Jahonda korrupsiya ko'lami oshdi

  • Amerika Ovozi
Oxirgi ikki yilda jahonda korrupsiya ko'lami oshgan. Berlinda asoslangan "Transparency International" tashkiloti hisobotida shunday deyiladi.

Guruh o'tkazgan so'rovda odamlarning yarmi poraxo'rlik muammosi yanada dolzarb tus olganini aytadi. 27 foizi esa so'nggi bir yilda pora berganini tan olgan.

Bundan tashqari, jamiyatda politsiya va sudlarga ishonch nihoyatda pastligi aniqlangan.

Partiyalar eng yulg'ich institutlar deya tan olingan. 51 mamlakatda fuqarolar aynan siyosiy partiyalarni poraxo'rlar ro'yxatida birinchi tilga oladi.

36 davlatda huquq-tartibot organlari korrupsiyaga eng chuqur botgan idora deya topilgan.

"Transparency International" yo'qsillik va yulg'ichlik o'zaro bog'liq ekaniga e'tibor qaratadi. Poraga suyanib yashaydigan har 10 jamiyatning sakkiztasi Afrikada joylashgan.

Arab dunyosida inqiloblar boshlanganidan beri bu borada ahvol og'irlashgan. Holbuki, xalqlarni bosh ko'tarishga majbur qilgan illatlardan biri aynan korrupsiya edi.

Isroil, Yaponiya, Sudan va Janubiy Sudan diniy idoralari nihoyatda poraxo'r, deya tamg'alangan.

Korrupsiya bo'yicha barometr nomli so'rovda 107 davlatda 114 ming odam fikri o'rganilgan.

O'zbekiston so'rov o'tkazilgan davlatlar ro'yxatida yo'q. Qozog'istonda 45 foiz fuqaro korrupsiya muammoligicha qolayotgani, oxirgi ikki yilda ijobiy o'zgarish bo'lmaganini aytadi. Qirg'izistonda 75 foiz aholi muammo jamiyat hayotiga jiddiy tahdid solayotganini bildirgan.

Global korrupsiya barometri deya atalgan hisobotda 107 davlat fuqarolari fikri o'rganilgan. To'q sariq rangdagilar - partiyalar eng poraxo'r deya tamg'alangan davlatlar.