Afg'onistonga qo'shnilar yordami suv va havodek zarur

BMT Xavfsizlik Kengashi raisi Qozog'iston elchisi Kayrat Umarov Kobulda Prezident Ashraf G'ani bilan, 15-yanvar, 2018

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun Xavfsizlik kengashida so'zlar ekan, Markaziy Osiyo va Afg'oniston muloqot, tinchlik, madaniy yaqinlik va hamjihatlik namunasi bo'la oladi, agar mintaqaviy sarmoya, tijorat va birdamlikni yo'lga qo'ya olsa, deya tashqi ishlar vazirlariga murojaat qildi. Tadbirni to'liq holda mana bu yerda (to'liq video) tomosha qiling.

O'tgan yillarda, deydi BMT rahbari, davlatlar oldinga dadil qadamlar tashlay boshladi. Lekin o'zaro tijorat, siyosiy masalalarda birga ishlash va oradagi ziddiyatlarni bartaraf etishda oqsadi. O'tgan yili Markaziy Osiyoga safar qilgan Guterrish respublikalarning rahbarlari bilan muloqotda hamkorlik uchun iroda yetarli ekanini tushunganini aytadi. Biroq bu jarayonni yo'lga qo'yib olishda, ayniqsa suv, energetika va savdo masalasida til topishish uchun yaqindan aloqa qila boshlashi kerak edi, deydi bosh kotib.

Your browser doesn’t support HTML5

Markaziy Osiyo va Afg'oniston BMT Xavfsizlik Kengashida

O'tgan bir yil ichidagi faollikka qaramasdan Afg'oniston bilan bog'liq masalalarda sustkashlik seziladi. Bu mamlakat xavf o'chog'i sifatida qaralib, qo'shnilar u bilan hamkorlikni ehtiyorkorona tarzda yo'lga qo'yayotgani sir emas. Qorador savdosi, uyushgan jinoyatchilik, ekstremist to'dalar, Kobuldagi hukumatga ishonchsizlik, xalqaro hamjamiyatga nisbatan umidsizlik, yirik davlatlarning siyosatidan norozilik - bularning hammasi passivlikka undaydi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov deydiki, Shimoliy Afg'onistondagi bugungi ahvolga chidab bo'lmaydi. Terroristlar u yerdan turib, afg'on xalqini ezmoqda, shimoldagi qo'shnilarga tahdid solmoqda. Minglab jangarilar xorijdan moliyalanmoqda va ular quturaversa, butun Yevrosiyo barqarorligi xavf ostida.

Qoradori sanoati va savdosi pasaymagan, deydi Lavrov. Bunga qarshi yangi choralar ustida ishlash kerak.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, BMT Xavfsizlik Kengashi, 19-yanvar, 2018

AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Jon Sallivan qayd etishicha, Afg'oniston bugun 20 yil oldingiga qaraganda yaxshiroq va tinchroq hayot kechirmoqda. Tolibon va terror kuchlarining burungi kuchi yo'q. Xalqaro koalitsiya ularga zarba berishda davom etadi. Afg'onistonda iqtisodiy ahvol yaxshilanganI sari ekstremistlar ham kamayadi, deydi Sallivan.

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Kayrat AbdUrahmonov ta'biricha, Afg'onistonga ko'z yumish yoki unga xavf va beqarorlik maskani deb qarash bilan hech kim foyda ko'rmaydi. Uning atrofidagi davlatlar unga yordam berib, o'zlariga ham manfaat keltiradi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkentning rasmiy pozitsiyasini tushuntirar ekan, tinchlik muzokaralari zamon talabi, deya qayd etdi. Afg'oniston hukumati va toliblar orasida murosaga erishish muhim, dedi Komilov.

O'zbekiston bugunga kelib Kobul bilan rishtalarni mustahkamlayotgani, qo'ldan kelganicha yordam ko'rsatayotgani, orada rejalar talay ekani va hamkorlikka har ikki tomon ulkan umid bilan qarayotganini aytdi.

Komilov deydiki, O'zbekiston Afg'oniston bilan ham, boshqa qo'shni davlatlar bilan ham yaqindan ishlashga tayyor. Qolaversa, respublika butun Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo orasida iqtisodiy va siyosiy sheriklik rivojlanishi tarafdori.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev, Xavfsizlik Kengashi, 19-yanvar, 2018

Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri muovini Hikmat Karzay uning davlati har bir sohada har bir qo'shni va yaqin hukumat bilan ishlashga shay ekanini aytadi. Afg'onistonda ko'plab jabhalarda yutuqlar bor. Odamlarning hayoti ancha tiklangan. Xalq qattiq mehnatda, deya tasvirlaydi u. Afg'oniston mintaqaviy madaddan minnatdor.

BMT Xavfsizlik Kengashi yig'inida Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan diplomatlar qatnashdi va so'zladi. Biror yangi kelishuvga erishilmadi lekin, deydi ishtirokchilar, muloqot - hamjihatlik ramzi.