AQSh Ukrainaga eski rejim o'zlashtirgan pullarni topishda yordamlashadi

  • Amerika Ovozi

Kiyev rasmiylari so’zlariga ko’ra, 20 milliard dollarga teng oltin zaxirasi hamda 37 milliarddan ziyod kreditlar yo’qolgan.

AQSh Federal qidiruv byurosi va Moliya vazirligi Ukraina yangi hukumatiga yordamlashish maqsadida Kiyevga yetib keldi. Hamkorlikdan maqsad – eski tuzum davrida prezident Viktor Yanukovich va uning yaqinlari o’zlashtirgan milliardlab dollarni topish.

Ukrainaning yangi rahbariyati hokimiyatdan ag’darilgan Viktor Yanukovich davrida yo’qolgan milliardlab dollar boylikning hech bo’masa bir qismini topmochi.

AQShning Ukrainadagi elchisi Jeffri Payatt Vashington yordamlashishga tayyor, deydi.

“Moliyaviy jinoyatlarni taftish etishga shay hukumat bilan hamkorlik qilishdan biz manfaatdormiz. Federal qidiruv byurosi va Adliya hamda Moliya vazirliklari xodimlari hozir shu yerda, ukrainalik hamkasblar bilan birga ishlamoqda,” - deydi u.

Kiyev rasmiylari so’zlariga ko’ra, 20 milliard dollarga teng oltin zaxirasi hamda 37 milliarddan ziyod kreditlar yo’qolgan. So’nggi uch yilda Ukraina moliyaviy tizimidan offshor bank hisoblariga 70 milliard o’tkazilgan.

Tashqi qarzi 75 milliard dollarga teng mamlakat bu mablag’ga juda muhtoj. Milliy valyuta, grivna qiymati shu yilning o’zida 20 foizga pasaydi. Inqilob va siyosiy tartibsizliklar iqtisodga jiddiy ziyon yetkazgani aniq.

Xalqaro valyuta jamg’armasi Ukraina rahbariyati bilan mamlakatga 15 milliard dollar kredit ajratish masalasini muhokama qilmoqda. AQSh ham moliyaviy barqarorlikni tiklash maqsadida 1 milliard dollarga teng kredit beradi.

O’g’irlangan mablag’ni topishda Kiyevga nafaqat Vashington, balki boshqa taraflar ham ko’maklashmoqda, deydi AQSh elchisi.

“Bundan manfaatdor boshqa hukumatlar ham bor. Ular xalqaro moliyaviy tizimlar orqali eski rejimning moliyaviy jinoyatlarini fosh etish va yo’qolgan boylikni topish niyatida qat’iy”.

Taftish o’tkazayotganlar bank hisoblarini o’rganar, pul qayerga ketganini aniqlashga harakat qilar ekan, ayni paytda eski rahbariyat davrida davlat g’aznasini o’marib, katta boylik orttirganlar hukumat lavozimlariga tayinlanmoqda.

Muvaqqat hukumat ayrim oligarxlarni gubernatorlikka qo’ydi. Muxolifatdan parlament a’zosi va inson huquqlari himoyachisi Lesya Orobets bundan norozi.

“Menga bunday qarorlar yoqmayapti, lekin ular ortidagi sabablarni tushunaman. Yangi prezident saylanib, mamlakatda to’la nazorat o’rnatgunicha bu odamlar vaqtli hukumat bilan birga ishlashi kerak. Bu juda muhim”.

Davlat g’aznasi baribir bo’sh, oligarxlar esa mas’uliyat sezgani yaxshi, qo’shimcha qiladi Orobets.

“Eski rejim hammasini o’marib bo’lgan. Oligarxlarga esa endi boshqacha yo’l tutish imkoni berildi,” - deydi u.

Maydon inqilobi faollaridan Sergey Poyarkov Amerika va Yevropa ajratayotgan kreditlarni puxta kuzatish kerak, deya ogohlantiradi.

“Pul ajratyapsizmi, uni nazorat ham qilishingiz kerak. Mablag’ doirasida amalga oshirilgan har bir to’lov o’sha vazirlik yoki boshqarma vebsaytida ochiq ko’rsatilsin. Shunda davlat boyliklarini o’g’irlashning iloji bo’lmaydi”.

Vaqtli boshqaruv Tetyata Chornovolni yo’qolgan milliardlarni topishga qaratilgan urinishlarga rahbar etib tayinladi. Bu dovyurak jurnalist eski rejim qilmishlarini yoritib kelgan, dekabr oyida esa muxbirlik faoliyati uchun rosa do’pposlangan edi.