O'zbekiston xalqining Sietldagi do'stlari bilan muloqot

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston xalqining Sietldagi do'stlari bilan tanishing/Friends of Uzbekistan in Seattle

AQShning Sietl shahri va O'zbekiston poytaxti - birodar shaharlar. Har bir joyni bozoriga qarab baholashadi. Dehqon bozorlari bu yurtda ham ommani o’ziga chorlaydigan maskanlar.

Sietl (Seattle)

Lekin Sietl shahri joylashgan Vashington shtati nafaqat meva va sabzavotlari balki baliqchilik sanoati bilan ham tanilgan. Sietl Tinch okeani bo’yida joylashgan axir.

Yaqinda bu sershabada va seryomg’ir shaharga borganimda “Pike Place Market” deb katta bozorni kezdim. O’zini o’zbek xalqining do’sti deb biladigan ko’plab insonlarni uchratdim.

Ulardan biri Sietl-Toshkent birodarlik uyushmasi a’zosi Xelen Xolter (Helen Holter).

O'zbekiston xalqining Sietldagi do'stlari bilan muloqot

Xolter xonim - sobiq jurnalist, hozirda sog’liqni saqlash sohasida kommunikatsiya masalalari bilan shug’ullanadi. O’zbekistonga 1990-yildan beri borib keladi. Ilk bor safar qilganida o’sha paytda Kommunistik Partiyaning Birinchi kotibi Islom Karimovdan intervyu olgan. O’zbekiston rahbari o’sha davrga xos yutuq va muammolar haqida gapirgan, respublika kelajagi porloq ekanini aytgan, shuningdek, xalq oldida turgan murakkab muammolarni tilga olgan, deya eslaydi Xelen Xolter.

“Shundan beri ko’p narsa o’zgardi. Toshkent-Sietl orasidagi do’stona aloqalar mustaqillik yillarida yangi bosqichga kirdi. Bugun bir-birimiz haqimizda ko’p narsa bilamiz. Istak bor joyda, imkoniyat bor”.

Xelen Xolter, Sietl-Toshkent birodarlik aloqalarida muhim rol o'ynab kelayotgan amerikaliklardan biri

Xelen Xolter madaniy almashinuvlar ahamiyatini yuqori baholaydi. Borish-kelish, deydi u, xalqlarni yaqinlashtiradi, odamning dunyoqarashini kengaytiradi, vatanga yangicha ilhom va bilim bilan qaytasiz, ezgu ishlar qilgingiz keladi.

“Sietl ahli Toshkent va O’zbekiston haqida yaxshi biladi. Men Montana shtatida katta bo’lganman, keyinroq Viskonsin shtatida yashaganman. U yerda siz haqingizda uncha bilishmas, ammo Sietlda O’zbekiston desangiz, gap qayer va qay elat haqida ketayotganini bilishadi. Odamlar u yerda nima bo’layotgani bilan qiziqadi. Kuyunishadi, o’ylanishadi, masala va muammolarni tushunishga harakat qilishadi. Bu quruq gap emas, haqiqat. Bir-birimizdan ko’p narsa o’rgansak bo’ladi”,- deydi suhbatdoshim.

Dan Peterson, Sietl-Toshkent birodarlik uyushmasi rahbari

Xelen Xolter yordam haqida gapirganida, unga Amerikaning o’zi ham bugun qiynalayotganini, Sietldek o’ziga to’q shaharda ham moliyaviy yetishmovchilik sezilayotganini eslatdik. Odamlarning boshqa xalqlar haqida o’ylashga imkoni bormi?

“Albatta, bugun hech kimga osonmas. Avvalo o’z tirikchiligimiz ustida qayg’uramiz. Bola-chaqa, ish, uy-joy degandek. Amerika iqtisodi qiyin bir ahvolda ekan, muammolar Sietlni ham chetlab o’tmayapti. Lekin biz bu bilan chet eldagi do’stlarimizni unuta olmaymiz. Yangi loyiha va dasturlar haqida o’ylayapmiz, ular ustida ishlayapmiz”,- deya javob beradi Xolter xonim.

Toshkent Sietl orasida aloqa o'rnatilganiga qariyb 40 yil bo'ldi

Uning fikricha ekologiya, salomatlik, texnologiya va ta’lim hamda bu sohalarda malaka oshirish uchun O’zbekistondan ko’proq kadrlarni bu yerga olib kelish va o’z navbatida, Sietl mutaxassislarini u yerga yuborib tajriba almashish imkoniyatini yaratish kerak.

“Sietl-Toshkent birodarligi deganda men shunday ezgu ishlarni tushunaman. Hamkorlik uchun eshik ochilgan. Hamma ishlarimiz ham samara bermasligi mumkin, bu tabiiy. Xalqlar bir-birini tushunishi, ayniqsa rahbarlarimiz til topishishi oson emas. Birodarlik aloqalari o’rnatilgan paytda sovuq urush tugamagan edi, lekin bunga haddimiz siqqan. Siyosiy hamkorlik silliq kechmaydi, lekin biz Toshkent va butun O’zbekiston xalqi bilan yaqindan ishlaylik, muammolarga birga yechim topaylik deyapmiz. Yaxshi niyat - yarim mol, shunday emasmi? Hamma narsaning yo’lini topsa bo’ladi”,- deydi Xelen Xolter.

