Amerikaliklar: Devor masalasi favqulodda holat emas

  • Amerika Ovozi

16 shtat Tramp ma’muriyatini sudga berdi. Ular AQSh-Meksika devori qurilishiga mablag’ olish uchun favqulodda holat e’lon qilganidan qattiq norozi. Prezident Trampning bu ishi biror qonunga to’g’ri kelmaydi, deya da’vo qilmoqda bu shtatlar. Ularning boshida Kaliforniya turibdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikaning 16 shtati Tramp ma’muriyatini sudga berdi

​Oq uy bunday norozilik bo’lishini kutgan bo’lsa-da, hozircha shtatlar da’vosiga javob bermagan. Favqulodda holat e’lon qilinishi bilan Oq uy atrofida namoyishlar avj oldi.

“Favqulodda holatga ehtiyoj yo’q, ko’zbo’yamachilik bu. Veteran sifatida aytamanki, Oq uy e’tiborni chegaraga qaratmoqchi. Lekin chegarada vaziyat tahlikali emas”, - deydi namoyishchilardan biri.

“Hozir iqlim, qurol zo’ravonligi, konstitutsiyaviy huquqlar - dolzarb muammolar, favqulodda muhim masalalar shu. Chegarada esa favqulodda xavf yo’q. Favqulodda holat e’lon qilib qo’yib, o’zi golf o’ynagani ketdi”! - deydi yana bir namoyishchi.

Tramp favqulodda holat e’lon qilganiga chegara xavfsizligi uchun Kongress ajratgan mablag’dan qoniqmaganini sabab qilib ko’rsatmoqda.

Tramp 2016-yilgi saylov kampaniyasida AQSh-Meksika chegarasida devor qurib, xarajatlarni Meksikaga to’lattirishini va’da qilgan edi. Biroq Meksika rahbarlari devor uchun bir chaqa ham sarflamasligini aytgan.