Breaking News

Qaddafiy: Taslim bo'lmayman, shahid bo'lishga tayyorman


Qaddafiy: Taslim bo'lmayman, shahid bo'lishga tayyorman
Qaddafiy: Taslim bo'lmayman, shahid bo'lishga tayyorman

Liviya rahbari, mamlakatni 40 yildan oshiq boshqarib kelayotgan qattiqqo'l, avtokrat arbob Muammar Qaddafiy "bir tomchi qonimgacha kurashishga tayyorman", demoqda.

Shu paytgacha indamay kelgan Qaddafiy bugun davlat televideniyesida so'zladi.

U shahid bo'lishga rozi.

G'azab bilan gapirar ekan, tarafdorlarini namoyishga da'vat etib, hukumatga qarshi bosh ko'targan fuqarolarni yengishga undadi.

Poytaxt Tripolida 1980 yillarda AQSh havo hujumi natijasida zarar ko'rgan va ramziy maqsadda qayta tiklanmagan qarorgohida uzoq so'zlagan rahbar bir fikrni qayta-qayta takrorladi.

Naqadar buyuk, mard arbob ekanini bot-bot ta'kidladi.

Muammar Qaddafiy 1969 yilgi to'ntarish natijasida, 27 yoshida davlat tepasiga kelgan.

Tahlilchilar fikricha, Qaddafiy hozir aytishi mumkin bo'lgan, biroq bir soatdan oshiq davom etgan nutqda yangramagan eng muhim so'zlar - "Men ketishga roziman".

"G'alayonni boshlagan G'arb, yoshlar va yolg'onchi matbuot", - deydi u.

Uningcha, bu yoshlar zaif, yo'ldan ozgan odamlar.

"Birovdan pul va qoradori olib hukumatga qarshi qo'l ko'tarmoqda ular", - deydi Liviya yetakchisi.

"Liviya hech vaqt Amerika yoki Italiyaga taslim bo'lmaydi", - deydi Qaddafiy oldindan yozib olingan, so'ng efirga uzatilgan maxkur nutqida.

"Qo'lga tushgan kishilarga, konstitutsiyani buzgan, qurol qo'llagan odamlarga shafqat ko'rsatmaymiz", - dedi Liviya rahbari. "Birma-bir uylarga kirib, tozalab chiqamiz".

Mamlakat fuqarolik urushiga tortilishi mumkin.

Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi hisob-kitobiga ko'ra, oxirgi ikki haftada o'lganlar, yaradorlar taxminan 3 ming kishia yetgan.

"Hali o'q uzishga buyruq bermadim. Lekin boshlasam, butun yurt olov ichida qoladi", - deydi Qaddafiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG