Breaking News

Tunis ketidan qo’shni davlatlarda ham namoyishlar. AQSh nima deydi?


Tunis ketidan qo’shni davlatlarda ham namoyishlar. AQSh nima deydi?
Tunis ketidan qo’shni davlatlarda ham namoyishlar. AQSh nima deydi?

Tunisdagi xalq g’alayoni qo’shni davlatlarda ham aks-sado berar ekan, Qo’shma Shtatlar bu voqealarga qanday munosabat bildirishga hayron.

Misrning uzoq yillik prezidenti Husni Muborak, AQShning arab dunyosidagi eng yaqin hamkori, misli ko’rilmagan namoyishlar bilan yuzlashmoqda.

Livanda Hizbulloh jangari guruhi yangi hukumat tuzyapti. Isroil-Falastin muzokaralari boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Oq uy rasmiylari Amerika bu murakkab regionda cheklangan nufuzga ega ekanini tan oladi.

Avtokrat rahbarlar bilan hamkorlikni uzmay turib, ularning temir panjasi ostidagi jamiyatlarda demokratiya va erkinlikni targ’ib qilish mumkinmi? Buni qanday amalga oshirsa bo’ladi?

AQSh tashqi siyosatida bu azaldan katta bir jumboq. Obama ma’muriyati ham, avvalgi rahbarlar ham erkinlik targ’iboti va strategik manfaatlarni qanday muvozanatlash ustida bosh qotirib keladi.

Prezident Obama “Tunisda prezident Ben Alini taxtdan ag’dargan xalq bilan hamnafasmiz, ularning demokratiyaga intilishini qo’llab-quvvatlaymiz”, deydi.

Misr, Liviya, Saudiya Arabistonida-chi? Qolaversa, Markaziy Osiyo xalqlarining ham orzusi erkin jamiyatda yashash emasmi?

“Nyu-York Tayms” gazetasining Amerika rasmiylari bilan suhbatlarga asoslanib yozishicha, bu savollarga oson javob yo’q.

“Har bir jamiyatning o’z taraqqiyot yo’li bor. Vaziyatga qarab, har xil yondashamiz”, - deydi Daniel Shapiro, Oq uy maslahatchisi.

Tanqidchilar nazarida esa bu ikki yoqlama siyosatdan boshqa narsa emas.

Ayrim tahlilchilar fikricha, Tunisdagi inqilob Obama ma’muriyati uchun noyob imkoniyat, qolaversa musulmon dunyosi bilan bog’lanish uchun qulay sharoit yaratdi.

Davlat kotibasi Xillari Klinton yaqinda Qatarda bo’lib, arab rahbarlarni ochiqchasiga repressiv siyosatda tanqid qilgan. Lekin “demokratiya targ’iboti”ga qaytish haqida gap ketmayapti.

Obama ma’muriyatining strategiyasi boshqacha, ya’ni fuqaro jamiyati a’zolari bilan hamkorlik, ularning taklif-maslahatiga quloq tutish, birga ishlash, saylovlarni yaqinroq kuzatishni nazarda tutadi. Obama yangi saylanganida aytganidek, “har bir mamlakat demokratiyaga o’zi yo’l topishi kerak”.

“Demak arab dunyosida o’zgarishni hali uzoq kutishga to’g’ri keladi”, - deydi Stiven Xeydeman, AQSh Tinchlik Instituti rahbari.

Deylik, Husni Muborak Misrni 1981 yildan beri boshqarib keladi. Uni tanqid qilganlar panjara ortida, bosim ostida. Adolatli saylovlarga yo’l oching degan da’vatlardan naf yo’qligini AQSh yaxshi biladi.

Tashqi Aloqalar Kengashi nomli tahlil markazi xodimi Stiven Kuk deydiki, hozir Obama ma’muriyati uchun eng muhimi Tunisdagi voqealarga nisbatan o’z pozitsiyasini aniq belgilab olishdir.

“Tunis yo’lini topib ketsa”, - deydi u, “arab dunyosiga Iroqdan ko’ra yuz karra yaxshiroq namuna bo’lishi mumkin”.

XS
SM
MD
LG