Breaking News

O'zbekiston Adliya vaziri: Adolat bo’lmagan joyga tartib ham bo’lmaydi


O'zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov "Amerika Ovozi" studiyasida Navbahor Imamova bilan, 15-may, 2018, Vashington
O'zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov "Amerika Ovozi" studiyasida Navbahor Imamova bilan, 15-may, 2018, Vashington

Yaqinda O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Vashingtonga rasman tashrif buyurganida u bilan katta delegatsiyada Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham keldi. Vazir "Amerika Ovozi" bilan muloqot qildi. Shu paytgacha O'zbekistondan bu lavozimdagi shaxs teleradiomiz bilan gaplashmagan.

15-may, 2018, Vashington

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Ruslanbek Kuroltayevich, xush kelibsiz “Amerika Ovozi”ga!

RUSLANBEK DAVLETOV: Assalomu-alaykum! Rahmat!

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Hozirgina aytganimdek, sizni O’zbekiston Adliya vazirini “Amerika Ovozi”da ko’rish o’ziga xos tarixiy voqea. Nafaqat Vashingtonda balki bizning teleradiomizga kelib, biz bilan mana shunday yuzma-yuz suhbat qilayotganingizdan juda xursandmiz.

RUSLANBEK DAVLETOV: Rahmat, biz har doim tayyormiz OAV bilan ishlashga.

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Mana endi, balki kelasi safar Toshkentda, idorangizda o’tirib gaplashish nasib etadi.

RUSLANBEK DAVLETOV: Albatta, mana endi siz eng birinchi Amerika jurnalistlari ichida O’zbekiston akkreditatsiyasidan o’tdingiz. O’zbekistondagi faoliyatingizga omadlar tilaymiz!

... sizning akkreditatsiya to’g’risidagi murojatingizga qanday javob bo’lishini hamma kuzatib turdi... Mana ijobiy hal bo’ldi. O’ylaymanki, bu hali boshlanishi. O’zbekistonda hech qanday to’siqlar yo’q. OAV sohasida ulkan o’zgarishlar bo’lyapti.

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Hammaning og’zida shu yangilik. Mana sizni va Toshkentdan kelgan delegatsiyaning boshqa a'zolarini ko’rib, ular bilan gaplashayotgan Vashingtondagi siyosiy va ilmiy doiralarning vakillari akkreditatsiya jarayoni qanday kechdi deb juda qiziqib so’rashyapti. Har holda sizdan ham bu borada so’rashayotgan bo’lsa kerak?

RUSLANBEK DAVLETOV: So’rashyapti. Bu Adliya vazirligiga tegishli bo’lmagan soha bo’lsa ham biz ko’rib turibmiz. Chunki bugungi kunda O’zbekistonda bo’layotgan islohotlarga e’tibor juda katta butun dunyo hamjamiyati tomonidan. Shuning uchun ham sizning akkreditatsiya to’g’risidagi murojatingizga qanday javob bo’lishini hamma kuzatib turdi... Mana ijobiy hal bo’ldi. O’ylaymanki, bu hali boshlanishi. O’zbekistonda hech qanday to’siqlar yo’q. OAV sohasida ulkan o’zgarishlar bo’lyapti. Umuman jamiyatimiz tubdan o’zgaryapti. Aholimiz o’zining muammolari to’g’risida ham hech qanday to’siqlarsiz davlat organlari bilan gaplashyapti. Shuning uchun, o’ylaymanki, bu hali boshlanishi.

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Demak, bir narsaga aniqlik kiritib ketsak, "Human Rights Watch" (HRW), o’sha hammaga mashhur inson huquqlari tashkilotining vakili gapirdi, O’zbekiston qonunchilari bilan yonma-yon o’tirgan holda. Va ko’pchilikni qiziqtirgan savol shu bo’ldiki, to’g’ri, hozir O’zbekiston HRW ga ochilgan lekin ularning vakolatxonasini ochishi qayta qiyinchilik bo’lib turibdi.... Sizning Vazirligingizning roli qanday bunda?

RUSLANBEK DAVLETOV: Adliya vazirligi bevosita nodavlat-notijorat tashkilotlar faoiliyati ustidan davlat nazoratini olib boradi. Biz bevosita shu sohada boshqaruv funksiyalarini amalga oshiramiz. Qonunchilikka rioya qilish masalalarini ko’ramiz. Ularning faoliyatini monitoring qilamiz. Xabaringiz bor, yaqinda O’zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bu sohada ulkan o’zgarishlarga sabab bo’luvchi yangi farmonga imzo chekdilar. U yerda prezindentimiz qoshida aynan fuqarolik jamiyati bilan suhbat qiladigan, bu sohadagi mutaxassislar bilan muloqot olib boradigan yangi maydoncha, maslahat kengashi hozir bo’ldi.

HRW kelib, hamma faoliyatini hech qanday to’siqlarsiz, ishini qilib yuribdi.

Bunda nodavlat-notijorat tashkilotlarinig ishlashi uchun katta imkoniyatlar yaratib berildi. Bularning ichida Adliya vazirligi bilan ularning bo’ladigan munosabati ham yengillashdi. Ayniqsa, tadbir o’tkazish sharoitida, ro’yxatdan o’tkazish jarayonida. HRW masalasiga keladigan bo’lsak, ochiq aytishim kerak, bu tashkilot bugun juda ochiq muloqot qilib, O’zbekistonda bo’lgan Sverdlov janobi oliylari [HRW vakili] aytdiki, besh marta bordik, hech qanday to’siqlarsiz, ishlayapmiz, fuqarolik jamiyati vakillari bilan suhbatlashyapmiz, hech qanaqa muammo yo’q u yerda. Davlat ro’yxatidan o’tishiga keladigan bo’lsak, bu yerda bugungi kunda qoninchilik bilan bog’liq masalalar bor. HRW tashkilotining faoliyati belgilangan tartibda o’sha paytarda tugatilgan. Shuning uchun uni qayta tiklash masalasi qonunchilik bilan bog’liq.

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Oliy sud hukmi bilan, to’grimi?

RUSLANBEK DAVLETOV: Yo’q, bu yerda hukm emas, Oliy sud qarori chiqqan va shu qaror kuchda turgani uchun unga sud ham shikoyat qilishga o’rin yo’q, imkoniyat yo’q. Shuning uchun bu ko’proq qonunchilik bilan bog’liq bo’lgan masala. Lekin HRW kelib, hamma faoliyatini hech qanday to’siqlarsiz, ishini qilib yuribdi.

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Ya’ni, agar HRW vakolatxonani qayta ochamiz deb, o’sha yuridik jarayonni boshlasa, bemalol maqsadiga erishishi mumkin, to’siq yo’q, shundaymi?

RUSLANBEK DAVLETOV: Men hozir sizga darrov bu to’grisida ha yoki yo'q deyolmayman. Chunki bu tashkilot bilan bog’liq bo’lgan hujjatlarni ko’tarib, ko’rib chiqish kerak. Shuning uchun, o’ylaymanki, bu savolga javob berib xatolashmasligimiz kerak. Davlat ro’yxatidan o’tishda qonunchilikda belgilangan tartib bor, beradigan hujjatlari bor. Ana undan keyin o’sha sudning qarorini e’tiborga olib, kompleks ravishda ko’rib chiqish kerak.

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Tushunarli. Endi mana, Vazirlikka kelganingizga bir yil bo’lyapti... Siz Adliya vazirligini qo’lga olganingizda vaziyat qanday edi? Umuman vazirlik haqida ozgina ma’lumot bering bizga. Qanchalik katta? Qancha xodim bor, bu vazirlikda?

RUSLANBEK DAVLETOV: Adliya vazirligini qo’lga olish... bu boshqacha chiqayapti bu gapingiz…

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Rahbarlikka kelganingizga?

RUSLANBEK DAVLETOV: Bizga ishonch bildirilib, prezidentimiz tomonidan tayinlangandan keyin, aynan o’sha davrga e’tibor qiladigan bo’lsak, Shavkat Miromonovich tomonidan birinchi qadamlardan bittasi xalq bilan muloqot konsepsiyasi bo’ldi. Ya’ni, davlat organlari o’tirgan kabinetilaridan ko’chaga chiqib, bevosita aholimizning yashash sharoiti bilan tanishib, ularning dardi, tashvishi bilan yashab, uzoq, chekka qishloqlarga borib, aholi bilan muloqot qilishdan boshladilar. Buni albatta biz, hukumatning organi sifatida o’zimizga to’g’ri qabul qilgan sharoitda biz ham shu ishimizni aktivlashtirdik.

Adliya organlari deganda biz nima ish bilan shug’ullanishmiz haqida aholi tasavvurga ega emas edi. Shuning uchun biz, aynan Adliya vazirligini xalqqa yaqinlashtirish degan yangi loyiha ishlab chiqdik. Ya'ni, bizning faoliyatimizdan birinchi navbatda ular xabardor bo’lishi kerak. Ikkinchi navbatda ular biz ko’rsatayotgan xizmatlardan rozi bo’lishi kerak. Ya’ni, Adliya vazirligi to’g’risida gapiradigan bo’lsak, juda ko’p yo’nalishlarda funksiyalarimiz bor.

Adliya organlari deganda biz nima ish bilan shug’ullanishmiz haqida aholi tasavvurga ega emas edi. Shuning uchun biz, aynan Adliya vazirligini xalqqa yaqinlashtirish degan yangi loyiha ishlab chiqdik.

Birinchidan, huquqni muhofaqa qilish organi sifatida inson huquqlari rioya etilishi ustidan nazorat funksiyalarimiz bor. Undan tashqari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan biz bevosita ish olib boramiz. Davlat xizmatlarini ko’rsatamiz. Masalan notarial va FXDYo sohasi bor. Undan keyin mana prezidentimiz tashabbusi bilan davlat xizmatlari agentligi tuzildi. Alohida aholi uchun yagona darcha tamoyili asosida biz butun kompleks xizmatlarni yangi ochilgan davlat xizmatlari markazlarida ko’rsatyapmiz. 70 dan ortiq xizmatlar bir joyda ko’rsatiladi. 1- iyundan boshlab yana 30 ta qo’shildi. Eksperimental ravishda 90 ta xizmat turlarini ko’rsatamiz. Juda katta vazirlik, 8000 ga yaqin mutaxassislar faoliyat yurityapti.

Yaqinda, 13-aprel kuni, prezidentimizning yangi farmonlari qabul qilindi. Tizimimiz tubdan takomillashdi. Bugungi kundagi davlat boshqaruvi sohasidagi bo’layotgan islohotlarning samarasini tahlil qiladigan tashkilot bo’ldik. Tuman adliya bo’limgalari birinchi marta 100 yildan beri, eng quyi bo’g’in tumanlarda ham faoliyatimizni boshladik. Bu xalqimiz bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqot qilib aholining og’irini yengil qilish uchun juda katta imkoniyatlar yaratdi.

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Lekin sistematik islohotlar juda qiyin, juda murakkab jarayon. Buni tan olish kerak va hozir ham siz bilan gaplashayotgan edik, suhbatdan oldin... Vaqt oladi, qattiq mehnat talab qiladi, to’g’rimi? Prezident Mirziyoyev aytayaptiki, O’zbekistonda biz adolatli jamiyat quramiz, qonun ustuvorligiga asoslangan tizim shakllanishi kerak, deyapti. Bu bilan shu paytgacha adolatli jamiyat qurilmagani va qonun ustuvor bo’lmagani tan olinmoqda, albatta. Lekin mana siz hozir shunday bir vazirlikning tepasidagi odamsiz. Sizning ishingizga, Adliya vazirligining ishiga qaraydigan bo’lsak, qanday baholash mumkin bo’layotgan o’zgarishlarni? Qanday baholanishini xohlagan bo’lardingiz?

RUSLANBEK DAVLETOV: Qonun ustuvorligi masalasi har qanday jamiyat uchun birinchi o’rinda turadigan narsa. Chunki adolat bo’lmagan joyga hech qanday tartib ham bo’lmaydi, aholining davlat o’rganlariga hech qanday ishonchi ham bo’lmaydi. Biz hech qachon adolat bo’lmagan deb aytolmaymiz. Chunki O’zbekiston bugungi kunda, mustaqillikdan keyin rivojlanib kelayotgan davlat. Asosiy institutlarini shakllantirib bugun oxirgi tendensiyalar e’tirof etilgan xalqaro standardlar bo’yicha davlat hokimiyatini shakllantirib faoliyat yuritib kelgan.

Qonun ustuvorligi masalasi har qanday jamiyat uchun birinchi o’rinda turadigan narsa. Chunki adolat bo’lmagan joyga hech qanday tartib ham bo’lmaydi, aholining davlat o’rganlariga hech qanday ishonchi ham bo’lmaydi.

Shavkat Miromonovich g’oyalari, bu sohada, qonun ustuvorligi sohasida qilinayotgan hatti-harakatlarni umuman sifat jihatdan yangi bosqihga ko’tardi. Bunda albatta birinchi navbatda bizda, davlat organlarida ishlovchi davlatning bevosita xalqqa xizmat qiluvchi bo’gini davlat organlari bo’ladigan bo’lsa, shu organning masuliyatini oshirdi. Ya'ni, xalqqa yaqinlashinglar, qanday adolatsizliklar bo’layotgan bo’lsa, darhol javob qaytarish kerak degan yangi portal tizimini ishga tushirilgani, xalqqa muloqot ochilgani. Shu yerda biz ko’rdikki, butun jamiyatimizdagi bor muammolarni ko’rdik. Ya'ni, ko’zgu sifatida ayon bo’ldiki, hali ancha qiladigan ishlarimiz ko’p. Bugungacha bir million to’qqiz ming odam shu portalda shaxsiy muammolari, jamiyat muammosi, kundalik hayotidagi masalalari bo’yicha bevosita murojaat qildi. Bu prezident nomidan ish ko’ruvchi 200 ta xalq qabulxonalari va prezident devonidagi alohida xizmat. Buni nazorat qilib xalqqa, ularning murojatlariga javobini ta’minlab beryapti. Lekin qilinadigan ish juda ko’p. Bugungi kunda oldimizga qo’ygan asosiy hujjatimiz bu harakatlar strategiyasi bo’ladigan bo’lsa, e’tibor qilsangiz, farmonda yozilgan besh yo’nalish bo’yicha u yerda yozilgan masalalarga erishish bo’yicha bosqichma-bosqish ketyapti.

Faqat oxirgi bir yarim yil ichida oladigan bo’lsak, 800 ta qonuniy hujjat qabul qilindi. Bu juda ham ko’p O’zbekiston uchun. Oxirgi yilning o’zida 2 baravar oshdi, qabul qilingan hujjatlar. Bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan bittasi endi, to’gri, ishlatish. Kimga qarata chiqarilgan bo’lsa shunga yetib borishi. Aholining bevosita hayotini yengillashtirish, chunki har qanday davlatning asosiy maqsadi bu o’zining fuqarolarining hayotini yengillashtirish. Shuning uchun shu maqsadda bo’layotgan ishlarimiz mana shuni oxiriga yetkazish. Buni xalqning o’zi bevosita his qilishi kerak, chunki bugungi kunda buni his qilyapti ko’rayotgan bo’lsangiz, ijtimoiy loyihalar qishloq joy bo’lsa qishloqda amalga oshirilyapti, masalan “Obod qishloq” loyihasini oladigan bo’lsak.

Maktabgacha ta’lim muassasalari bo’yicha oladigan bo’lsak, davlat dasturini besh yilning ichida butun O’zbekistondagi 6-7 yoshgacha bo’lgan bolalarni bog’cha bilan qamrab olish. Hech bir davlatda bunaqa katta loyihalar amalga oshirilmayapti. Chunki juda qiyin narsalar bo’lyapti. Shuning uchun o’ylaymizki, shu qabul qilinayotgan dasturlarni oxiriga yetkazishimiz kk.

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Qanday tasavvur qilasiz O’zbekistondagi adliya tizimini kelasi 5 yil ichida?

RUSLANBEK DAVLETOV: Kelasi besh yil ichida... Nafaqat besh yil, biz 10-15 yil bu tizim qanaqa bo’ladi degan savolni biz oldimizga qo’yapmiz. Qanaqa ko’rinishga ega bo’lishi kerak? Qaysidir funksiyalarimiz texnologiyalarimiznign rivojlanishi hisobiga chetga surilishi mumkin. Bugungi kundagi byurokratik, masalan, qog’oz aylanmasidagi bizni qiynayotgan masalalardan holi bo’lishimiz kerak. Chunki bilamizki, texnologiyalarning rivojlanishi, aholining huquqiy ongining ribojlanib borishi, bugungi kundagi ochiq siyosat, OAV ning davlat organlari ustidan jamoat nazoratining kuchayayotgani bizning mas’uliyatimizni keskin oshiryapti. Shunga yarasha Adliya vazirligidan ham kutishyapti shu sohadagi faoliyatning sifat juhatdan o’zgarishini, qilayotgan xizmatlarimiz aholiga to’g’ri kelishini.

Masalan, notarial sohani oladigan bo’lsak, bu yerda ham juda katta muammolarimiz bor. U yerdagi bo’layotgan katta navbatlar, notarial sohasida ishlayotgan mutaxassislarning malakasi yetishmasligi, oddiy muomala masalasi, shuning uchun bu sohalarda qiladigan ishimiz ko’p. Besh yil ichida, bu albatta juda katta muddat.

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Kelasi besh yilning ichida Ozbekistonda adliya qaysidir darajada mustaqil bo’la oladi deb aytishimiz mumkinmi? Adliya mustaqilligi tomon qandaydir bir qadamlar tashlandimi, siz vazirlikka kelganingizdan beri?

RUSLANBEK DAVLETOV: Adliya mustaqilligi degan tushunchani to’g’ridan-to’g’ri tushunmasligimiz kerak. Menimcha, siz, sud tizimining mustaqilligini aytayapsiz. Sud tizimining mustaqilligi bo’yicha oxirgi bir yarim yil ichida juda katta qadamlar qo’yildi.

Sud bo’yicha, sud tizimida qiladigan ishlarimiz juda ko’p.

Birinchidan, sudyalarni joy-joyiga qo’yish tanlash tizimi umuman o’zgardi. Ijro hokimiyatiga qaramlik batamom olib tashlandi. Sudyalarni butun umri davomida sudyalik vakolatlik qilish normalari kiritildi. Avval 5 yilga, keyin 10 yilga, undan keyin umrbod tayinlanadigan bo’ldi sudyalar. Albatta, bu sudyaning mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan. Undan tashqari 2016-yilni oladigan bo’lsangiz, juda kam miqdordagi oqlov hukmlari chiqqan. 5-6 ta oqlov hukmlari chiqqan. Lekin 2017–yilga kelib, sudyalar o’zining o’rnini yaxshi tushunib, sohadagi islohotlar natijasi shundan iborat bo’lyaptiki, 300 dan ortiq oqlov hukmlari chiqarilyapti. Sud zalidan ozodlikka chiqarilganlar soni ham oshmoqda. Dastlabki tergov davomida 3500 ta odam ozodlikka chiqarilgan. Demak, tizim o’zgaryaptiki, sudyalarning mustaqilligi oshyaptiki,shu narsa bo’lyapti. Albatta bu hali davom etadi. Sud bo’yicha, sud tizimida qiladigan ishlarimiz juda ko’p.

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Man shu mavzu amerikaliklarga judayam qiziq va dolzadb, bilsangiz kerak. Mana siz bilan Prezident Mirziyoyev va Prezident Tramp uchrashuvi oldidan gaplashyapmiz. O’zbekistonda qonun ustuvorligi, adolat ta’minoti, inson huquqlari taminoti juda muhim Amerika uchun. Amerika albatta o’z qadriyatlarini targ’ib qilishda davom etishini aytayapti. Aynan shu sohalarda Amerikadan qanday yordam kutish mumkin? Chunki qiyinchiliklar, mana ko’p deyapsiz, bu sinov davri O’zbekistonga. Adliya vazirligining iqtidor darajasi qanchalik? Malaka, uquv qanchalik va Qo’shma shtatlar qanday yordam berishi mumkin?

RUSLANBEK DAVLETOV: Biz amerikalik hamkorlarimiz bilan bu to’g’risida juda ko’p muzokalar olib boramiz. Sentabrda Amerikaga kelganimizda ham yirik-yirik yuridik kompaniyalar bilan kelishuv imzolagandik. Hozir amalga oshiryapti. Siz aytayotgan kadrlar masalasi ko’ndalang turibdi. Islohotlar bo’layotgan jarayon shuni talab qilyaptiki, mutaxassislarimizning malakasini oshirishimiz kerak. Uning uchun hammani bu yerga olib kelib malakasini oshirish imkoniyati yo’q. Lekin AQSh yuridik sohada, qonun ustuvorligi bo’yicha juda rivojlangan davlat bo’lgani uchun bu yerdan biz Amerika oliy sudi, federal sudi bilan hamkorlikni yo’lga qo’yganmiz. Bugun ham mana yana ikkita kelishuv imzoladik. Unda shuni ko’zda tutilyaptiki, bu yerdagi soha ekspertlari, sohaning amaliyotchi mutaxassislari, olimlari borib bizning mutaxassislarning malakasini oshirishda bevosita ishtirok etadi.

Siz aytayotgan kadrlar masalasi ko’ndalang turibdi. Islohotlar bo’layotgan jarayon shuni talab qilyaptiki, mutaxassislarimizning malakasini oshirishimiz kerak. Uning uchun hammani bu yerga olib kelib malakasini oshirish imkoniyati yo’q.

Undan keyin, tajriba almashish nuqtai nazaridan bu yerga kelib stajirovka masalasi... Adliya vazirligining ikki xodimi masalan ikki oylik stajirovkaga kelgan. Shu yerda o’qib o’rganib yuridik sohadagi korporativ madaniyat, oxirgi o’zgarishlarni chuqur o’rganib yurishibdi. Buni biz yana kengaytiramiz, shu yo’nalishlarda amerikalik hamkorlarimiz bn ishlashimiz mumkin.

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Adliya sohasida hamkorlik qiyin kechgan O’zbekiston va Qoshma Shtatlarga, agar o’tmishni tahlil qiladigan bo’lsak. Ko’plab kelishmovchiliklar shu soha bilan bog’liq bo’lgan. Bugun siz, ishonch bilan ayta olasizmi, Amerika g’oyalaridan, Amerikaga xos prinsip va tamoyillardan O’zbekistonda tuzum xavfsiramaydi deb?

RUSLANBEK DAVLETOV: Har bitta chet eldan keladigan ekspertlar bilan gaplashganimizda ham bu masalani har doim muhokama qilamiz. Umum e’tirof etilgan xalqaro standartdlar asosida bizning ham qonunchilikgimiz shakllanishi kerak. Shu bilan birga aytolmaymiz, hamma jamiyatlar bir xil bolishi kerak deb. Har bir jamiyatning o’ziga xos tarixiy, madaniy qadriyatlari bor. Endi Amerika uchun murakkab bo’lishi mumkin. Lekin bizning jamiyatimiz shu borada rivojlanib kelgan. Bugungi kuniga, kechasi ega, madaniyati bor. U yerda yashaydigan xalqlar bor, ularning orzu havaslari, huquqlari bor. Shuning uchun ham bu borada ekspertlar bilan gaplashganimizda 100 foiz ular aytayotgan andozalarni qabul qila olmasligimizni aytamiz. Bu tabiiy hol.

E’tibor qilsangiz, Yevropa davlatlarining ichida ham, hattoki, Amerikaning o’zining shtatlarining ichida ham yondashuv bor u yoki bu masala bo’yicha. Masalan, o’lim jazosi hozirgacha ayrim shtatlarda saqlanib qolganligi, bu insoniylikka 21-asrda hozirgacha borligi ham juda katta masala. Shuning uchun bu yerda bir-birini qandaydir standardlarga o’rgatish, uqtirish emas, tajriba almashish teng sharoitda ishlash, hamkorlik qilish, bir-biridan o’rganish degan yondoshuv degan bo’lardim.

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Ko’p eshityapmiz, Amerika rasmiylari aytishadi: biz aql o’rgatmoqchi emasmiz O’zbekistonga, to’g’ri islohotlar juda nozik jarayon, biz ularning talabiga qarab qanday yordam berishni hal etmoqchimiz. Bu har holda Toshkent uchun ijobiy xabar, to’g’rimi?

... ular [AQSh] bizdan taklif kutyapri. Bu ham, albatta, munosabatlardagi rivojlanish deb bilaman.

RUSLANBEK DAVLETOV: Biz shuni kuzatyapmiz, mana bugun ham nufuzli Amerika advokatlar palatasi bilan ham uchrashganimizda, kecha federal sud markazida uchrashganimizda ham aytishyaptiki, bugungi kunda O’zbekistonga nima kerakligini o’zlaringiz yaxshi tushunasizlar. Sizlar chunki u yerda yashaysizlar. Aytganimday, bu jamiyatimizda bugungi kundagi bo’layotgan masalani, muammolarni o’zimiz yaxshi tushunamiz, shuning uchun o’zlaringiz bizga ayting, qaysi sohada yordam beraylik degan gapni aytishyapti. Bu albatta yaxshi. Ya’ni, qandaydir g’oyalarini singdirish emas, ular bizdan taklif kutyapri. Bu ham albatta munosabatlardagi rivojlanish deb bilaman. Ya’ni, bir-birimizni tushunib, yaxshi qo’llab quvvatlab, shu yo’nalishda davom etsak, o’ylaymanki, xalqimizga shunisi foydali bo’ladi.

NAVBAHOR IMAMOVA, AMERIKA OVOZI: Omad sizga!

RUSLANBEK DAVLETOV: Rahmat, sog' bo'ling!

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG