Tolibon mujohid yetakchilarni tinchlik muloqotiga taklif qildi

  • Amerika Ovozi

Tolibon jangchilari

Afg'oniston Tolibonining e'lon qilishicha, guruh mamlakatda AQShga qarshi kurashayotgan jihodiy tashkilotlar bilan tinchlik va yarashuv jarayonini muhokama qilishga tayyor.

Bu haqdagi bayonot 20-mart kuni paydo bo'ldi. Unda Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'anining muloqot haqida yaqinda qilgan taklifi bo'yicha hech narsa deyilmagan.

Guruh da'vatida 2001-yil boshlangan AQSh bosqini "davom etayotgan fojia" deb atalgan hamda Tolibonning Qatardagi idorasi "bosqinchilarni qo'llab-quvvatlamaydigan barchani, jihodchi bo'lsa yoki bo'lmasa ham", yig'ilib, islomiy tizim tashkil etish hamda mamlakatda siyosiy yarashuv jarayonini boshlashda ishtirok etishga chaqirgan.

Hirot viloyatining sobiq gubernatori va taniqli mujohid Ismoil Xon ham avvalroq shunday taklif bilan chiqqan edi.

Hirot viloyatining sobiq gubernatori va taniqli mujohid Ismoil Xon

Xonning aytishicha, agar Tolibon Afg'oniston hukumati bilan muzokara boshlashga tayyor bo'lmasa, bu ishni boshqa jihodchi guruhlar bilan qilishi kerak. U boshqa guruhlar deganda 1980-yillarda sovetlarga qarshi kurashgan mujohidlarni nazarda tutmoqda.

Prezident G'ani, agar zo'ravonlikdan voz kechsa, Tolibonga Kobuldan o'z ofisini ochishiga ruxsat berilishini va'da qilgan. Bu taklifni xalqaro hamjamiyat ham qo'llab-quvvatlamoqda, ammo Tolibon unga hali munosabat bildirgani yo'q.

Bir paytlar xorijiy kuchlar mamlakatdan butunlay ketmaguncha hech qanday muzokara boshlamasligini aytgan Tolibon endi AQSh hukumati bilan to'g'ridan to'g'ri muloqot qilish taklifi bilan chiqmoqda. Guruhga ko'ra, Afg'oniston taqdirini Kobuldagi "qo'g'irchoq" hukumat hal qilishga ojiz.

AQSh esa har qanday tinchlik muzokaralari Kobul orqali amalga oshirilishini aytib keladi.