HRW: Murod Jo'rayevning jazo muddati uzaytirilmaganidan xursandmiz

Murod Jo'rayev "Ezgulik" rahbari Vasila Inoyatova bilan, 12-noyabr, 2015

Xalqaro huquq tashkilotlari dunyoning eng uzoq yil qamoqda o'tirgan siyosiy mahbuslaridan biri Murod Jo'rayevning ozod etilishidan mamnun, ammo bu ozodlik tuzum marhamatidan darak bermasligiga ham ahamiyat qaratilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

HRW: Jazo muddatini uzaytirishmaganidan xursand bo'lib o'tiribmiz - Malik Mansur

Sobiq deputat, Muborak shahar hokimi lavozimida ishlagan Murod Jo'rayev muxolif qarashlari, birinchilardan bo'lib o'z shahrida sobiq kommunistik partiya bo'limini tarqatib yuborgani bilan mashhur.

U 1994-yilda hokimiyatni ag'darish harakatlarida ayblanib, dastlab 12 yilga qamalgan edi. Ammo jazoni o'tash muassasasidagi ichki tartibni buzish aybi bilan bugungi kungacha qamoqda saqlandi.

Jo'rayevning ozodlikka chiqishidan benihoyat xursandligini bildirgan "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti O'zbekistonda siyosiy mahbuslarga qo'shimcha muhlat berilmasligiga ijobiy o'zgarish sifatida qaralayotganidan afsusda.

“Bu juda yaxshi yangilik", - deydi Stiv Sverdlov, HRWning Markaziy Osiyo bo'yicha tadqiqotchisi.

“Birinchi navbatda Murod Jo'rayevning o'zini, oila a'zolarini uzoq kutilgan bu quvonchli xabar bilan tabriklayman. Uning ozodlikka chiqishi juda muhim voqea. Jo'rayev faqat O'zbekiston emas, dunyodagi eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan siyosiy mahbuslardan biri edi. Bu bizning dastlabki munosabatimiz. Ammo shuni afsus bilan qayd etish kerakki, Murod Jo'rayev voqeasi O'zbekistonda inson huquqlariga oid vaziyat o'ta ayanchli ekanini ham ko'rsatadi. Vaziyat shunchalikki, biz o'z qamoq muddatini o'tab bo'lgan siyosiy mahbusning ozod etilishidan, unga yana muddat qo'shib berilmayotganidan minnatdor bo'lib o'tiribmiz. Jo'rayev umrining asosiy qismini, salomatligini qamoqxonada yo'qotdi, unga hech bir asossiz to'rt marta jazo muddati qo'shib berishdi. Bu esa haqiqatan vaziyatning o'ta ayanchli ekanini ko'rsatadi", - deydi Sverdlov.

21 yil panjara ortida o'tirgan Jo'rayev bugun Chirchiqdagi qamoqxonadan chiqdi. Uni oila a'zolari, “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakillari kutib olishdi.

Ma'lumotlarga ko'ra, “Ezgulik” jamiyatining kafolat xati evaziga ozodlikka chiqqan Murod Jo'rayev tug'ilgan yurti Qashqadaryoga yo'l olgan.

Jo'rayev masalasi mahalliy va xalqaro miqyosdagi inson huquqlari tashkilotlari tomonidan, qolaversa, O'zbekiston hukumati bilan muloqotlarda AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan ham mudom ko'tarib kelingan.

Jo'rayevning qo'yib yuborilishi AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining shu oy boshida Toshkentda Prezident Islom Karimov bilan o'tkazgan muzokaralari ortidan kuzatilmoqda.

Sobiq deputatning ozod etilishida bu muzokaralar qanchalik rol o'ynadi?

“Gap shundaki, Murod Jo'rayev O'zbekistondagi ilk siyosiy mahbuslardan biri. Ammo uning ishi ayniqsa Andijon voqealari ortidan bir qadar e'tibordan ko'tarildi. Yaqin yillarda u haqda gapira boshlashdi. Bizning tashkilotimiz ham, boshqa huquq himoyachilari ham bu ish yuzasidan davomli hisobotlar, bayonotlar qilishdi. Bu esa Davlat departamenti e'tiborini jalb qilmasligi mumkin emas edi. Shunday ekan, barcha sa'y-harakatlar o'z samarasini berdi. Albatta, Murod Jo'rayevning uzoq yillar qamoqdan chiqarilmagani shaxsan Prezident Karimovning unga nisbatan toqatsizligi bilan bog'liq degan qarashlarda ham jon bor", - deydi Stiv Sverdlov.