Prezident Obama Kongressga: Vaqtni boy berayapmiz

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Kongressga: Vaqtni boy berayapmiz

Prezident Barak Obama Kongressni hamjihatlikka undab, davlat qarzi bo’yicha tortishuvlarni bas qilib, qonunlarni o’zgartirishga chaqirmoqda.

2 avgustgacha bunga erishilmasa, Amerika moliya tizimi ishdan chiqishi mumkin. Bu davlat nafaqat qarzini to’lay olmaydi, balki amerikaliklar maoshsiz qolishi mumkin. Gap pensiya, turli toifa vakillariga beriladigan nafaqa va ijtimoiy yordam xususida ham ketmoqda.

Mavjud qonunlarga ko’ra AQSh chet eldan 14, 3 trillion dollardan oshiq qarz ololmaydi. Lekin bu yetmayapti, deydi prezident. Xarajatlarni to’lash uchun ko’proq pul kerak, ya’ni Amerika kattaroq kredit olishga majbur.

Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner (chapdan) taklif qilgan loyiha Senat tomonidan rad etildi

Vakillar Palatasida hukmron respublikachilar qarzni ko’tarishga rozi, lekin xarajatlarni keskin kamaytirish sharti bilan. Ijtimoiy himoyani qirqamiz, yuzlab dasturlarni bekor qilamiz, deydi ular.

Buni aks ettiruvchi qonun loyihasi kecha palatada ovozdan o’tdi, lekin Senat uni rad etdi. U yerda demokratlar ko’pchilik ovozga ega.

Har ikkala palata xohish-istagi aks etgan qonun loyihasi vaqtida ishlab chiqilib, tasdiqlanadimi yo’qmi, mavhum.

Senatda hukmron demokratlar masalani ertaga, 31 iyul kuni, ovozga qo'ymoqchi

Xalq xavotirda. Prezident Obama qonunchilarga har bir daqiqa g’animat ekanini eslatmoqda. Kongress a’zolari, asosan respublikachilar, Obamani ishni eplay olmaganlikda, ular bilan murosa qilishdan bosh tortganlikda ayblaydi. Prezident esa ayb ularning o’zida deydi.

Omma bu kabi bahslardan to’yganini aytmoqda. Siyosatchilar mamlakatni jar yoqasiga yetaklamoqda, deydi amerikaliklar.

Senatda demokratlar sardori Garri Ridning aytishicha, davlat qarzi bo’yicha qonun loyihasi ertaga ovozga qo’yiladi.

Lekin demokratlar va respublikachilar kelishuvdan yiroq.