AQSh-Turkiya mojarosining iqtisodiy oqibati og'ir bo'lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh va Turkiya o'rtasida viza mojarosi boshlanishi ortidan Istanbul birja bozorida narxlar tushib ketdi. AQShning Anqarani Shimoliy Koreya va Eron kabi davlatlar bilan bir ro'yxatga qo'yishi Turkiya iqtisodiyoti uchun zarba bo'lishi mumkin.

Istanbuldagi AQSh konsulligi xodimi hibsga olingach, AQSh turkiyaliklarga viza berishni to'xtatdi. Bundan ko'pchilik sarosimada. AQShga safar qilayotgan Turkiya fuqarolaridan biri xavotirini yashirmaydi.

"Hozir ketyapmiz, lekin qaytishda muammo bo'ladi, degan xavotirdamiz", - deydi u.

Yana bir sayyoh vizasi muddati tugayotganini aytib, muammo tez orada bartaraf etiladi, degan umidda. Anqarada esa Vashingtonni ayblayotganlar ko'p.

"AQSh xato qildi. Davlatimiz NATO a'zosi va do'st mamlakat. Vizani bekor qilib xato qilishdi", - deydi Hasan Yildirim ismli turkiyalik.

Yosh va bilimli ishchi kuchiga ega Turkiya iqtisodiyoti so'nggi 10 yilda uch barobar kattalashdi. AQSh eksportlariga talab katta. Ikki mamlakat o'rtasidagi savdo 20 milliard dollarga yetdi. Ammo so'nggi mojaro bu progressni ortga surishi mumkin, deydi tahlilchi Serhat Gurleyen.

"Bozorda allaqachon bezovtalik bor edi. Bundan oldin Germaniya saylovlari paytida Germaniya bilan aloqalar yomonlashgan edi. Bu esa endi so'nggi zarba bo'ldi. Turkiya yakkalanib qolyapti, degan xavotir bor", - deydi u.

Turkiyada 1000 dan ortiq AQSh kompaniyalari ishlaydi. O'lka Yevropadagi kattaroq bozorlarga chiqish yo'lagi hisoblanadi.

Yaqin Sharq instituti tadqiqotchisi Gonul Tolga ko'ra, Turkiyaning obro'si tahdid ostida.

"AQSh qarori Turkiyaning Yevropadagi obro'siga ta'sir qiladi. Turkiya tashqi investitsiyaga muhtoj. Bu esa xorijlik sarmoyadorlar uchun yomon xabar. Erdog'an AQSh bilan mavjud muammoni hal qilishga urinsa, aqlli ish bo'lardi", - deydi u.

Turkiya yalpi ichki mahsulotining 10 foizi turizm hissasiga to'g'ri keladi. Eng ko'p zarar ko'rayotgan kompaniyalaridan biri bu Turkiya havo yo'llari. Kompaniya aksiyalari narxi sakkiz foizga tushib ketdi.