Germaniya tashqi ishlar vaziri Ukrainada muzokarada vositachi

  • Amerika Ovozi

Ukraina vaqtli prezidenti Oleksandr Turchinov, Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayer Kiyevda. 13-may, 2014-yil.

Frank-Valter Shtaynmayer Ukrainaga safar qilib, hukumat va Rossiyaga moyil guruhlar o’rtasida muzokarani boshlashga yordam bermoqchi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Ukrainaga safar qilib, hukumat va Rossiyaga moyil guruhlar o’rtasida muzokarani boshlashga yordam bermoqchi.

Frank-Valter Shtaynmayer Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ishlab chiqqan muloqot rejasini hayotga tadbiq etishi kerak bo’ladi.

Kecha Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugansk yakshanba kungi referendum ketidan o’zini mustaqil deb e’lon qilgan edi. Donetsk shu zahoti Rossiyaga qo’shilish istagini bildirdi. Har ikki viloyatda 90 foiz saylovchi Ukrainadan ajralishni yoqlab ovoz bergani ta’kidlanadi. Referendum natijalarini mustaqil ravishda tasdiqlash mumkin emas.

Ukraina tashqi ishlar vazirligi saylovni soxta deya rad etadi. Vazirlikning ta’kidlashicha, G’arb va Ukraina agentliklari o’tkazgan so’rovga ko’ra, bu viloyatlarda aholi Ukrainada qolish tarafdori.

25-mayda mamlakatda prezident saylovlari o’tishi kerak. Rasmiy Kiyev sharqdagi rusparast kuchlarni aholini qo’rqitayotganlikda ayblamoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Ukraining hududiy yaxlitligini buzishni bas qilishga undayapti.

“Oxirgi haftalarda tinimsiz zo’ravonliklar guvohi bo’ldik, lekin muloqotni ko’rmadik. Ukraina birdamligi, hududiy yaxlitligiga raxna solgan guruhlarga murojaat qilaman. Bas qiling”, - dedi Pan Gi Mun. BMT rahbari rasmiy Kiyevni kuch qo’llashdan tiyilishga, xalqaro qonunlar doirasida amal qilishga chaqirayapti.

Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi yakshanba kungi referendumni tan olmayapti. Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining aytishicha, Vashington Moskva saylovning oldini olishga astoydil harakat qilmaganidan afsusda.