AQShda mehmon arboblar: O'zbekistonda islohotlar davri

O'zbekiston Oliy Majlisi vakillari va davlat rasmiylari Vashingtonda bir necha kun davomida AQSh siyosiy, iqtisodiy va ilmiy doiralari bilan muloqot olib bormoqda

O'zbekiston Oliy Majlisidan senator Alisher Kurmanov, Qonunchilik palatasi a'zosi Akmal Burhanov, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi hamda Davlat Investitsiya Qo'mitasi vakillari AQSh poytaxtida siyosiy doiralar bilan muloqotda. Ular xususiy sektor va nohukumat tashkilotlarning namoyandalari bilan ham uchrashmoqda. Maqsad, deydi mehmonlar, Amerika ahliga O'zbekistondagi o'zgarishlarni tushuntirish, islohot davri qanday kechayotgani haqida samimiy gaplashib olish.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston delegatsiyasi Vashingtonga nima dedi?

Muloqotdan umid shuki, Vashingtonda aytilgan gaplar faqat og'izda qolib ketmaydi. Har ikki poytaxtda tegishli idoralar va mutasaddilar ularning amaliyoti ustida sidqidildan ishlay boshlaydi.

17-oktabr kuni O'zbekistonning AQShdagi yangi elchisi Javlon Vahobov Davlat departamentiga ishonch yorlig'i topshirdi.

Senatda Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanovning izohlashicha, bugungi O'zbekiston g'ayratga to'la. Odamlar hozirgi hayotiga va kelajakka boshqacha qaray boshlagan. Ular taraqqiyot sari yo'l mashaqqatli ekanini allaqachon biladi, lekin o'tgan bir yil ichida yangi rahbariyat xalq ruhini ko'tara oldi. Muammolarni hal qilish tomon intilish kuchaygan, deydi senator. Bunga siyosiy sistemada ham, xususiy sektorda ham, odamlar orasida ham har kuni guvohmiz, dedi Kurmanov AQSh Kongressi qoshida kechgan tadbirda.

AQSh Senati, Vashington, 17-oktabr, 2017

Prioritetlar

Qonun ustuvorligini ta'minlash, inson huquqlarini hurmat qilish, umuman O'zbekistonda mavjud nainki muammoga tik qarab, ularni hal qilish uchun mamlakatga kuchli iroda, iqtidorli avlod, ilm va tajriba kerak. Tuzum buni tushunadi, deydi senator.

So'z erkinligi, erkin matbuot, chet el axborot vositalariga eshikni ochish, paxta va majburiy mehnat, o'tmish saboqlari va kelajak tamoyillari haqida tushgan savollarga javob berar ekan, Kurmanov yaqin istiqbolda xush xabarlar kuting, deydi. Hozirgi chora-tadbirlar va tobora jadallashayotgan islohotlar samara bersa, vaziyat yaxshilanib borishi kerak.

Paxta va majburiy mehnat masalasi ko'tarilganida Kurmanov oq oltin ham boylik, ham mashaqqat, deya qayd etdi. Qishloq xo'jaligini isloh qilish, sohaga ko'proq texnologiya jalb etish, xalqaro tajribadan o'rganish zarur.

Toshkentda Xalqaro tadqiqotlar markazi rahbari Eldor Aripovga ko’ra, tashqi siyosatda bugun O'zbekiston uchun qo'shnilar bilan hamkorlikni yaxshilash - ustuvor vazifa. Farqlar emas, o'zaro manfaatlarga urg'u beriladi; O'zbekiston atrofidagi har bir mamlakat bilan aloqani mustahkamlashga bel bog'lagan.

AQSh Senati, Vashington, 17-oktabr, 2017

Mehmonlarning tan olishicha, O'zbekiston uchun ko'plab sohalarda oxirida yurish, reytinglarda eng pastki o'rinlarni egallash uyat.

Respublika vaziyatni har tomonlama yaxshilashga qodir, buning uchun esa tinimsiz ishlash zarur, deydi ular.

O'zbekiston AQSh bilan real serqirra hamkorlik istaydi, siyosiy jabhadan tortib, ta'lim va madaniyatgacha. Delegatsiya bu istakni ko'p marta tilga oldi. Shu paytgacha ochilmagan imkoniyatlar, yopilgan eshiklar, uloqtirilgan tashabbuslar, rad etilgan takliflar, ko'z yumilgan kelishmovchiliklar - hammasi muhokamada, deydi arboblar.

O’zbekiston davlat sarmoya qo’mitasi rais o’rinbosari Laziz Qudratov deydiki, mamlakat sarmoyasiz rivojlana olmaydi, iqtisodiy jihatdan yuksala olmaydi, qolaversa mintaqada va jahon miqyosida raqobatlasha olmaydi.

O'zbekistonda siyosatchilarning yangi avlodi shumi?

Ular kamida uch tilda burro gapiradi, muammo va kamchiliklarni tan oladi, xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj ekanini yashirmaydi. To'rt so'zlovchining har biri xorijda bilim olgan, ishlab tajriba orttirgan, jumladan ikki rasmiy Vashingtondagi sobiq diplomatlar, senator Londondagi sobiq elchi, qonunchi esa yapon tashkilotini yuritgan.

Birortasi yurtining sobiq rahbarini tilga olmadi. Hozirgi rahbar haqida ham ortiqcha gapirmadi. "Muhtaram prezident" degan so'zlarni eshitmadik.

O'zbekiston qonunchi va rasmiylari, Vashington, 17-oktabr, 2017

Oliy Majlis bugun qanchalik mustaqil? Xalq ravnaqi uchun bu organ qanchalik kurasha oladi?

"Amerika Ovozi" ning bu savollariga senator Kurmanov va deputat Akmal Burhanovning javob berishicha, parlament mustaqillik tomon qadam tashlay boshlagan; bu ham bir taraqqiyot yo'li, rivojlanish strategiyasining muhim bir qismi.

Burhanov Namangandan saylangan, 2014-yildan beri qonunchi. Bu yil boshidan buyon esa “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbari. AQSh Senati qoshida kechgan tadbir ketidan uni suhbatga tortdik.

Your browser doesn’t support HTML5

Oliy Majlis a'zosi Akmal Burhanov bilan suhbat, Vashington