AQShda o’zbekistonlik terrorda ayblanib hibsga olindi

  • Amerika Ovozi

AQShning Pensilvaniya shtati, Filadefiya shahrida o’zbekistonlik Baxtiyor Jumayev terrorchi tashkilotga moliyaviy ko’mak ko’rsatganlikda ayblanib hibsga olingan.

Tergovchilarning aytishicha, Jumayev shu yil boshida Chikago aeroportida qamoqqa olingan yana bir o’zbekistonlik - Jamshid Muxtorovga 300 dollar pul berib, Islomiy Jihod Ittifoqiga yetkazishni tayinlagan.

2000-yillarda O’zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqqan bu guruhning Afg’onistondagi NATO qo’shinlariga qarshi hujumlarda qo’li bor. Islomiy Jihod Ittifoqi 2005-yildan buyon AQShning qora ro’yxatida.

AQSh Federal Qidiruv Byurosi Baxtiyor Jumayev va Jamshid Muxtorov o’rtasida kechgan telefon muloqotlarni uzoq vaqt kuzatib kelgan. Agar aybdor topilsa, Jumayev 15 yilga qamalishi va unga 250 ming dollar jarima solinishi mumkin.