NATO rahbari: Rossiya Ukrainada harbiy kuch to'plamoqda

  • Amerika Ovozi

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, Rossiya Ukraina ichida va chegarasida harbiy kuch to'plamoqda, ilg'or uskuna va havo mudofaasi tizimlarini o'rnatmoqda.

Stoltenberg Moskvadan qo'shinlarini ortga qaytarishni so'rab, Ukraina sharqidagi ixtilofni tugatishga hissa qo'shishga chaqirgan. G'arb nazarida Kreml isyonchilarni qo'llab-quvvatlamoqda. Moskva bu da'volarni inkor etib keladi.

Ukraina Mudofaa vazirligi yakshanbadan beri otishmalarda besh askarini yo'qotganini, sakkiz nafari yaralanganini ma'lum qildi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmeyer Ukraina hukumati va isyonchilarni sentabr oyida Minskda imzolangan sulh shartlarini bajarishga chaqirdi. Shtaynmeyer bugun Kiyevda, so'ng esa Moskvaga yo'l oladi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Filip Xemmondning aytishicha, sulh bitimini imzolagan Rossiyaga uning majburiyatlarini eslatib turish kerak.

Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk nazarida Ukraina va Rossiya rasmiylari neytral hududda masala bo'yicha muzokara qilishi lozim. Kreml bunga javoban Kiyevni sharqdagi isyonchilar bilan muloqotga chorladi.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenkoning Germaniya matbuotiga aytishicha, kerak bo'lsa, Ukraina Rossiya bilan keng qamrovli urushga tayyor.