AQSh: Pokiston jangarilarga qarshi dadilroq chora ko'rishi kerak

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Afg'onistonda generallar bilan

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Pokistonni terrorchilarga qarshi dadilroq kurashishga undamoqda.

Aks holda, deydi u, Afg'onistondagi Amerika kuchlarini Pokistondagi jangarilardan o'zimiz himoya qilamiz. Rasmiy Islomobod Panettaning izohlaridan taajjubda va bunday munosabat avvalambor aksil-terror hamkorlikka zarardir, deydi.

AQSh rasmiylari nazarida Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasidan turib harakatlanayotgan Haqqoniy jangari tarmog'i seshanba kuni Kobulda AQSh elchixonasi va NATO idorasiga hujum qilgan.

Panettaning aytishicha, Vashington Islomobodni jangarilarga bosimini kuchaytirib, chegara orti hujumlarining oldini olishga bir necha bor chaqirgan.

Bugun Pokiston shimoli-g'arbidagi Quyi Dir mintaqasida Tolibonga qarshi kurashgan mahalliy oqsoqollardan birining dafn marosimi paytida bir odam o'zini portlatib, kamida 25 kishini o'ldirgan. Marosimda 100 dan ziyod odam qatnashayotgan bo'lgan. 60 dan oshig'i jarohat olgan.

Qo'shma Shtatlar hududda bugun havo hujumi uyushtirib, al-Qoidaning Pokistondagi yetakchi agentlaridan birini yo'q qilganini aytmoqda. Pokiston pilotsiz samolyot hujumida yakshanba kuni yana uch kishi o'lgan, deydi.