Ukraina NATOga kirish harakatida

  • Amerika Ovozi

Ukraina rahbari Petro Poroshenko NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan, Kiyev, 10-iyul, 2017

Ukraina NATO, Shimoliy Atlantika harbiy alyansiga kirish uchun jiddiy harakat boshladi. Bugun Kiyevda Prezident Petro Poroshenko NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan uchrashib, uch yillik rejani muhokama qilgan. Maqsad 2020-yilga borib, tashkilotga a'zolikka munosib topilish.

Mamlakat siyosiy, iqtisodiy hamda mudofaa tizimlarida chuqur islohotlar olib borishi kerak. Taraqqiyot har yili o'lchab boriladi.

"Ukraina o'z siyosiy kelajagini hamda xavfsizlik borasida kim tomonda ekanini aniq biladi", - deydi Poroshenko.

Stoltenberg deydiki, NATO Ukrainani yaqindan quvvatlaydi va islohot jarayonida unga ko'maklashadi, ayniqsa davlatni alyans me'yorlariga moslashtirishda.

NATOga kirishning asosiy talablaridan biri qo'shni davlatlar bilan mojarolar bo'lmasligi kerak. Har qanday konflikt tinch yo'l bilan hal etilishi lozim. Ukraina hukumati Donbass mintaqasida Rossiya tarafdori bo'lgan isyonchilar bilan olishib keladi. 2014-yildan beri 10 mingdan oshiq odamning yostig'i quridi.

Ukraina va G'arb Rossiyani chegaradosh viloyatlarda separatizmni moylayotganlikda ayblab keladi. Kreml bu ayblovlarni inkor etadi.

"Rossiya Ukrainaga nisbatan agressiv harakatlarini to'xtatmagan, lekin NATO Kiyevning sadoqatli hamkori", - deydi Stoltenberg.

"NATO a'zolari Rossiya Qrimni Ukrainadan tortib olib, o'z hududiga aylantirganini tan olmaydi", - deydi bosh kotib.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson yaqinda Moskvada bo'lganida Rossiya hukumatini Ukraina sharqidagi mojarolar barham topishi uchun dadil qadamlar tashlashga undagan edi.