Breaking News

O'zbekiston aholisi 33 milliondan oshdi: iqtisodiy imkoniyatlar


O’zbekiston aholisi soni 33 millionga yetgan. Mintaqadagi eng yirik iste’mol bozori va arzon ishchi kuchi imkoniyatidan rivojlangan iqtisodiyot yaratish mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi hokimiyatdan kutilayotgan asosiy natija. Uning boshqaruvida o’tgan ikki yil davomida bu borada sezilarli natija qayd etilmagan, ekspertlarga ko’ra, bunday natijani yaqin yillarda kutish qiyin.

O'zbekiston: aholi o'sishi va iqtisodiyot
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:38 0:00

O’zbekiston arzon ichchi kuchi yetkazuvchi mamlakatdan ishchi kuchi qabul qiluvchi davlatga aylanishi uchun esa siyosiy iroda, imkoniyatlardan samarali foydalanishga qaratilgan keskin islohotlar kerak.

Toshkentda Aholishunoslik kuni nishonlangan. BMT asos solgan bu sana o’sib borayotgan dunyo aholisi taraqqiyoti va farovonligini ta’minlash bilan bog’liq tadbir. Shu munosabat bilan O’zbekiston davlat statistika qo’mitasi mamlakat aholisi 33 million kishiga yetgani haqida xabar tarqatdi.

Bu nafaqat Markaziy Osiyo aholisining deyarli yarmini tashkil etuvchi ko’rsatkich, balki iqtisod rivojlanishi uchun asosiy turtki - mintaqadagi eng yirik iste’mol bozori hamdir.

Bu ko’rsatkichga arzon ishchi kuchi yetkazuvchi asosiy davlat O’zbekiston ekanligi qo’shilsa, iqtisodiyotni yuksaltirish, ishlab chiqarishni rivojlantirish imkoniyati mintaqadagi boshqa davlatlarga nisbatan bir necha barobarga oshadi.

Ammo uzoq yillardan buyon O’zbekistonning aholi, iste’mol qobiliyati jihatidan ustunligi, asosan, ish topish ilinjida mamlakatdan chiqib ketayotgan mehnat muhojirlari qiyofasida ko’rinadi.

Mulohazalarga ko’ra, Mirziyoyev yetakchiligidagi hukumat ham hozircha bu an’anaviy qiyofani o’zgartirish qurbida emas.

O’zbekiston moliya vazirligining sobiq mutaxassisi, iqtisodchi Saparboy Jubayev bu haqda shunday deydi:

“Hamma joyda aholi soni ko’pligi iqtisodiyot rivojlanishining omili. Iqtisodda ekstensiv o’sish va intensiv o’sish atamalari bor, ya’ni ekstensiv o’sish bu aholi soni va yalpi ichki mahsulotning parallel ravishda o’sishi, intensiv o’sish esa aholidan o'sishni taqozo etmaydi, masalan, Yevropa davlatlarida aholi ko’paymayapti, lekin iqtisodiy o’smoqda. O’zbekistonda esa ekstensiv, albatta, yalpi ichki mahsulot ko’rsatkichi alohida masala, lekin bu jihatdan O’zbekiston qo’shni davlatlardan ancha ustun turadi, ya’ni aholi ko’p, iste’mol bozori katta”.

O’zbekiston mintaqadagi eng ko’p aholiga, eng yirik iste’mol bozoriga egaligi bugungi vaziyat emas, so’nggi o’n yillar davomida o'zgarmay kelayotgan ko’rsatkich, ammo hozirgacha bu ustunlikdan O’zbekiston iqtisodiyoti biror sezilarli yutuqqa erishgani yo’q.

Saparpoy Jubayevning aytishicha, masalaning mohiyati bu davrlar mobaynida O’zbekiston iqtisodiyotining yopiq shaklda qolgani, iqtisodiyotning siyosiy rejimga bo’ysundirilgani bilan bog’liq.

“Buni ochig’ini aytish kerak. Islom Karimov davrida juda katta muammolar bo’ldi, O’zbekiston iqtisodi yopiq qoldi, shuning uchun aholi soni bo’yicha ustunlik mamlakat iqtisodi rivojlanishiga yo’naltirilmadi, biz kutgan natijalarni bermadi. Buning ochig’ini aytish kerak, hech kim bilan bahslashishga ham hojat yo’q. Endi, hokimiyat o’zgardi, mana ikki yildirki o’zgarishlar bo’lyapti, bunga o’zim ham guvohman, hamma joyda qurilish, nimalardir qilinmoqda. Bu o’zgarishlar amalga oshishida esa, aholi soni ko’pligi, jumladan ishchi kuchi muammosi yo’qligi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”, - deydi Jubayev.

O’zbekiston arzon ichchi kuchi yetishtiruvchi davlatdan ishchi kuchini qabul qiluvchi davlatga aylanishi mumkinmi?

Bu savolga Saparboy Jubayev shunday javob beradi:

“Yangi hokimiyat boshlagan o’zgarishlardan natijalarni kutishga hali bor, buning uchun hali vaqt kerak. Hali imkoniyatlardan samarali foydalanishga to’siq bo’lib turgan muammolar bor. Qolaversa, prezidentimiz ham masalaga real qarayapti, Rossiyaga ish izlab ketishni yo’q qilamiz degani yo’q. Aksincha, borib ishlayotganlarning huquqlarini himoyalash, ular yuborayotgan mablag’dan samarali foydalanishga urinmoqda. Masalan, Rossiya hududlari bilan viloyatlar o’rtasida shartnomalar imzolandi, yangi ish o’rinlari topishda ko’mak ko’rsatilyapti. Maqsad bizdagi ortiqcha ishchi kuchidan samarali foydalanish, yangi hukumat vaziyatga real qaramoqda, buni qo’llab quvvatlayman. Mehnat muhojirligi oqimiga kelsak, ochig`ini aytish kerak, bu yaqin yillarda to’xtamaydi, bu bir tomondan yaxshi, chunki mintaqa yosh, o’sib bo‘rayapti, mehnat muhojirlari to’qnashayotgan muammolarni esa hukumat ikki tomonlama kelishuvlar bilan bartaraf etishga harakat qilishi kerak”.

Ayni paytda Rossiyada ikki millionga yaqin o’zbekistonlik mehnat qiladi, yana yuz minglab muhojir Qozog’istonda ekani aytiladi. Ular topayotgan mablag’ hamon aksariyat o’zbekistonliklar tirikchiligi uchun asosiy daromad bo’lib qolmoqda.

Jahon banki taqdim etgan so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, 2017-yilda O’zbekistonda yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish hajmi 18 milliard dollarga kamaygan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG