Oq uyda kurkani kechirish an'anasi qachon boshlangan?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Har yili Oq uyda Shukronalik kuniga atalgan kurkani "kechirish" an'anasi bor. Bu narsa Prezident Avraam Linkoln davridan qolgan.

Oq uy tarixiy assotsiatsiyasi bosh tarixchisi Eduard Lengelning aytishicha, Shukronalik kuni kurkani kechirish an'anasi qanday boshlangani haqida turli rivoyatlar bor. Ularning ayrimlari Fuqarolar urushi davridagi Avraam Linkolnga borib taqaladi.

"Uning Ted ismli o'g'li bo'lgan. Uning kurka tovug'i bo'lgan. 1864-yilda bu kurka ovoz berish joyida aylanib yurganda, Linkoln o'g'lidan nega bu yerda yuribdi, ovoz bermoqchimi, deb so'ragan", - deydi tarixchi.

Shunda Ted kurka hali ovoz berishga yoshlik qiladi, deb javob bergan.

"Shundan so'ng Avraam Linkoln kurkani kechirib, uni Shukronalik kuni dasturxon uchun so'yilishdan xalos qilgan", - deydi Lengel.

O'tgan asrning 40-yillarida Garri Trumen prezident bo'lganda Shukronalik kuniga atalgan kurkalarni qo'yib yuborish odatga kirdi. Oradan 20 yil o'tib Prezident Jon Kennedi ham shunday qildi. Uning "Men bu kurkani kechiraman va qo'yib yuboraman", degan gapi mashhur.

"Bu an'anani Kennedi boshlagani aniq va shundan beri davom etib keladi", - deydi tarixchi Lengel.

Oq uy kurkalarni Milliy kurka federatsiyasidan oladi.

"Oq uyda kurkalarni rasman qabul qilib olish marosimi bor. Birinchi bunday ommaviy tadbir Garry Trumen davrida boshlangan", - deydi Lengel.

Kechirilgan kurkalar, odatda, hayvonot bog'iga jo'natiladi. Oq uy dasturxoniga qo'yiladigan kurkani prezidentning o'zi sotib oladi va u davlat rahbari hamda uning oilasi ta'biga qarab pishiriladi.