Mana shunday ijobiy fikrda yurganlardan yana biri - Toshkent-Sietl birodarlik uyushmasi raisi Dan Peterson. Xizmat ko’rsatgan pedagog, hali ham dars beradi.

Xalqaro aloqalar qanchalik mustahkam bo’lsa, deydi u, dunyo shunchalik tinch va farovon bo’ladi. Hamjihatlik bir-birimizni yaxshiroq bilishdan boshlanadi, deydi u.

“Birodar shaharlar degan narsa - sayyoramizning u chetidagi bir joyning bu chetidagi bir joy bilan yaqinroq aloqada ekani”, - deydi Dan Peterson.

Toshkent bozorlarida

“Har safar O’zbekistonda bo’lganimda yoshlar o’zgarib borayotanini sezaman. Ular zamondan, o’zidan va boshqalardan ko’p narsa talab qiladi. Hayotga yangicha ruhda yondashadi. Xotin-qizlarning roli oshib borayotgani ham yaqqol ko’zga tashlanadi. Mana shuning o’zi, nazarimda, katta bir o’zgarish. Iqtisodiy jihatdan, fuqarolar orasida tafovutni sezmay iloj yo’q. Kimdir boyigan, kimdir qashshoqlashgan. Yana bir o’zgarish – shaharlarning ko’rinishi. Bunyodkorlik qanchalik avjida ekanini ko’rib yoqa ushlaysiz. Bir narsani tan olish kerak: O’zbekistonni O’zbekiston qiladigan bu uning odamlari. Naqadar mehmondo’st, naqadar samimiy. Bu xususiyatlar bizga begona emas”,- deydi u.

Sietlning mashhur "Pike Place Market" bozori

Sietl - bag’rikeng shahar. Toshkent yoki O’zbekistonning boshqa shaharlari singari qadimiy emas, vujudga kelganiga hali 150 yil ham bo’lmadi. Lekin bu hududda minglab yillar davomida hindu qabilalar yashagan. Ularning ajdodlari bugun ham shu yerda, oramizda, deydi Dan Peterson.

“Sietl” (Seattle) mana shu qabilalardan birining yetakchisi bo’lgan. Amerika bo’ylab ko’plab shtat, shahar va tumanlar nomi aslida hindu ism yoki so’zlardir. 600 mingdan ortiq aholiga ega bu shaharda dunyodagi barcha elat va din vakillarini uchratasiz.

Sietl joylashgan Vashington shtati baliqchilik sanoati bilan tanilgan

“Shahrimizda, bizning hisobimizcha, kamida 300 o’zbekistonlik bor. Biz ular bilan aloqada bo’lib turamiz, madaniy kechalar va yig’inlar o’tkazamiz. Ko’pchilik, albatta, bu yerga ish yoki o’qish deb kelgan. Muhojirlarga oson emas. Yangi hayot boshlash, ayniqsa oilalar uchun qiyin. Odamlar bir-biriga yordam beradi. Mana biz bormiz. Sietl-Toshkent birodarlik uyushmasi yuzlab a’zolarga ega. Nafaqat o’zbeklar va amerikaliklar, balki boshqa yurtlardan kelgan, masalan Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan kelib, bu yerda istiqomat qilayotgan odamlar. Qozoq, qirg’iz, afg’on, turkman, rus, yahudiy… Navro’z bizni bir joyga to’playdigan ajoyib ayyom. Osh damlaymiz, bir davrada o’tirib dardlashamiz, farzandlar bir-birini taniydi. Musiqa, raqs, urf-odatlarimizni aks ettiruvchi tomoshalar…”,- deydi Dan Peterson.

Sietl bozorida

Amerikaga kelib o’qish yoki ishlash umidida yurganlar ko’p, lekin Dan Petersonning aytishicha, Sietl-Toshkent birodarlik uyushmasi bu masalalarda homiylik qilmaydi, umuman immigratsiya masalasiga aralashmaydi.

“Lekin Sietlga yo’lingiz tushsa, biz shu yerdamiz”,- deydi u.

Sietlda 20 yildan beri yashab kelayotgan Margaret Xopshteyn (Hopstein) aslida Toshkentning Labzak mahallasidan chiqqan ekan. O’g’lini shu yerda katta qildi. O’zi bugun Sietl shahar hokimiyatida ishlaydi, yordamga muhtoj oilalar bilan shug’ullanadi.

Margaret Xopshteyn Toshkentning Labzak mahallasidan chiqqan. 20 yildan beri Sietlda yashaydi.

Bugun Margaret asosan ingliz tilida gaplashishni ma’qul ko’radi. O’zbekistonda o’qituvchi bo’lgan, lekin 45 yoshida Amerikaga kelib hayotini yana noldan boshlagan. Taqdir sizni qayerlarga tashlamas, qanday sinovlar bilan yuzlashtirmas ekan, deydi u.

“Yarmim Toshkent, yarmim Sietl. Buni turmushimda ham, ishimda ham sezaman… Shaharlar, mamlakatlar orasida farq bordir, ammo insonlar har yerda bir istak bilan yashaydi. Tinchlik, salomatlik, to’qlik va baxt. Yaxshilik va umid. Insoniyatni shu narsa bog’lab turadi. Mehnat qilsam, orzumga yetaman deb yashaymiz. Hayotimdan minnatdorman, lekin buning uchun tinimsiz harakat qilish kerak”.

Sietl hikoyalari, 1-qism: