Prezident Obamaning Afg'oniston strategiyasiga turlicha munosabat

  • Amerika Ovozi

Prezident Obamaning Afg'oniston strategiyasiga turlicha munosabat

Prezident Obamaning Afg'oniston strategiyasiga turlicha munosabat

Prezident Obamaning AQSh qo'shinlarini Afg'onistondan chiqarish rejasiga qonunchilar turlicha munosabat bildirmoqda. Rejaga qarshilar o'z navbatida bir necha guruhga bo'lingan. Demokrat va respublikachilarning Kongressdagi rahbarlari kam hollarda til topishsa-da, bu masalada ularning pozitsiyasi o'xshash.

Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner Afg'onistonda erishilgan yutuqlarni qo'ldan boy bermoqchi emasmiz, deydi.

"Harbiy rahbariyatning prezident strategiyasidan ko'ngli to'q. Agar Obama mintaqada xizmat qilayotgan qo'mondonlar va diplomatlarimiz tavsiyalari asosida shu qarorga kelgan bo'lsa, men uning rejasini qo'llab-quvvatlayman", - deydi spiker.

Demokratlarning palatadagi sardori Nensi Pelosi qo'shinlar prezident Obama rejasidan ham oldinroq uyga qaytadi, degan umidda.

"Prezident afg'on urushiga chek qo'yayotgani yaxshi xabar. Buning uchun jadval belgilagani ijobiy hol".

Ammo rejaning tanqidchilari ham yo'q emas.

"Afg'onistonda yana bir-ikki yil qolganimiz bilan asrlar mobaynida davom etib kelayotgan qabilalararo muammoni hal eta olmaymiz. Askarlarning barchasini qaytarish kerak", - deydi Oregon shtatidan demokrat-kongressmen Piter Defazio.

Respublikachilar orasida ham tanqidchilar bor. Bu urush tarafdorlari, askarlarning kamaytirilishiga qarshi. Urushga qarshilar prezident kam askar chiqarmoqda desa, tarafdorlar aksincha Afg'onistonda kam odam qolyapti, deydi.

Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi Bak Makeonning aytishicha, prezidentning bu qarori natijasida AQSh va ittifoqchi qo'shinlar so'nggi bir yarim yilda qo'lga kiritgan yutuqlar chipakka chiqib, Afg'onistonda saflari siyraklashayotgan qo'shinlar xavfsizligi tahdidga uchraydi.

"Bundan tashqari, deydi qonunchi, tinchlikka moyil toliblar bilan muloqot ehtimoli pasayadi, chunki qo'shinlarimiz ketayotganini ko'rgan jangarilar muzokaraga ko'nmasligi mumkin".

AQSh Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbari admiral Mayk Mullen deydiki, askarlar sonini qisqartirib tavakkal qilyapmiz, tavakkalsiz esa, deydi u, ish bitmaydi.

"Bir necha ming qo'shin chiqqani bilan missiya yakunlandi degani emas. Axir o'tgan yili safarbar etilgan 30 ming qo'shinning bir qismi xizmatini yakunlayapti, xolos", - deydi admiral.

Sobiq prezident Jorj Bush Afg'onistonga qo'shin kiritmoqchi bo'lganida, Kongress uning qarorini bir ovozdan ma'qullagan edi. Urushdan 10 yil o'tib jamoatchilikning toqati toq bo'lgan bo'lsa-da, Kongress missiyadan yuz o'girgani yo'q. Hozir ham qonunchilar prezident Obama yo'liga g'ov bo'lmoqchi emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG