Avstriyada AQSh-Eron muzokaralarining to'rtinchi davrasi boshlandi

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar va Eron o’rtasidagi bilvosita muzokaralar davom etar ekan, Bayden ma’muriyati Tehron yangi imtiyozlar kutmasligi kerak, deya ogohlantirmoqda.

Eronning yadro dasturi bo’yicha 2015-yilda xalqaro kelishuv imzolangan edi. Sobiq prezident Donald Tramp 2018-yilda uni tark etib, Eronga qo’shimcha sanksiyalar joriy etgan. Yuqori lavozimdagi rasmiyning jurnalistlarga aytishicha, AQSh kelishuvga qayta qo’shilish uchun qanday “yon bosishlarga” tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Avstriya poytaxti Venada muzokaraning to’rtinchi davrasi boshlanishi oldidan, Davlat departamenti uyushtirgan matbuot anjumanida rasmiy AQSh pozitsiyasini tushuntirdi. Boshqa davlatlar delegatsiyalari AQSh va Eron o’rtasida vositachilik qilmoqda.

Buni ham ko'ring AQSh Eron bilan mahbus almashinuvi xabarini rad etdi

Ukrainaga safari chog’ida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Tehron murosaga ko'nmayapti, deya shikoyat qilgan.

“Eron yadroviy kelishuvga to’liq qaytish uchun zarur bo’lgan qarorlarni qilishga tayyormi, yo’qmi, bilmaymiz. Afsuski, ular dasturning kelishuv doirasida to’xtatilgan xavfli qismlarini qayta boshlamoqda”, - deydi Blinken.

Tehron Tramp joriy etgan sanksiyalarning to’liq bekor qilinishidan kamiga aslo ko’nmasligini bildirib kelmoqda. Kelishuv shartlariga zid ravishda qilgan qarorlarini bekor qilish haqidagi takliflarni ham rad etgan.

Eron rasmiylarining bildirishicha, AQSh sanksiyalarning katta qismini olib tashlashga tayyor, lekin bu yetarli emas. Evaziga Tehron nimalar qilishi ham ma’lum emas.

Qo’shma Shtatlar Obama davrida kelishilgan hujjat shartlariga qaytishga tayyor, agarda Eron ham xuddi shunday qadam tashlasa. Eronni kelishuvga rioya qilishga ko’ndirish uchun bundan ko’prog’iga rozi bo’lmaymiz, deydi AQSh rasmiylari.

2015-yilgi kelishuv doirasida Eron yadroviy programmasini cheklash evaziga milliardlab dollar mablag’ni qo’lga kiritgan. Ammo Tramp keyinchalik bitimni tark etib, sanksiyalarni yanada kengaytirdi. Tehron, o’z navbatida, uran boyitishni kuchaytirib, ilg’or sentifugalarni ishga tushirdi.

Buni ham ko'ring AQSh qo’llaydigan sanksiyalar qanchalik samarali?

Venadagi muzokaralar boshida AQSh va Yevropa diplomatlari Eronga beriladigan taklif va imtiyozlar qamrovi keng ekani, neft, gaz va bank sohalarini qamrab olishini ma’lum qilgan edi. Jurnalistlar bilan gaplashgan rasmiy tafsilotlar bilan bo’lishmadi, ammo kelishuvga “to’g’ri kelmaydigan” sanksiyalar bekor qilinadi, deydi u.

Eronda iyunda o’tadigan prezidentlik saylovlaridan oldin tomonlar til topishishi ehtimoli bor. Har ikki tomon nima qilishi kerakligi aniq, deydi AQSh rasmiysi.

Uning ta’kidlashicha, islomiy respublika xalqaro kelishuvda belgilanganidan ortig’ini talab qilmasa va bu hujjatga zid ravishda qilgan qarorlarini bekor qilsa, muvaffaqiyatga erishiladi.

Bayden ma’muriyati aynan qaysi sanksiyalar bekor qilinishi to’g’risida lom-mim demaydi. Rasmiylarga ko’ra, yadro programmasiga taalluqli bo’lmagan, terrorizm, ballistik raketalar va inson huquqlari bois Tramp davrida joriy etilgan ayrim sanksiyalarni yengillashtirish ehtimoli bor.

Qayd etilishicha, Bayden ma’muriyati Tramp davrida joriy etilgan sanksiyalarni noqonuniy yoki noto’g’ri deb baholamaydi. Ammo kelishuvga qaytish AQSh manfaatlariga javob beradi, deya xulosa qilingan.