Breaking News

Tramp qonunchilardan immigratsiya islohotini tezlashtirishni so'radi


Prezident Donald Tramp (markazda) bir guruh respublikachi senatorlar bilan Oq uyda, 4-yanvar, 2017-yil.

AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, AQShga noqonuniy kirgan bolalarga fuqarolik olish imkoniyatini berish niyatida bo'lgan qonunchilar Meksika bilan chegarada devor qurish uchun pul ajratishni ham ma'qullashi kerak. Shuningdek, deydi davlat rahbari, ular qarindosh-urug'larni AQShga immigrant sifatida chaqirish tartibini hamda grin karta lotereyasini to'xtatishlari kerak.

Sentabr oyida Tramp avvalgi prezident Barak Obama davrida qabul qilingan, bolaligida AQShga noqonuniy kelgan muhojirlarga ishlash huquqini beruvchi "DAKA" farmonini bekor qildi. Bu hujjat 800 mingga yaqin muhojirni deportatsiyadan asrab kelayotgan edi.

Tramp bu muhojirlar taqdirini qonun yo'li bilan hal qilish uchun Kongressga 5-martgacha muhlat bergan. U, shuningdek, qonunchilardan devor uchun mablag' ajratishni, zanjirli migratsiya va viza lotereyasini tugatishni talab qilmoqda.

Oq uyda respublikachi senatorlar bilan uchrashgan Tramp hozirgi immigratsiya tizimi amerikaliklar zarariga ishlayotganini aytib, bunga zanjirli migratsiyani misol qilib keltirdi. Zanjirli migratsiya deganda, AQShda doimiy yashash huquqini olgan muhojirlar yaqin qarindoshlarini ham Amerikaga olib kelishi tushuniladi.

"Zanjirli migratsiya bu mutlaq falokat. U xavfsizligimizga, iqtisodiyotimizga tahdid soladi va terrorizm uchun eshik ochib beradi", - dedi Tramp.

Prezident "grin karta" lotereya dasturini ham tugatish kerak, degan fikrda. Unga ko'ra, bu dastur "iqtisodiyot va xavfsizlik uchun yomondir".

Immigratsiya islohotini chegaralarni mustahkamlamay turib amalga oshirib bo'lmaydi, dedi Tramp.

"Bizga chegara devori kerak. Biz uni quramiz, shuni esingizda saqlang. Ajal olib keluvchi giyohvand modda tashuvchilarni, xavfli va zo'ravon jinoiy kartellarni to'sish uchun devorga ega bo'lamiz", - dedi Tramp.

Prezident bu takliflarga demokratlar ham qo'shiladi degan umidda. Demokratlar o'tgan oy 1,2 million hujjatsiz muhojirga AQShda qonuniy yashash huquqini berish masalasini ovozga qo'yishni talab qildi, ammo respublikachilar rad etgan edi.

Oq uy so'zlovchisi Sara Xakabi Sandersning aytishicha, Prezident Tramp kelasi hafta har ikki partiya vakillari bilan uchrashib, immigratsiya islohoti haqida gaplashadi.

Liberal guruhlar demokratlardan byudjetga oid qonunga muhojirlarni himoya qilishga qaratilgan bandlarni ham qo'shishni so'ramoqda. Bu haqdagi qonun 19-yanvargacha qabul qilinishi kerak.

DAKA tartibi saqlanib qolishini istovchi demokrat qonunchilarning tarafdorlari ko'p. 19-dekabr kuni o'tkazilgan ommaviy so'rovda ishtirokchilarning 62 foizi Kongress DAKA qoidalarini saqlab qolishi kerak, deb ovoz bergan. Faqat 19 foizi uning bekor qilinishini ma'qullagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG