Mirziyoyev tanlayotgan kadrlar xalqchilligi bilan tanilmagan


Prezident Mirziyoyev xalq bilan muloqot qilishga bel bog'lagan va barcha amaldorlardan ham shuni talab qilmoqda. Amalda bu qanday o'zgarishlarga yetaklaydi, hozircha mavhum.

O’zbekistonda hukumat tarkibi shiddat bilan o’zgarmoqda, ammo yangi kadrlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangicha boshqaruv siyosatini qanchalik shakllantirishi mumkin? Qanday real o'zgarishlar kutish mumkin?

Mirziyoyev asosiy e’tiborni xalq bilan muloqotga qaratmoqda. Hozirda hukumatga kelayotgan odamlar xalqchilligi bilan tanilmagan. Ularning ko'pi Islom Karimov davrida ham yuqori lavozimlarda o'tirgan va turli jinoyatlarda gumon qilinib, ishdan olingan.

Jamiyat erkinlashmas ekan, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan o’zbekistonliklar, o’zgarish kutish qiyin.

Prezident xavfsizlik xizmati rahbari general Muidjon Tohiriy endi Bojxona qo’mitasi raisi. Karimovning uzoq yillik maslakdoshi, 1993-yildan beri prezident ma’muriyatini boshqargan Zelimxon Haydarov nafaqaga kuzatildi.

Karimov davrida ichki ishlar vaziri bo’lib ishlagan va ishdan olingan general Bahodir Matlubov huquq tartibot organlariga qaytarilgan va militsiya akademiyasi rahbarligiga tayinlanga.

18-19 dekabr kunlari to’rt viloyat hokimi ishdan bo’shatilgan. Mirziyoyev buning asosiy sababi ularning layoqatsizligida, xususan virtual qabulxonaga tushgan shikoyatlardagi sabablarda, deya izohlagan.

Xalq bilan muloqotni yangi siyosiy boshqaruvning asosiy sharti deb ta’kidlayotgan Mirziyoyev prezidentlikka qasamyod keltirgach qilgan nutqida rahbarlarning faoliyati aholi bahosiga qarab sarhisob qilinadi; xalq munosabati salbiy bo’lgan taqdirda hukumat bunday rahbarlardan ikkilanmasdan voz kichadi, degan edi.

Abdulla Oripov, O'zbekistonning yangi Bosh vaziri, oldin ham yuqori lavozimlarda, xususan bosh vazir o'rinbosari bo'lib ishlagan
Abdulla Oripov, O'zbekistonning yangi Bosh vaziri, oldin ham yuqori lavozimlarda, xususan bosh vazir o'rinbosari bo'lib ishlagan

Hukumatga tanlanayotgan kadrlarni yangi deyish qiin. Aksariyati Karimov davrida, Mirziyoyevning bosh vazirligi paytida ham ishlagan. Ayrimlari poraxo’rlikda ayblanib amaldan chetlatilgan, xususan, bosh vazirlikka tasdiqlangan Abdulla Oripov ham shunday gumonlardan xoli emas.

U 2012-yilda telekommunikatsiya sohasidagi korrupsiya janjali ortidan ishdan olingan.

2002-2009 yillarda u O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining rahbari edi, 2009-2012 yillarda esa O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari.

Xo’sh, Mirziyoyev qay mezonlarga qarab, bu odamlarni tanlamoqda?

Mirziyoyevning boshqaruv faoliyati bilan tanish bo’lgan, ayni paytda siyosiy muhijirlikda yashayotgan jurnalist Ulug’bek Hayadorov tahlilicha, asosiy me’zon prezidentning mavqeini sodiq do’stlar bilan mustahkamlash.

“Bu maqsad uchun u Karimov davrida javobgarlikka tortilgan amaldorlarni qayta tiklashdan ham voz kechayotgani yo’q. Hozir O’zbekiston ichkarisida ham bu o’zgarishlar xayrli emas. Mirziyoyev kriminalga aralashgan odamlarni olib kelyapti degan qarashlar ham bor. Hukumat almashyapti, Karimov ishongan odamlarning o’rnini Mirziyoyev ishonganlar egallamoqda. Ehtimol hozirgilarga nisbatan yoshroq, g’ayratliroqdir, ammo ko’rsatkich hali ijobiylikdan dalolat emas. Korrupsiyaga aralashgan odamni bosh vazirlikka tanlashning o’zi katta savol tug’diradi”.

Ayrim ekspertlar nazarida esa Mirziyoyev hukumatni shakllantirishda islohotlar o’tkazishni maqsad qilgan texnokratlarga diqqat qaratmoqda. Bu guruh Abdulla Oripov yetakchiligida boshqaruv usulini yangilash bo’yicha ishlashi haqida mulohazalar ham mavjud.

Prezident tomonidan yaqinda imzolangan farmon respublika bo’ylab “xalq qabulxonalari” ochishni va fuqaro xohishiga asosan ish tutishni talab qiladi. Farmon nazorati Bosh vazir Abdulla Oripovga yuklatilgan. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko’ra Mirziyoyevga shuhrat keltirgan virtual qabulxona tashabbuskori ham u paytda soyada turgan Abdulla Oripov bo’lgan.

Jurnalist Ulug’bek Haydarov izohicha, Karimov davridagi yondashuvlardan biri o’zgarmagan. Mirziyoyev yangicha ishlash shiorini olg’a sursa-da, so’z erkinligidek uzviy huquq va demokratik talabni chetlab o’tmoqda.

“Har qanday prezident xohlagancha kadr almashtirsin, kuchli mutaxassislarni jalb qilsin, lekin jamiyatda so’z erkinligi kafolatlanmas ekan, hech qanday o’zgarish bo’lmaydi. Matbuotga erkinlik berilsa, odamlar ochiq gapira boshlasa, o’zgarishlar o’z-o’zidan bo’ladi. Mana hozir qish, aholini qiynab turgan eng asosiy muammo - issiqlik, elektr chirog’Ining yetishmoqvchiligi. Mirziyoyev prezident sifatida shu muammoni hal qilishi kerak edi. Vaholanki, u hokimlarni almashtirish bilan band. Xullas hech narsa yo’q, faqat va’dalar bor xolos”.

So’nggi xabarlarga ko’ra, sobiq ichki ishlar vaziri Zokir Almatov, 68 yoshida, Korrupsiyaga qarshi kurash komissiyasi raisi etib tayinlangan. Almatov 2005-yilda, Anijondagi qonli voqealar ketidan iste’foga chiqqan edi. Xalqaro hamjamiyat uni bu fojiada muhim rol o’ynagan, xususan begunoh fuqarolarning o’qqa tutilishi ortida turgan rasmiy deb biladi. G’arb qo’ygan sanksiyalarda bu shaxs ismi alohida tilga olingan va uning Yevropa Ittifoqi va AQShga safar qilishi cheklangan. Keyinchalik bu sanksiyalar bekor qilingan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG