AQSh Xitoydagi savdo forumida qatnashadi

  • Amerika Ovozi

Pekin, Xitoy

Pekin sharq va g'arbni bog'lovchi yangi tijoriy tizim barpo etishga bel bog'lagan. Milliardlab dollar sarmoya qilishni boshlagan. Tashabbuslarga Amerika ham qo'shilishini istaydi.

Yaqinda Florida shtatida muloqot qilgan rahbarlar, Donald Tramp va Shi Zinpin, bu borada hamkorlik qilishga kelishib olgan.

Yaqin kunlarda Xitoy poytaxtida kechadigan anjumanga Vashingtondan Metyu Pottinjer boshliq delegatsiya boradi. Pottinjer Prezident Trampning Sharqiy Osiyo bo'yicha maslahatchisidir.

“Amerika kelishi muhim ahamiyat kasb etadi, chunki u dunyodagi eng yirik iqtisodiyotdir", - deydi Xitoy Moliya vaziri muovini Ju Guangyao.

Xitoy nazarida yangi tijorat tizimi o'nlab davlatlarning ravnaqi uchun xizmat qiladi, shuningdek, uning manfaatlarini ko'zlaydi. Lekin AQShga bundan nima naf?

Xitoy rasmiylari deydiki, olti yangi savdo yo'nalishi Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika va Osiyoni bir-biriga ulaydi. AQSh esa dunyoning har tarafida ulkan sarmoya va moliyaviy qudratga ega.

Lekin, deya eslatadi ekspertlar, bu yo'nalishlar avvalo Xitoyniki va uning foydasiga ishlaydi. Amerika diplomatik jihatdan uni quvvatlashi mumkin lekin unda faol rol o'ynamaydi.

"Bu yo'llar markazida Xitoy. Maqsad - Xitoyni buyuklashtirish, uni kuchaytirish. Tramp shu bois ham "Amerika birinchi bo'lishi kerak" deya bong urmoqda", - deydi Tom Millar, Yangi Ipak Yo'li deya nom olgan bu tizim haqida kitob yozgan mutaxassis.

Xitoyda bu yo'llar mamlakat qudratiga qudrat qo'shadi deya targ'ib qilinsa, xalqaro maydonda Pekin o'zining global yetakchiligini mustahkamlamoqchi.

15-may kuni boshlanadigan forumda 29 davlat vakili ishtirok etadi.

Yangi Ipak Yo'li barpo etish eng mushkul vazifa va bu borada birga ishlamay iloj yo'q, deydi Xitoy rasmiylari.

Pekin, Xitoy

Ayni damda Xitoy va uning atrofidagi davlatlar tashabbusga chuqur qiziqish bilan qaraydi va sarmoyaga yo'q demaydi. Lekin turli loyihalar ishga tushar ekan, turli jamiyatlarda ularga qarshilik kuchayishi tabiiy, chunki yangi infratuzilmani xitoyliklar qurmoqda, ya'ni ishchilar mahalliy emas.

Globallashuv yosh va rivojlanayotgan mamlakatlarni asabiylashtirmoqda. Ular ertangi avlod nima istashini aniqlashga urinmoqda va biznes har tomonlama umumbashariy tus olayotgani, uning ruhiy va moddiy hamda ijtimoiy ta'siri tuzumlarni qo'rqitadi, deydi olimlar.

Sarmoya sabab davlatlar Xitoydan foyda ko'radi, ikkinchi tomondan esa unga tobelik oshadi.

AQShdan tashqari forumda Germaniya va Britaniya ham qatnashadi. Ular Xitoyni xalqaro savdo va tijorat qonunlariga rioya qilishga, taraqqiyotda huquq va talablarga ko'z yummaslikka undab keladi.

Pekin rasmiylarining qayd etishicha esa kim bu jarayonga ijobiy hissa qo'shmoqci bo'lsa, tashabbusga qo'shilishi kerak.

Pekin, Xitoy