Musulmon amerikalik Trampni konstitutsiyani o'qishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Halok bo'lgan AQSh armiyasi kapitani Humoyun Xonning otasi Xizr Xon (o'ngda) demokratlar qurultoyida gapirmoqda, 28-iyul, 2016-yil.

28-iyul kuni Filadelfiyadagi demokratlar qurultoyida bir musulmon muhojir anjumanning eng ta'sirchan chiqishlaridan birini qildi.

Halok bo'lgan AQSh askarining otasi Xizr Xon Donald Trampni qoralab, "AQSh Konstitutsiyasini hech o'qib ko'rganmisan?" deya uni so'roqqa tutdi.

Xon oilasi Birlashgan Arab Amirliklaridan muhojir bo'lib kelgan. Uning o'g'li kapitan Humoyun Xon 2004-yil Iroqda xizmat qilayotgan payt harbiy baza oldida mashina portlashi oqibatida halok bo'lgan edi. O'sha lahzada u qo'l ostidagi askarlariga ortga chekinishni buyurub, o'zi mashina tomon yurgan, so'ng avtomobil portlab ketgan edi. U 27 yoshda edi.

"Hillari Klinton o'g'limni "Amerikaning eng yaxshisi" deb aytganda haq edi. Agar kunimiz Donald Trampga qolganda, hech qachon u Amerikaga kela olmagan bo'lardi", - dedi Xon.

Xon oilasi bilan Amerikaga quruq qo'l bilan kelganini, lekin farzandlarini o'z orzulari ketidan yurishiga imkon beradigan o'lkaga kelayotganini bilganini aytadi.

"Donald Tramp musulmonlarni tinimsiz yomonotliq qilmoqda, - dedi Xon. - U boshqa ozchilik guruhlarga ham, ayollar, sudyalar, hatto o'z partiyasi rahbariyatiga ham hurmatsizlik qilyapti".

Xon milliarder nomzodni Arlington qabristoniga tashrif buyurishga, "AQShni himoya qilib halok bo'lgan jasur vatanparvarlarning qabrlarini ko'rishga" undadi.

"Bu yerda barcha e'tiqod, jins va etnik guruhlarni ko'rasiz. Siz hech kimni va hech narsani qurbon qilib ko'rmagansiz", -deya u Trampga murojaat qildi.

Xan nutqi davomida barcha amerikalik musulmonlarni va muhojirlarni saylovga chiqishga va Hillari Klinton uchun ovoz berishga chaqirdi.