Breaking News

Shavkat Mirziyoyev prezident sifatida qasamyod keltirdi


Shavkat Mirziyoyev prezident sifatida qasamyod keltirmoqda
Shavkat Mirziyoyev prezident sifatida qasamyod keltirmoqda

O`zbekiston prezidenti sifatida qasamyod keltirgan Shavkat Mirziyoyev o`z vazifasini vijdonan bajarishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga ont ichgan. Qasamyod marosimi O`zbekiston Oliy Majlisi Senatining yalpi yig'ilishi ortidan bo`lib o`tgan. Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni o`tgan muddatidan avvalgi prezidentlik saylovlarida 90 foizga yaqin ovoz bilan g`alaba qozongan edi.

O`zbekistonning ikkinchi prezidenti sifatida faoliyat boshlayotgan Shavkat Mirziyoyev mamlakat tarixida islohotchi sifatida iz qoldirishiga umidlar hamon so`nmagan.

Yangi saylangan prezident Qur`on va Konstitutsiyaga qo`l qo`ygan holda qasamyodga keltirilgan.

Konstitutsiyasiga muvofiq, yangi saylangan prezident xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklarini kafolatlash, prezidentlik vazifasini vijdonan bajarishga qasam ichadi.

Marosim parlament deputatlari, diplomatik korpuslar va jamoatchilik vakillari ishtirokida o`tgan. Qasamyod marosimining 14-dekabrda o`tishi parlamentning seshanba kuni o`tgan qo`shma majlisida ma`lum qilingan edi.

13-dekabr kuni ish boshlagan Senatning qo`shma yig`ilishida Shavkat Mirziyoyev Bosh vazirlikdan ozod etilgan edi, 14-dekabr kuni parlament O`zbekiston liberal demokratlari partiyasi tomonidan ko`rsatilgan nomzod Abdulla Oripovni Bosh vazirlikka tasdiqlagan.

Parlamentda Sodiq Safoyev boshqarib kelgan xalqaro munosabatlar qo`mitasi faoliyati ham kengaytirgan. Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va texnologiyalar, mamlakatning xorijdagi nufuzini mustahkamlash kabi vazifalar bilan boyitilgan bu qo`mita rahbari uchun Senat raisining birinchi o`rinbosari lavozimi joriy etilgan. Bu lavozimga saylangan Sodiq Safoyev avval O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri sifatida ham faoliyat yuritgan edi.

Shavkat Mirziyoyev hukumatidagi muhim o`zgarish Bosh vazir nomzodi bilan bog`liq. Bu lavozimga asosiy da`vogar sifatida ko`rilgan Rustam Azimovning chetlab o`tilgani Prezident o`ziga sadoqatli kadrlar tanlayotganini ko`rsatadi.

Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi ortidan qilgan o`zgarishlari, saylov kampaniyasi doirasida berilgan va`dalar mamlakat jamoatchiligini islohotlarga jiddiy umidlantirdi. Hatto hukumatga muxolif bo`lgan ayrim guruhlar va shaxslar tomonidan ham Mirziyoyev islohotchi sifatida taqdim etila boshlandi.
Ammo davlat boshqaruvini qo`lga olgan yangi prezident Karimov rejimidan voz kechmasligi haqida tanqidlar ham ko`p.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist Qudrat Bobojon o`zbek jamiyatida Mirziyoyev shaxsiga sig`nish boshlangani, haqiqatda esayangi prezident umidlarga asos beruvchi biror ish qilmaganini ta`kidlaydi.

“Bugun o`zbek jamiyatida Mirziyoyev shaxsiga sig`inish avj olayapti. Karimov davridagi 27 yillik boshqaruv jamiyat zehini ma`lum bir qoliplarga solib qo`ygan ko`rinadi. Men umidlarga biror asos ko`rmayapman. Mirziyoyev demokratik jamiyat quramiz, so`z erkinligini ta`minlaymiz degani yo`q. Hamkasblarimiz jurnalistlar, huquq himoyachilari hamon qamoqda, ularni ozod qilish haqida hech narsa deyilgani yo`q. Shunday ekan, qanday o`zgarishlar, qanday va`dalar haqida gap borayapti?" - deydi jurnalist.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov nazarida Mirziyoyevning dastlabki faoliyati o`zbek siyosiy elitasi o`rtasidagi ziddiyatlarga barham berish, o`z hokimiyatini mustahkamlashga qaratiladi.

“Uzoq yillik turg`unlikdagi mamlakatda hokimiyat almashishining o`zi jamiyatda avtomatik tarzda o`zgarishlarga umid uyg`otdi. Mirziyoyev shuni anglab yetayotgan yetakchi sifatida taassurot qoldirmoqda. Uning harakatlari, qilgan o`zgarishlari jamiyatda shunday umidlar kuchayishiga asos berdi. Ammo uning yaqin bir yildagi faoliyati o`z hokimiyatini mustahkamlashga, jamiyatda parokandalik boshlanmasligiga qaratiladi. Jiddiy qadamlarni faqat shundan keyingina kutish mumkin”, - deydi siyosatshunos.

Shavkat Mirziyoyevning o`zi saylovdagi g`alabasi ortidan qilgan chiqishida “oyog`i yerdan uzilmasligi”, prezidentlik sinov uchun berilganini e`tirof etgan edi.

Marhum prezident Islom Karimov vafotidan so`ng muvaqqat prezident sifatida 8-sentabrdan beri davlatni boshqargan Shavkat Mirziyoyev 4-dekabrda o`tgan saylovlarda go`lib chiqdi, o`n kun o`tib O`zbekiston tarixidagi ikkinchi prezident sifatida qasamyod keltirdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG