Ukrainada urush boshlansa, Xitoy qanday pozitsiya tutadi?

  • Amerika Ovozi

Ukrainada urush boshlanib, Moskva jiddiy sanksiyalarga uchrasa, ittifoqchisi Xitoydan yordam olishi mumkinmi?

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 28-yanvar, 2022-yil

“Nazarimda, Xitoy bunday vaziyatda Rossiyaga qo’ldan kelgancha yordam beradi. Biroq aytish joiz, Rossiyaning Xitoy bilan iqtisodiy aloqalari Yevropa bilan iqtisodiy munosabatlar o’rnini bosadigan darajada emas”, - deydi London universitetida Xitoy bo’yicha mutaxassis Stiv Tsang.

Pekin Moskvaga hozirgi vaziyatda siyosiy dalda berdi.

“Ikki davlat tashqi siyosatini faolroq muvofiqlashtirishi aniq. Rossiya va Xitoy o’rtasida harbiy hamkorlikning kuchayishi AQSh va NATO uchun og’riqli masala bo’ladi”, - deydi Rossiya milliy tadqiqot universitetidan Dmitriy Suslov.

Xitoy AQSh va NATOning Rossiya harakatlariga munosabatini diqqat bilan o’rganmoqda, deydi kuzatuvchilar.

“Sharqiy Yevropada qo’shinlar harakatlanayotgani bilan Ukrainani himoya qilish uchun hech kim u yerga askar yuborayotgani yo’q. Va albatta, atrofida hududiy munozaralarga ega Xitoy buni inobatga olmoqda”, - deydi tahlilchi Juli Norman.

Stiv Tsang nazarida, Pekin Ukrainadagi voqealardan o’zicha xulosa chiqarib, hisob-kitobni noto’g’ri qilishi mumkin.

“Xitoy amerikaliklar va yevropaliklar katta gapirib, deyarli hech qanday chora ko’rmayotganini kuzatyapti va bu hol ularni Tayvan masalasida ruhlantirishi, u yerda mojaro vujudga kelsa, Amerikaning ehtimoliy javobini xato hisob-kitob qilishi mumkin”, - deydi ekspert.

AQSh bilan raqobatga qaramay, Xitoy va Rossiya manfaatlari doim ham hamohang emas. Pekinning ko’p trillion dollarlik “Kamar va yo’l” tashabbusi Rossiya o’z ta’sir doirasida ko’radigan mamlakatlarni o’z ichiga olgan.

2016-yilda Xitoy yuk tashish uchun Gruziya, Ozarbayjon va Qozog’iston orqali Ukrainaning Qora dengiz sohiliga ulovchi va Rossiyani aylanib o’tuvchi temir yo’l va parom qatnovini yo’lga qo’ydi.

Xitoy, shuningdek, Kiyevda yangi metro liniyasi kabi infratuzilma loyihalarini moliyalamoqda. Rossiyaning Ukrainaga hujumi Pekinning bu mamlakatdagi sarmoyalariga tahdidmi?

“Buni Rossiyaning Qozog’istonga qo’shin kiritganidan bilsa bo’ladi. Xitoy hukumati buni xotirjamlik bilan qarshiladi. Unga avtoritar rahbarlarni qo’llab-quvvatlash, hokimiyatda saqlash muhimroq”, - deydi Tsang.

Pekin Qishki Olimpiya o’yinlariga mezbonlik qilishga hozirlanar ekan, ayrim kuzatuvchilar fikricha, Pekin kelasi bir necha hafta davomida Ukraina bilan bog’liq vaziyatga faol munosabat bildirmasligi mumkin.