Breaking News

O’zbekiston hukumati siyosiy mahbuslar ishi qayta ko’rib chiqilishiga qiziqish bildirmoqda. Nohaq qamalganlar, jinoiy ish tahdidi ostida xorijga chiqib ketganlar ishini qayta ko’rish taklifi prezident Mirziyoyev diqqatiga yetkazilishi kutilmoqda. Bu masala hukumat vakili, huquq himoyachilari, yaqinda ozodlikka chiqqan bir guruh siyosiy mahbuslar o’rtasida Toshkentda o’tgan uchrashuvda muhokama qilingan.

O'zbekistonda nohaq qamalganlarni oqlash harakati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:48 0:00

Oliy Majlis deputati, Taraqqiyot strategiyasi markazi rahbari Akmal Burxonov, "Human Rights Watch" vakillari Hyu Uilyamson, Stiv Sverdlov hamda mahalliy huquq faollari ishtirokida Toshkentda o’tgan uchrashuv mamlakat rasmiylari va ozodlikka chiqqan siyosiy mahbuslar o’rtasida o’tgan dastlabki muloqot ekani aytilmoqda.

Mahalliy faollardan iborat ishtirokchilarning barchasi hokimiyat almashishi ortidan ozodlikka chiqqan siyosiy mahbuslar. Uchrashuvda adolatsiz qamalganlar, siyosiy motivlar bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan, shunday sabablar bois jinoiy ish ochilishi ortidan xorijga chiqib ketishga majbur bo’lganlar taqdiriga oid vaziyat muhokama qilingan.

Sobiq prezident Islom Karimov davrida uzoq yillik qamoqqa hukm qilingan o’nlab faollar Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan ozodlikka chiqdi. Muxolifatchilar, huquq himoyachilari, jurnalistlardan iborat sobiq siyosiy mahbuslarning aksariyati ayni paytda “Adolatni qaror toptirish” nodavlat tashkiloti atrofida birlashgan.

Nodavlat tashkilot Karimov davrida adolatsiz qamalganlar ishi qayta ko’rilishi yuzasidan hukumat komissiyasi tuzish talabini olg'a surmoqda.

Tashkilot nafaqat siyosiy, balki adolatsiz hukmga uchragan barcha fuqarolar ishi qayta ko’rilishiga erishmoqchi, ammo hozircha yangi hokimiyatdan adolat tiklanishini talab qilayotganlar, asosan, sobiq siyosiy mahbuslar, ularning aksariyati nomlarining butunlay oqlanishini talab qilmoqda.

Sobiq siyosiy mahbuslar bilan uchrashuv deputat, Taraqqiyot strategiyasi markazi rahbari Akmal Burhonov bilan bo'lib o'tdi.

Prezident Mirziyoyevning Harakatlar strategiyasi dasturi doirasidagi qarorga muvofiq, 2017-yilda tashkil qilingan Taraqqiyot strategiyasi markazi dastur amaliyoti uchun, jumladan, xalqaro miqyosdagi aloqalar, muhokamalar o’tkazish, shuningdek, Harakatlar strategiyasi dasturi doirasida fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikni kengaytirish uchun mas’ul tashkilot.

Prezidentning 2017-2021-yillarga mo’ljallangan Harakatlar strategiyasi dasturida fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, aholining siyosiy faolligini oshirish, davlat boshqaruvida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning adolatli sudga bo’lgan talabini ishonchli tarzda ta’minlash kabi bir qator maqsadlar belgilangan. Mazkur uchrashuv belgilangan maqsadlar doirasida o’tkazilayotganini taxmin qilish mumkin, chunki uchrashuv doirasidagi bildirilgan takliflar Prezident diqqatiga yetkazilishi ma’lum qilingan.

“Adolatni qaror toptirish” nodavlat tashkiloti tashabbus guruhi rahbari, jurnalist Dilmurod Sayyid ham sobiq siyosiy mahbuslardan. U bo’lib o’tgan uchrashuvdan, ayniqsa, faollar tomonidan adolatni qaror toptirishga doir ko’tarilgan tashabbuslar prezident Mirziyoyev diqqatiga yetkazilishi mumkinligidan mamnun.

“Ular bizni taklif qilishdi uchrashuvga, masala xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda muhokama qilindi. Bizning takliflarimizni qiziqish bilan eshitishdi, biz bir nechta yo’nalishni qamrovchi maxsus komissiya tuzish lozimligini aytdik, yozib olishdi, bunga qiziqish mavjud ekanligini aytishdi. Uchrashuv ochiq o’tdi, muloqotga chaqirdi. Akmal Burhonovning o’zi ochiqlik, muloqot Prezident tomonidan ko’tarilayotgan tashabbus ekanligini bir necha bor ta’kidladi. Bizning takliflarimizni tegishli idoralarga, shaxsan Prezidentning o’ziga olib kirishga va’da qildi”, - deydi Dilmurod Sayyid.

Prezidentga olib kirilishi va’da qilingan taklif mohiyati O’zbekiston Bosh prokuraturasi huzurida adolatni qaror toptirish yuzasidan maxsus komissiya tuzish lozimligidan iborat. Komissiya adolatsiz qamalgan, sud-huquq tizimlaridan jabr ko’rgan, shuningdek, siyosiy sabablarga ko’ra qamalgan faollarning ishlarini ham qayta ko’rib chiqishi va shu asosda ularning “oqlangani”ni e’lon qilishi kerak.

Dilmurod Sayyidning aytishicha, oqlanishi lozim bo'lgan siyosiy mahbuslar qatorida qamoqda yoki ozodlikka chiqishi ortidan vafot etgan faollar ham turibdi. Shuningdek, Karimov davrida tazyiqlar bois mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’lgan faollarga nisbatan ochilgan jinoiy ishlar ham qayta o’rganilishi, adolatli xulosalar e’lon qilinishi kerak.

“Biz hozir masalani shunday qo’ydik, birinchi galda ozodlikkacha yetib kelmagan yoki ozodlikka chiqib ham ko’p yashamasdan vafot etganlarning ishini o’rganish. Masalan, Murod Jo’rayev (21 yildan oshiq qamoqda o’tirgan muxolifatchi, 2015- yilda ozod etilgan, 2017- yilda vafot etgan) kabi odamlarning nomini oqlashga harakat qilish. Keyin, vatandan chiqib ketishga majbur bo’lgan qanchadan qancha yurtdoshlarimiz bor, nomlarini aytib o’tish shart emas, bu taklifni ham kiritganimizda ular buni umumiy tarzda qabul qilishdi. Hukumat vakili maxsus komissiyada bu alohida tarzda ko’rilmasligi, ammo inobatga olinishini ta’kidlab o’tdi”, - deydi Dilmurod Sayyid.

O’zbekistondagi chorak asrlik turg’unlik, bu davrda inson huquqlarining keskin toptalishi, siyosiy, diniy erkinliklar bostirilishi yuzlab siyosiy mahbuslar paydo bo’lishiga, yuzlab odamlar mamlakatni tark etishiga xizmat qildi.

Karimov davridagi turg’unlik ortidan qudratga kelgan yangi hokimiyat ham siyosiy sohada islohotlar qilishga shoshayotgani yo’q, ammo va’dalar bermoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG