Amerika orzusiga erishgan muhojir endi boshqalarga yordam bermoqda

  • Amerika Ovozi
Amerikani imkoniyatlar makoni deyishadi, orzular ushaladigan diyor. 2011-yilda bir milliondan ziyod immigrant AQShda doimiy yashash huquqini qo’lga kiritdi. Tadbirkorlik ruhi bor odam uchun Amerika ayni muddao. Bu yerda biznes ochish har qadamda qo’llab-quvvatlanadi. Omadi chopganlar boshqalarga ham orzusiga erishishda ko’maklashadi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda muvaffaqiyatga erishgan muhojir/Shohruh Hamro


Ali Sayfiy bundan deyarli 40 yil avval Erondan Amerikaga kelgan.

“AQSh juda qiziq mamlakat, imkoniyatlar eshigini ochib beradi sizga” – deydi u.

Uning orzusi restoran ochish edi… 1981-yilda Janubiy Karolinaning Grinvill shahrida “Subway” kafesini ochdi.

“Subway Grinvillda 30 yil avval ochilgan birinchi kafe bo’ldi,” - deydi u.

Bugun Sayfiy 400 ta shunday kafe egasi.

“400 ta restoranda 4000 odam ishlaydi”.

To’rt ming xodimga har yili taxminan 40 million dollar maosh to’lanadi. Ular to’laydigan soliqlar, o’z navbatida, 6 million dollarga teng.

“Bevosita biz bilan ishlaydiganlarni sanasak, xodimlarimiz undanda ko’p. Mahsulotni tarqatuvchilar, haydovchilar, qadoqchilar…”, - deydi muhojir.

Bu ham Amerika orzusining bir qismi. Bir odam muvaffaqiyatga erishsa, boshqalarning orzusi ham ushaladi.

“Bu men uchun faqat ish emas, hayotimning bir qismiga aylangan”, - deydi Lakim Kembell. U ikki yilcha oldin “Subway” kafesiga ishga kirganida eng past maosh olardi.

Qattiq mehnat evaziga ayol menejerlik lavozimiga ko’tarildi. Endi uning tibbiy sug’urtasi bor. Qator boshqa imtiyozlar ham berildi.

“Hayotimda katta o’zgarish yasadi. Sug’urta bor ekan, demak doktorga pulim bo’lganida emas, qachon kerak bo’lsa boraveraman”, - deydi ayol.

Ishxonadan berilgan tibbiy sug’urta butun oila uchun muhim. Endi esa Kembellga o’xshagan 4000 xodimni tasavvur qiling. Bir odam ular hayotiga qanchalik ta’sir qilgan.

Ammo Ali Sayfiy ochgan bizneslarning maqsadi har doim ham moliyaviy foyda emas.

“U daromad deb emas, odamlar, u yerda ishlaydigan xodimlar deb restoran ochishga qaror qildi”, - deydi Kristal Xardesti, “Goodwill Industries” nodavlat tashkiloti rahbarlaridan. U yoshlarga malaka talab qilinmaydigan ish topishda va treningda yordam beradi.

Ali Sayfiy “Goodwill” bilan hamkorlikda restoran ochib, bu tashabbusga ham bosh qo’shdi.

“Omadi kelmagan, hayotda qiynalgan odamlarga ish topib berish – maqsadimiz. Qamoqda o’tirib chiqqan, turmushi bo’lmagan erkak va ayollar kam deysizmi. Ularga imkoniyat beramiz, yordam qo’lini uzatamiz”, - deydi u.

2012-yilda Grinvilldagi “Goodwill” tashkiloti ko’magida 7300 odam ish topdi. Davlatning ijtimoiy yordam dasturlariga bog’lanib qolmasdan yangi kasb-hunar o’rganib, mehnat qilayotgan odamlar. Buni qarangki, Ali Sayfiy ham 1980-yillarda Amerikaga o’z orzusiga erishish uchun kelgan edi.