Obama: Qo'shinni Afg'onistondan chiqara boshlaymiz


Prezident Barak Obama, Oq Uy, 22 iyun 2011

Prezident Barak Obama, Oq Uy, 22 iyun 2011

Barak Obama xalqqa murojaat qilib, Afg'oniston yuzasidan o'z qarorini tushuntirdi.

"O'tgan yili shu paytda Afg'onistonda qo'shinlar sonini 30 mingga oshirishga ahd qilgak edik. O'shanda men kelasi yil yozdan boshlab, ularni kamaytiramiz deb va'da bergan edim. Kelasi oydan boshlab va yil oxirigacha 10 ming qo'shin, 2012 yilning yozi oxirigacha yana 23 ming askar olib chiqiladi", - dedi u.

2014 yilga borib esa qo'shinni butunlay olib chiqishga qaror qilingan.

AQSh prezidentining aytishicha, al-Qoida chekinmoqda, terror guruhi zaiflashgan va xalqaro koalitsiya Afg'onistonda katta yutuqlarga erishmoqda.

"Osama bin Laden, al-Qoida terror guruhi rahnamosi o'ldirildi. Bu dunyo uchun ulkan g'alaba", - deydi Obama.

Razvedka ma'lumotlari shundan dalolat bermoqdaki, terrorchilar hamon xavfli, lekin avvalgi qudratini yo'qotgan, mag'lubiyat sari yo'nalgan, deydi prezident.

"Tolibon ham chekinmoqda. Afg'on xavfsizlik kuchlari soni bugun 100 mingdan oshgan va ular zarur tayyorgarlikdan o'tib, bugun ancha oyoqqa turgan",- deydi Obama.

"Afg'on xalqi ham yengil nafas ola boshlagan. Bolalar maktabga bormoqda. Ilm dargohlari hamma uchun ochiq. Lekin oldinda hali qilinadigan ishlar ko'p".

AQSh rahbari "Amerika Ovozi" bilan suhbatda

AQSh rahbari "Amerika Ovozi" bilan suhbatda

Prezidentning bayon qilishicha, kelasi yil xalqaro hamjamiyat Chikagoda Afg'oniston xususida xalqaro anjumanga yig'iladi.

"Tolibon bilan murosa yo'llarini qidirayapmiz. Tinchlik maqsad bo'lsa, Tolibon qurolni tashlab, demokratik, zamonaviy davlat qurish ishlariga qo'shiladi. Afg'oniston terror o'chog'i bo'lmaydi",- deydi Obama.

"Afg'oniston xalqi o'z taqdirini o'zi belgilaydi. O'zini o'zi himoya qiladi. Amerika u yerda uzoq qolmaydi. Qo'ldan kelgan yordamni beramiz, hamkorlik qilamiz, uni quvvatlaymiz".

Obama Pokiston hukumatini terrorizmga qarshi konkret choralar ko'rishga undab kelmoqda.

"Terror o'choqlarini yo'q qilamiz. Bizga qarshi qurol ko'targanlarni yer tishlatamiz",- deydi u.

10 yillik urush qimmatga tushdi. Yuzlab milliard dollar sarflandi.

Amerika Iroqda 4500, Afg'onistonda esa 1500 dan oshiq askaridan ayrilgan.

Iroqda jangovar harakatlar tugagan. 100 mingdan oshiq qo'shin u yerni tark etgan.

Amerika global tinchlik elchisi bo'lib qoladi, lekin bu urushlar davom etadi degani emas.

Mojarolarni tinch yo'l bilan hal etish, xalqaro hamkorlikka intilish, xuddi Liviyada bo'lgani kabi boshqa davlatlar bilan kelishib birga javob berish haqida o'ylash lozim, deydi Barak Obama.

"Erkinlik va farovonlikni targ'ib qilamiz. Demoratiyaga intilganlarni olqishlaymiz",- deydi prezident.

Obama asosiy e'tiborini Amerika iqtisodiyotini yaxshilashga qaratmoqda.

"Vatanimizdagi muammolarni hal etishimiz kerak. Amerika, o'z mamlakatimiz uchun ko'proq mablag' va vaqt ajraitsh vaqti keldi",- deydi Obama.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG