Erdog'an: Ukraina g'allasi jahon bozoriga chiqaveradi

  • Amerika Ovozi

Panama yuk kemasi Turkiya suvlarida, 7-avgust, 2022

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anga ko'ra, amaldagi kelishuv muddati shu hafta oxirida bitishiga qaramay Ukraina g'allasi Qora dengiz orqali jahon bozoriga chiqaveradi. Muxbirlar bilan gaplasharkan, u bunga ishonchi komil ekanini aytdi.

Erdog'an bu haqda Indoneziyada "Katta Yigirmalik" sammitida aytgan. Turkiya rahbari deydiki, masala Rossiya bilan muhokamada, Prezident Vladimir Putin bilan muloqot rejalangan.

Buni ham ko'ring Bayden: Putinning maqsadi Ukrainani xaritadan o'chirish

BMT va Turkiya iyul oyida Rossiyani Ukraina don mahsulotlari uchun yo'lni yopmaslikka ko'ndirgan edi. Bitimda Rossiya ham oziq-ovqat va o'g'itlar sota olishi uchun imtiyozlar berilgan.

Oxirgi haftalarda Moskva kelishuvni yangilamasligi, shuningdek, yangi shartlari borligi haqida bot-bot ogohlantirgan. Anqara esa diplomatik harakatlar avjida ekanini ta'kidlamoqda.

BMT nazarida Kreml siyosati dunyoda oziq-ovqat ta'minotini yanada izdan chiqarib, taqchillikni kengaytiradi.

Turkiya nazoratidagi suvlardan bu hujjat doirasida hozirgacha 42 davlatga 11 million tonnaga yaqin g'alla va yegulik olib o'tilgan.

Ukraina Rossiyani unga qarshi havo hujumlarini ko'paytirganlikda ayblamoqda. Xususan Kiyev nishonda, deydi rasmiylar.

Mamlakat bo'ylab o'tgan ikki kun ichida 100 ga yaqin raketa tushgani qayd etilgan.

Solonka, Lvov, Ukraina, 16-noyabr, 2022

AQSh bu hujumlarni qoralamoqda. Bali orolidagi sammitda Prezident Jo Baydenning milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning aytishicha, "Katta Yigirmalik" Rossiyaning bu haftadagu xatti-harakatlarini muhokama qilgan.

Buni ham ko'ring BMT: Ukraina g'allasini eksport qilish bo'yicha kelishuvga erishildi

"Rossiya Ukraina xalqiga tahdid solmoqda, uning infrastrukturasini barbod qilmoqda. So'nggi hujumlar "Katta Yigirmalik" e'tiborida va unga vaziyat naqadar og'ir ekani, Putinning urushi keltirayotgan zarar ko'lamini eslatmoqda", - deydi Sallivan.

"Biz Ukraina bilanmiz, uni quvvatlashda davom etamiz".

Qahraton qish boshlanar ekan, deydi Amerika rasmiylari, Rossiya ataylab Ukraina energetika inshootlarini portlatmoqda; ularni ishdan chiqarib, bu xalqni sovuqda qoldirib, unga ruhan bosimni oshirishga bel bog'lagan.