teylor esa o’zgacha fikrda.

“Nazarimda, biz Ikkinchi jahon urushidan beri eng jiddiy mojaro bilan yuzlashyapmiz. AgarRossiya chegarada joylashtirgan gruppirovkalar soni va tarkibiga qaraydigan bo’lsak, haqiqiyhujum rejalanmoqda, Kiyevni halqaga olish, Ukraina sharqini egallash ko’zda tutilgan”, - deydi “Yangi Amerika xavfsizligi markazi” tahlilchisi.

Rossiya qo’shinlar harbiy mashg’ulotlarda qatnashayotganini, Ukrainaga hujum qilish niyatiyo’qligini bildiradi.

Bugun Rossiyaning Qora dengiz flotiga qarashli 20 dan ortiq harbiy kemasi dengizga kirgan. O’rta dengiz, Shimoliy dengiz, Barents dengizi, Boltiq dengizi, Oxotsk dengizi, Atlantika va Tinch okeanlarida ham manevrlar kuzatilmoqda.

“Nazarimda, kelasi 2-3 haftada jiddiy voqealar guvohi bo’lamiz”, - deydi Kendal-Teylor.

Ba’zilar fikricha, Rossiya takliflarining inkor etilishiga javob tariqasida Lotin Amerikasidagiayrim mamlakatlarda, AQShga yaqin hududda qo’shin va qurollarini joylashtirishi mumkin.

AQSh davlat kotibining o’rinbosari, yaqinda Lavrov bilan muzokara qilgan Vendi Shermanning aytishicha, agar Rossiya Ukrainaga Qishki Olimpiya o’yinlari paytida hujum qilsa, Xitoy Prezidenti Si Zinpin bundan xursand bo’lmaydi.

Pekin Olimpiadasi 4-fevralda boshlanadi. Xitoy dunyo e’tiborining o’z mamlakatining obro’si uchun muhim bo’lgan ushbu tadbirdan chalg’ishini istamaydi.

Ukrainaning Yevropadagi kelajagini muhokama qilish maqsadida tuzilgan “Yalta Yevropa strategiyasi” forumida virtual ravishda qatnashgan AQSh rasmiysining Estoniya sobiq prezidenti Kersti Kalyulayd bilan suhbat chog’ida aytishicha, Olimpiya o’yinlari Putin rejasining surilishiga sabab bo’lishi mumkin.

Rossiyaga ko’ra, Ukrainaga hujum haqidagi gaplar ataylab G’arb tomonidan ko’pirtirilmoqda va Kiyevni sharqdagi isyonchilarga hujum qilishga gijgijlashi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG