Breaking News

Amerika giyohvandlik bilan bog'liq o'lim epidemiyasini qanday yengmoqchi?


Fentanil kabi og’riq qoldiruvchi dorilar AQShda misli ko’rilmagan o’lim epidemiyasini avj oldirdi.

Qora dori dozasini oshirish mamlakat bo’ylab yiliga 47 ming kishini halok qilgan. Narkotik qabul qilish jarayoni nazoratga olinishi lozim.

Nyu-York shahrida maxsus sharoitlar bilan ta’minlangan hojatxona giyohvandlar uchun panoh maskaniga aylandi. Maqsad: Amerikani qamrab olgan fojia – giyohvandlik va dozani oshirish bilan bog’liq o’limlarning oldini olish. 2017-yilning noyabriga qadar davom etgan 12 oylik monitoring natijalariga ko’ra, narkotiklar dozasini oshirish mamlakat bo’ylab 47 ming kishini halok qilgan. Tadqiqotlarning ko’rsatishicha, Nyu-Yorkdagi bu kabi maskanlar ana shunday o’limlarning oldini olishdan tashqari, OIVga chalinish xavfini ozaytiradi hamda dozani oshirganlik uchun shoshilinch tibbiy yordam chaqiruvlari sonini kamaytiradi.

Bruklinning gavjum ko’chasida joylashgan bu klinikadan giyohvandlar inyeksion nazorat punkti sifatida foydalanishadi. U “Vokal-Nyu-York” tashkiloti tomonidan boshqariladi.

Mijozlardan har 3 daqiqada domofon orqali xabar olib turiladi. Agar javob bo’lmasa, xodim shoshilinch yordam berish uchun tayyor turadi.

“Maqsadimiz odamlar hayotini saqlab qolishgina emas, biz ularning sog’lom bo’lishini istaymiz. Giyohvandlar nafaqat jismonan, balki aqlan va ruhan davolanadigan xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo’lishi, sog’lom turmush tarziga qaytish uchun yetarli darajada salomat bo’lishi kerak”, - deydi tashkilot xodimi.

Og’riqning oldini olish vositalari va geroindan tortib Fentanil kabi kuchli og’riq qoldiruvchi dorilar AQShda dorilarning ortiqcha iste’moli bilan bog’liq misli ko’rilmagan o’lim epidemiyasini avj oldirdi.

Jefrey Fosterning aytishicha, inyeksion nazorat punktlari giyohvandlarni ko’chalar, uy zinalari, park, tom va podyezdlardan topib keladi.

“Bu yer xavfsiz joy, tashqarida himoya qiladigan kimdir borligini bilish yaxshi. O’zimni yomon his qilsam, chaqiraman yoki maxsus tugmani bosaman. Har bir kishiga imkoniyat berilishi kerak, narkotik qabul qilish yomon odam degani emas”, - deydi u.

Nyu-York meri Bil de Blazio ana shunday 4 ta profilaktika punktlarini bir yillik tajribaga qo’yish uchun shtat va jamoatchilik roziligini so’ramoqda.

Tadqiqotchilarning aytishicha, shaharning taklifi yiliga 130 o’limning oldini olish va sog’liqni saqlash sohasida 7 million dollarlik iqtisod qilish imkonini beradi.

Qarshilar fikriga ko’ra esa, mahalliy aholi bundan norozi bo’lishi, loyiha giyohvandlik “xavfsiz” degan noto’gri fikrni shakllantirishi mumkun.

“Giyohvandlikka mukkasidan ketganlarga qarab, ularga qay tarzda yordam berishimiz lozimligini ko’rib chiqish kerak. Odamlar ana shu jarlikka qulashining oldini olish lozim, profilaktika punktlari giyohvandlikka moyillikni kamaytiradi”, - deydi giyohvandlik bo’yicha prokuror Bridjet Brennen.

Tarafdorlarning aytishicha, odamlar opioidlarga qarshi kurash boy berilayotganini anglab yetishi kerak.

“Yetti yildirki, shaharda dozani oshirish bilan bog’liq o’limlar soni ortmoqda. Klinik punktlardan naf yo’q deb hisoblash xato. Biz Sog’liqni saqlash va ruhiy gigiyena departamenti, ommaviy salomatlik sohasiga ko’proq mablag’ ajratishimiz va mana shunday xavfsiz punktlarni yaratishimiz kerak”, - deydi “Vokal-Nyu-York” vakili Jeremi Saunders.

So’nggi 30 yil mobaynida Kanada, Avstraliya va Yevropa bo’ylab yuzga yaqin ana shunday xavfsizlik klinikalari ochilgan. Bunday obyektlarni tashkil qilish AQShning Filadelfiya, San-Fransisko va Sietl shaharlarida ham ko’rib chiqilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG